Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jomart Toqaev Astana Think Thank Forum yigʻilishida Markaziy Osiyodagi hozirgi vaziyat 10 yil oldingi vaziyatdan keskin farq qilishi, mintaqa mamlakatlari bir-biri bilan faol hamkorlik qilayotganini taʻʻkidladi. 


Qozogʻiston mintaqaviy siyosat va Markaziy Osiyodagi barcha qoʻshnilari bilan yaqin hamkorlikka mutlaqo sodiq, dedi Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jomart Astana Think Tank Forum yigʻilishida.

«Biz qanchalik keng hamkorlik qilsak, Qozogʻiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari manfaatlari uchun shunchalik yaxshi», — dedi Toqaev moderatorning mintaqaviy hamkorlik orqali oʻrta davlatlar pozitsiyasini ilgari surish haqidagi savoliga javoban.

Qozogʻiston rahbarining soʻzlariga koʻra, mintaqadagi hozirgi vaziyat «bundan 10 yil oldingi holatdan keskin farq qiladi». «Hozir bizda faol hamkorlik rivojlanmoqda, keng koʻlamli masalalar boʻyicha koʻp qirrali aloqalar yoʻlga qoʻyilgan. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari muntazam ravishda „soatlarni toʻgʻrilab oladigan“ uchrashuvlar oʻtkazmoqda. Bu uchrashuvlar juda samarali», — dedi u.

«Bizning siyosiy printsiplarimiz strategik muvozanatni mustahkamlashga qaratilgan. Oʻylaymanki, Markaziy Osiyo jahon xaritasida tobora koʻzga tashlanib bormoqda. Umid qilamanki, Markaziy Osiyodagi hamkasblarim bu fikrga qoʻshilishadi. Biz ushbu juda muhim hududning salohiyatini mustahkamlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz», — dedi Toqaev.

Uning qoʻshimcha qilishicha, mintaqaviy va oʻrta darajadagi davlatlarning ovozlari BMT Xavfsizlik kengashida eshitilishi kerak.

«Biz yanada inklyuziv va barqaror xalqaro tizimni koʻrishni xohlaymiz. Davlatlar kichik yoki katta boʻlishidan qatʻʻi nazar, yaxshiroq dunyo barpo etishga hissa qoʻshish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak», — dedi Qozogʻiston etakchisi.

Forumda Toqaev Rossiya-Ukraina urushini hal qilish masalasi boʻyicha yana bir bor fikr bildirdi. U «Rossiya harbiy jihatdan engilmas» ekanini takrorladi va rossiyaliklar prezident Vladimir Putin siyosatini qoʻllab-quvvatlashini aytdi.

«Shuning uchun biz tinch yoʻl bilan hal qilish yoʻllarini izlash zarur deb hisoblaymiz va barcha davlatlarning, jumladan, Xitoy va Braziliyaning ham real rejalarini qoʻllab-quvvatlaymiz. Boshqa yoʻl yoʻq. Muqobillik — bu oʻzaro qirgʻin urushi. Ehtimol, baʻʻzi dunyo kuchlari bundan manfaatdordir, ammo bu tubsizlikka olib boradigan yoʻl. Konstruktiv muzokaralar orqali tinchlikka intilish zaiflik belgisi emas, balki strategik aql-idrokning ifodasi», — dedi Qozogʻiston rahbari.

Mavzuga aloqador