SALOMGA ALIK OLMASLIK
CAVOL: Assalomu alaykum hurmatli ustozlar. Alloh taolo boshlagan ishlaringizni xayrli qilsin. Savolim shuki, salomga alik olmaslik gunoh deb eshitdim. Shu toʻgʻrimi?
JAVOB:
Va alaykum assalom. Salom berish sunnatdir. Salomga alik olish vojibdir. Ikki moʻmin bir-biriga duch kelganida, xoh tanish, xoh notanish boʻlsin, salom berishlari savobli ishlardan hisoblanadi.
Salomni «Assalomu alaykum» yoki «Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh» deb toʻliq aytish lozim. Javobda «Va alaykum assalom» yoki «Va alaykum assalom va rahmatullohi va barakotuh» deyiladi. Alloh taolo marhamat qiladi:
«Qachon sizlarga biror salomlashish (iborasi) bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olingiz yoki oʻsha (ibora)ni qaytaringiz. Albatta, Alloh har bir narsani hisobga oluvchi zotdir» (Niso surasi, 86-oyat).
Abdulloh ibn Horis raziyallohu anhu: «Agar bir kishi bir qavmga salom bersa, unga bir daraja fazl boʻladi. Agar qavm unga alik olmasa, farishtalar unga alik olishadi va u qavmni laʻʻnatlashadi», degan.
Agar bir kishi boshqa kishiga birovdan salom aytib yuborsa, oʻrtadagi odam salomni etkazsa, darhol javob berish vojib. Agar maktubda salom bitilsa, u holda ham javob lozim boʻladi. Baland ovozda salom beriladi va javob ham salom beruvchiga eshittiriladi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Salomni oralaringizda yoyinglar», deganlar. Zero, salom berish bilan bir-birimizga sogʻlik va tinchlik neʻʻmatlarini tilaymiz. Vallohu aʻʻlam.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
https://t.me/diniysavollar/48