28 sentyabrʻ kuni Livanning “Hizbulloh” harakati etakchisi Sayyid Hasan Nasrulloh oʻldirilgani eʻʻlon qilindi. Ertasi kuni tongda Misr gazetalaridan biri ushbu xabarni eʻʻlon qilayotgan suxandonning suratini oʻz sahifasida chop etdi. Suxandon halok boʻlgan qoʻmondonning oq-qora suratiga qarab turar, yanoqlarida motam koʻz yoshlari yaltirardi.

Mazkur xabar ostiga oʻz izohini qoldirgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri esa “Bugungi kunda mazhablar erib ulgurdi. Biz uchun faqatgina ikki yoʻl qoldi: yo qarshilik aʻʻzosi boʻlamiz yoki sionist, vassalom!” deb yozgan.

Isroilning qatliomlari qarshisida bizning tuygʻularimizni aks ettiruvchi sadolar faqatgina bu emas. Bundan tashqari bilishimiz kerak boʻlgan boshqa narsalar ham bor. Yaqin orada boshimdan kechirgan voqealar meni bu haqda fikr yuritishga majbur qildi.

Men arab mamlaktalaridan birida oʻtkaziladigan konferentsiyaga chaqirildim. Ushbu safar asnosida mehmonxonada Gʻazoga oid xabarlarni turli axborot kanallari orqali kuzatar ekanman mavjud manzaradan hayratlandim. Bu erda men kuzatmoqchi boʻlgan axborot manbalariga toʻsiq qoʻyilgan edi. Axboriy jonli efir faqatgina bitta telekanal bilan  cheklangan edi. 

Menda boshqa tanlash imkoni yoʻq boʻlgach, toʻrt kechamni mana shu kanalni kuzatishga majbur boʻldim. Ajablanarlisi ushbu kanaldagi barcha axborot va reportajlar Isroil nuqtai nazaridan yoritilayotgan edi. Propagandachilar Falastin qarshilik harakatini qoralashdan nariga oʻtishmasdi.

Shu sababli ham Qohiraga qaytib, boshqa kanallarni emin-erkin kuzatishni boshlagan paytim istar-istamas dahshatga tushdim. Oʻzimni bir dunyodan boshqa dunyoga koʻchib oʻtgandek his qildim. Koʻp oʻtmay men harakat va izlanishlarim natijasida xalqaro media maydonida Isroilning taʻʻsiri katta ekanini payqadim. Sionistlarga hamkor OAVlarning musulmonlarga zarari ham shu qadar jiddiy ekan. 

Aslida meni qoʻrqitayotgan narsa bunday minbarlarning koʻpligi emas. Chunki axborotlarni taqqoslab, asl vaziyatni tasavvur qilishimiz mumkin. Aksincha, boshqa xolis axborot manbalariga yoʻl berilmasligi, maʻʻlumotlarni parallel talqin qilishning imkonsizligi insonlarni yasama siyosiy qashlarga tobe qilib qoʻymoqda.

Shu oʻrinda kibr va sarxushlik ogʻushida aytilgan baʻʻzi iddaolar ham bor: Isroil bosh vaziri Binʻyamin Netanʻyaxu musulmonlarga qaqshatqich zarba berib, ustunlikni qoʻlga kiritganini taʻʻkidlashdan charchamayapti. Goʻyoki, Netanʻyaxu oʻzini bu dunyoda uning vahshiyliklariga toʻsqinlik qiladigan va haddini bildirib qoʻyadigan biror kuch qolmaganidek tuta boshladi. Bundan tashqari, u Yaqin Sharq xaritasi qayta chizilishini aytishdan ham tap tortmayapti. Shubha yoʻqki, Netanʻyaxuning “erkaliklari”ni bevosita Amerika propaganda mexanizmlari qoʻllab-quvvatlamoqda. U “Al-Aqso toʻfoni” operatsiyasidan soʻng eʻʻlon qilgan strategik maqsadlariga erisholmasligiga qaramay, maqtanishda davom etmoqda. Ishgʻolchi kuchlarning qoʻlidan kelgani oʻn minglab begunoh falastinliklarni oʻldirish, xoinlar yordamida Ismoil Honiya va Hasan Nasrullohga suiqasd uyushtirish boʻldi. Aslida ellik mingga yaqin musulmonni qirgʻin qilgan terror davlati xalqaro hamjamiyat tomonidan jiddiy javobgarlikka tortilishi kerak edi. Yana bir jihati, ushbu jinoyatlar bevosita AQSh texnologiyasi va bemisl yordami orqali amalga oshirildi.

Chindan, shia harakati etakchisi Sayyid Nasrullohning oʻldirilishi qarshilik harakatlari uchun qattiq zarba boʻldi. Lekin “Hizbulloh” bu yoʻqotish taʻʻsiridan tezda chiqib keta oldi. Koʻp oʻtmay Isroil kuchlari bilan yuzma-yuz keldi va ishgʻol harbiy obʻʻektlarini nishonga oldi. Qolaversa, “Hizbulloh”ning raketa hujumlari chegara boʻylab emas, Isroil hududidan yuz kilometr ichkariga yoʻnaltirildi.

Koʻplab musulmonlar shia harakatining Suriya va boshqa hududlarda yashovchi sunniylarga qarshi tajovuzlarini unutolmaydi. Lekin hozirgi paytda biz bu jamoaning HAMAS va falastinliklarga yordam berayotganini ham esdan chiqarmasligimiz kerak. Xuddi shunday Eron bilan qaysidir masalada ixtilof qilishimiz, ziddiyatga borishimiz mumkin, biroq Falastin masalasida fors davlatini ayblashimiz nooʻrin. Ayniqsa, ummat zaiflashib, zulm ostidagi birodarlariga arzirli yordam bera olmayotgan bir paytda...

Bundan tashqari, Telʻ-Aviv oʻzining gʻarazli maqsadiga erishish yoʻlida oʻnlab yillar davomida arab dunyosiga ularning asl dushmani Isroil emas, Eron ekanligini uqtirib keldi. Shuningdek, sunniylar va shialar oʻrtasidagi ziddiyatlarni kuchaytirish uchun tinmay harakat qildi. 

Masalaning boshqa tomoniga nazar tashlasak, sionistlarning shia harakati ichigacha kirib bora olgani ishgʻol tuzumi gʻalaba deb atayotgan jinoyatlarini amalga oshirishiga katta yordam beryapti. Ayniqsa yarim asrdan beri Isroilning tajriba maydoniga aylangan Bayrutdagi voqealar bunga yaqqol misol boʻladi.

Shu oʻrinda musulmonlar HAMAS harakati rahbari Yahyo Sinvardan minnatdor boʻlish lozim. Chunki Sinvar oʻz vaqtida dushmanini yaxshi tanib, 1988 yilda – hibsga olinishidan avval harakat xavfsizlik tizimini ishlab chiqdi va musulmonlar safini xoinlardan tozalashga katta ahamiyat berdi. Bu chora yahudiy davlatining HAMAS ichkarisiga uzatilgan qoʻllarini chopdi va qarshilik harakatining eng qaltis vaziyatlarda muvaffaqiyatga erishishini taʻʻminladi.

Hozirda Isroilni radikal oʻngchilar boshqarayotgani barchaga maʻʻlum. Ularning yuzi boʻlmish Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir buyrugʻi bilan ikki yuz mingdan ziyod qurol-yarogʻ Gʻarbiy Sohildagi yahudiylarga tarqatilgani ham buni tasdiqlaydi. Achinarlisi, bu ishda sionistlarga Falastin hukumati kuchlari koʻmaklashgan.

Oqibatda jazavaga tushgan yahudiy radikallarining Falastin qishloqlariga hujumi ikki baravarga oshgan. Isroil rasmiylari esa Nildan Furotgacha boʻlgan “arzi-mavʻʻud – vaʻʻda qilingan er”ni egallash toʻgʻrisidagi oʻy-xayollarini jamoatchilikdan yashirmayapti. Shu bois “Al-Aqso toʻfoni” operatsiyasi Isroilning “Tavrotchi” partiyalarini junbushga keltirdi. 

Bosqinchilar oʻzlarining maxfiy rejalari ustida izlanishlar olib borib, ularni moliyalashtirmoqda. Hozirda sionistlar Koʻrfaz mintaqasiga koʻz tikkan hamda bu erlarga egalik qilish uchun hudud aholisini boshqa musulmonlardan begonalashtirish siyosatini yurgizmoqda.

Bu esa bizni Hasan Nasrullohning oʻldirilishiga boshqa tomondan qarashga undaydi. Eʻʻtiborlisi, ushbu suiqasd Isroilning harbiy, strategik hamda razvedka salohiyatini erga urgan hamda sionistlarning axloqiy qiyofasi naqadar jirkanchligini fosh etgan “Al-Aqso toʻfoni” dan qariyb bir yil oʻtib uyushtirildi. Shu vaqt mobaynida falastinliklar bosqinchilarga qarshi matonatli kurash olib borishdi. Mazkur holat Isroil terror davlatining mavjudligiga tahdid sola oladigan yangi avlod dunyoga kelganidan darak berdi.

Shu bois fashistlar muammo HAMASda emas, falastinliklarning mavjudligida degan qarorga kelishdi. Ular Oslo kelishuvini buzib, Liviya bilan oʻzaro dengiz chegaralarini belgilab olish bitimini bekor qilishdi va falastinliklar bilan kelishishga olib boruvchi barcha yoʻllarni berkitishdi. Sionist rasmiylarining siyosiy nutqlarida ikki davlat oʻrtasida kelishuvga erishish haqida mutlaqo gapirilmayotgani ham buning nishonasidir.

Isroilning Gʻazo, Rafah va Gʻarbiy Sohilda amalga oshirayotgan genotsidi hamda Bayrutning janubiga hujumi fashistlar bosqinining soʻnggi bosqichi emas. Ular “Hizbulloh”ni kuchdan qoldirishni, Iroq va Janubiy Yamandagi qarshilik ovozlarini oʻchirishni istashadi. Eron ushbu zanjirning soʻnggi halqasi boʻlib, unga beriladigan zarba qarshilikning moliyaviy hamda harbiy taʻʻminotini uzish degani. Agar bu amalga oshadigan boʻlsa, nafaqat qarshilik kuchlariga zarar etadi, balki Eronning yadroviy dasturi ham oxiriga etmay qoladi. Oqibatda na birlashish chaqirigʻi yangraydi va na Isroil jinoyatlariga yarasha jazo oladi. Arab dunyosi boʻlsa oʻzining tomoshabinlik oʻrindigʻiga qaytib, sionistlarning baʻʻzi harakatlarini tilda qoralashdan nariga oʻtmaydi. Lekin ishonchim komil, bosqinchilar oʻz maqsadiga erishsa, bugun tomoshabin boʻlib oʻtirgan arab diyorlaridagi musulmonlar boshiga ham falastinliklarning kuni tushadi.


Fahmi Huvaydi, misrlik yozuvchi va jurnalist

Mavzuga aloqador