Deizmga koʻra inson kim, qaerdan kelgan va qaerga ketmoqda?
Sakkizinchi darsimiz ham yana bir deist bilan suhbat koʻrinishida kechadi. Unga savollarimiz bor:
– Inson kim, qaerdan keldi, qaerga ketmoqda?
– Bu olam nima uchun yaratildi?
– Bu olamning egasi boʻlmish Zot bizdan nima istaydi?
– Nima uchun bizga buncha sezgi va jihozlar ato etilgan?
– Berilgan neʻʻmatlar evaziga U Zotga qanday shukr qilishimiz kerak va U Zotning muhabbatini qanday qozonamiz?
– Nega mavjudotlar har xil ranglar bilan bezatilgan, har biri turli ranglarga boʻyalgan va har biriga turfa shakllar berilgan?
– Shuncha harakat sarflangan yaratiqlar nega bir necha kun yoki bir necha haftadan keyin oʻladi? Urinishlar bekorga ketmaydimi?
– Bu olamda davomli yangilanish bor. Kelgan qolmaydi, tezda ketadi, oʻrniga boshqasi keladi. Buning sababi nima?
– Bu olamning marhamatli egasi ofatlarga, xastaliklarga va boshqa balolarga nega yoʻl qoʻyib beradi?
– Oʻlimdan keyin nima bor?
Shu kabi oʻnlab savollarimiz mavjudki, aqlning ularga javob topishi mushkul. Topganida ham toʻgʻriligini isbotlolmaydi. Toʻgʻri javoblarni bizga faqat vahiyga mazhar paygʻambarlargina bera oladi.
Oʻzing oʻylab koʻr: bizga marhamati ila muomala qilgan yaratguvchimiz bu savollarning ichimizni tirnashiga va har on aqlimizni band etishiga izn beradimi? Agar bersa, nima uchun? Paygʻambar yuborish U Zot uchun shu qadar mushkul ishmiki, bizni bunday javobsiz soʻrovlar bilan yuzma-yuz qoldirib, aqlimizni davomli ravishda band qilsin?
Yoʻq, bu sen ishonganday boʻlmaydi. Bizni aslo bunday savollar bilan yolgʻiz qoldirmaydi, aqlimizni, fikrimizni ular bilan mashgʻul etmaydi. Paygʻambarlarini yuboradi, kitoblarini tushiradi va bizni qiziqtirgan har bir savolning javobini oʻrgatadi. Bu esa U Zotning rahmati, adolati va hikmatidandir.