Shavvol oyi va uning olti kunlik roʻzasi
Mana, alhamdulillah, Allohning inoyati bilan Ramazon hayitini ham eson-omon nishonladik. Bu Ramazon ketdi, ibodatlar toʻxtadi degani, emas, albatta. Hozir Ramazondan keyin keladigan shavvol oyida turibmiz. Shavvol hijriy-qamariy taqvimning oʻninchi oyidir. Bu muborak oyning fazilatlari juda koʻp. Quyida ulardan baʻʻzilari bilan tanishamiz.
Alhamdulillah, muborak Ramazon oyini yana bir bor kuzatdik.
Alloh taolo unda vaʻʻda qilingan ajru savoblarga, fayzu barakotlarga Oʻzi
erishtirgan boʻlsin! Alloh taoloning marhamati tufayli muborak Ramazonning fayzu
futuhlari hamon qalbimizda. Parvardigori olam uni kelasi Ramazongacha davomli
qilsin, koʻp marotaba ushbu muborak oyga sogʻ-omon etib, undagi fazilatlardan
bahramad boʻlaylik! Zero, Ramazonda tutgan roʻzasi maqbul boʻlgan kishilar yil
davomida shu oyning fayzu barakotidan bahramand boʻlib yuradilar. Egamiz barchamizga
shunday hayot kechirishni nasib qilsin! Zero, Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan
rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday
marhamat qilganlar:
صيام رمضان إلى رمضان كفارة ما بينهما
“...Ramazon oyida tutilgan roʻza keyingi Ramazongacha (boʻlgan
gunohlarga) kafforatdir” (Imom Tabaroniy rivoyati). Zotan, Ramazon oyi qadriga
etgan, uning fazilatlaridan bahramand boʻlgan kishi, albatta, uni yana kelishini
intizorlik bilan kutadi. Chunki bir ibodatni ado etib, keyingisiga mushtoq boʻlib
kutish haqiqiy moʻmin sifatidir. Muallo ibn Fazl rahimahulloh aytadi: «Salafi
solihlar Ramazon kelmasidan olti oy oldin Allohdan bu oyga etkazishini soʻrab duo
qilishar, Ramazondan keyin esa, yana olti oy bu muborak oyda bajargan
ibodatlarining maqbul boʻlishini tilab iltijo etishar edi». Shunday qilib, u zotlar
yil davomida Ramazon haqida qaygʻurar ekanlar. Demak, bu muborak oyning fazli
naqadar yuksak ekaniga dalolatdir.
Mana, alhamdulillah, Allohning inoyati bilan Ramazon hayitini
ham eson-omon nishonladik. Bu Ramazon ketdi, ibodatlar toʻxtadi degani, emas,
albatta. Hozir Ramazondan keyin keladigan shavvol oyida turibmiz. Shavvol
hijriy-qamariy taqvimning oʻninchi oyidir. Bu muborak oyning fazilatlari juda
koʻp. Quyida ulardan baʻʻzilari bilan tanishamiz:
I. Iydul fitr. Hijriy taqvim boʻyicha shavvol oyining
birinchi kuni Ramazon hayiti bayramidir. Anas roziyallohu anhu aytadilar:
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida, u erda aholining
oʻyin-kulgi qilib nishonlaydigan ikki kuni bor ekan. U zot soʻradilar: “Bu ikki
kun qanday kunlar?” Ular: “Biz johiliyatda bu ikki kunni bayram qilib, unda
oʻynar edik”, deyishdi. Shunda u zot marhamat qildilar:
إِنَّ اللَّهَ قَدْ أَبْدَلَكُمْ بِهِمَا خَيْرًا مِنْهُمَا يَوْمَ
الأَضْحَى وَيَوْمَ الْفِطْرِ
“Alloh sizlarning bu kunlaringizni ulardan koʻra yaxshiroq
boʻlgan ikki kun – Qurbon va Fitrga almashtirib berdi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
II. Haj ibodatiga tayyorgarlik. Bu oy haj ibodatiga
tayyorgarlik koʻrish mavsumidir. Haj Islom arkonlaridan biri hisoblangan ulugʻ
ibodat ekani maʻʻlum. Zero, mukammal bajarilgan hajning mukofoti jannatdir. Unga
etishish har bir moʻmin-musulmon orzusi. Buning uchun, haj ibodatidan oldin alohida
hozirlik koʻrib, unga doir ahkomlarni, shariat koʻrsatmalarini koʻnt bilan oʻrganish
va amalda tadbiq etish kerak. Bu oy esa, aynan shunga qulay fursatdir.
III. Uylanish. Xalqimiz orasida «ikki hayit orasida
nikoh toʻyi qilib boʻlmaydi» degan notoʻgʻri, asosi yoʻq tushuncha bor. Holbuki,
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam ikki hayit orasida, aynan, shavvol
oyida hazrat Oysha onamiz roziyallohu anhoga uylanganlar. Demak, ikki hayit
orasida toʻy qilish mumkin, hatto mustahabdir.
IV. Olti kun nafl roʻza tutish. Shavvolning aynan
Ramazondan keyin kelishining boisi Ramazon roʻzasiga bevosita bogʻliqligi uchundir.
Zero, bu oyda sogʻligʻi va imkoni bor kishilar nafl roʻza tutsalar, ularga Alloh
taolo koʻplab ajru mukofotlar berishini vaʻʻda qilgan. Jumladan, Abu Ayyub Ansoriy
(roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam
dedilar:
من صام رمضان ثم أتبعه بست من شوال كان كصوم الدهر
“Kim Ramazon roʻzasini tutib, soʻng ketidan shavvoldan olti kun
roʻza tutsa, yil boʻyi roʻza tutgandek boʻladi” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Hadisi sharifdan maʻʻlum boʻlishicha, shavvol oyida roʻza tutishning
qator foydalari bor. Quyida ular bilan tanishamiz:
1. Shavvolning olti
kunida roʻza tutishning foydalaridan biri shuki, har yili ushbu hadisi sharifga amal
qilgan odam umr davomida roʻza tutganlik savobini qozonar ekan. Ulamolar Ramazon
roʻzasidan keyin shavvol oyida olti kun roʻza tutgan kishiga bir yil davomida roʻza
tutganlik mukofoti berilishini bunday tushuntirishgan: “Maʻʻlumki, shariatimizda
hijriy-qamariy taqvim asosida hisob-kitob qilinadi. Shunday ekan, bir
hijriy-qamariy yil taqriban 360 kundan iborat. Shunda, oʻttiz kun Ramazon roʻzasi
oʻnga koʻpaytilganda 10 oy, yaʻʻni, 300 kun oʻrniga oʻtadi. Shavvol oyining olti kun
roʻzasining oʻn barobari esa 60 kun, yaʻʻni, 2 oy boʻladi. Qoʻshib hisoblaganda, 360
kun (bir yil)ni tashkil qiladi. Natijada, kishi butun yil boʻyi roʻza tutgandek
boʻladi. Zero, Alloh taolo Qurʻʻoni karimda bunday marhamat qiladi:
مَنْ جَاءَ بِالْحَسَنَةِ فَلَهُ عَشْرُ أَمْثَالِهَا
“Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga oʻn barobar
(koʻpaytirib yozilur)...” (Anʻʻom surasi, 160-oyat).
Demak, Ramazondan keyin shavvol oyida ham roʻza tutish
fazilatli ulugʻ ekan. Buning hikmati oʻlaroq, moʻmin-musulmonlar Ramazondan boshqa
paytlarda ham roʻza tutib, yanada koʻproq ajr-savobga erishishlari, qolaversa,
Ramazon kelishidan oldin, unga tayyorgarlik koʻrish maqsadida Shaʻʻbon oyida oʻzlarini
roʻzaga oʻrgatib, ham jismonan, ham ruhan tayyorgarlik koʻrganlari singari,
shavvolda ham bir oy davomida roʻza tutishga koʻnikkan ichki aʻʻzolar endi
asta-sekinlik bilan taom isteʻʻmoliga moslashishi uchun hamdir. Shunday yoʻl tutish
inson ruhiga ham, jismiga ham koni foyda. Zero, tabiblar shavvolda birdan oʻzini
ovqatga urishni tavsiya qilishmaydi. Balki, ovqat isteʻʻmolini asta-sekinlik bilan
koʻpaytirishni taʻʻkidlashadi.
Bu olti kunlik roʻzani shavvol oyining ikkinchi kunidan boshlab
tutish mumkin. Zero, shavvol oyining birinchi kuni Ramazon hayiti boʻlgani uchun
unda roʻza tutish taqiqlanadi. Shuningdek, Iydul fitrdan soʻng darhol roʻza tutish
ham shart emas, balki shavvol oyi davomida tutsa, joiz. Ramazon oyi davomida
baʻʻzi kunlarining roʻzasini tuta olmagan kishilar, avval oʻsha kunlarning qazosini
ado etib, soʻng olti kunlik roʻzani tutsalar, ayni muddao boʻladi. Ammo, bu oyda
olti kunlik nafl roʻzani tutib, Ramazondan qolgan qazolarni undan keyin yoki
boshqa oylarda tutsalar ham zarari yoʻq. Lekin ulamolarning tavsiya qilishlaricha,
shavvol oyida tutiladigan olti kunlik nafl roʻzani ketma-ket emas, balki har
haftada ikki kundan tutish fazilatdir. Ayniqsa, dushanba va payshanba kunlari
tutilsa, nur ustiga nur boʻladi. Zero, bu kunlarda tutilgan roʻzaga qoʻshimcha
qilib, oʻsha kunlardagi roʻza tuganlik ajri ham yoziladi, inshaalloh. Bundan
tashqari, qazo boʻlgan roʻzalarni ham mazkur oyda tutish bilan bu muborak oydagi
fazilatlarga erishiladi.
2. Shavvolning olti
kunida roʻza tutishning yana foydalaridan biri shuki, u Ramazon roʻzasidagi yoʻl
qoʻyilgan kamchilik-nuqsonlarga kafforat boʻladi. Zero, beayb Parvardigori olam.
Banda kamchilik va xatolardan xoli emas. Bu xuddi farz namozlar ortidan oʻqilgan
sunnat namozi kabidir. Ushbu sunnatlar farzda bilib-bilmay yoʻl qoʻyilgan
kamchiliklarni bartaraf qiladi. Qiyomat kuni bandaning nafl ibodatlari uning
farz-vojib amallarda yoʻl qoʻygan nuqsonlarini toʻldiradi. Zotan, Paygʻambarimiz
sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar:
إن أول ما يحاسب الناس به يوم القيامة من أعمالهم الصلاة قال يقول
ربنا جل وعز لملائكته وهو أعلم انظروا في صلاة عبدي أتمها أم نقصها فإن كانت تامة كتبت
له تامة وإن كان انتقص منها شيئا قال انظروا هل لعبدي من تطوع فإن كان له تطوع قال
أتموا لعبدي فريضته من تطوعه ثم تؤخذ الأعمال على ذاكم
“Insonlar qiyomat kuni amallari ichida eng birinchi hisob-kitob
qilinadigani namozdir. Rabbimiz azza va jalla Oʻzi yaxshi bilsa-da, farishtalarga
qarata: “Bandamning namoziga qaranglar-chi, u toʻla-toʻkis ekanmi yoki
nuqsonlimi?" deb aytadi. Agar (bandaning namozi) mukammal boʻlsa, unga
mukammal deb yoziladi, agar unda biror kamchilik boʻlsa, Alloh: “Karanglar-chi,
bandamning biror-bir nafl ibodati bor ekanmi?" deydi. Agar uning nafl
ibodatlari boʻlsa, Alloh: “Bandamning farz amallarini uning nafl (ibodatlar)idan
olib toʻldiringlar", deydi. Soʻnra (uning qolgan) amallari ham shu yoʻsinda
qabul qilinadi" (Imom Abu Dovud rivoyati).
3. Shavvolning olti
kunida roʻza tutishning yana foydalaridan biri shuki, bu oʻz mohiyati bilan musulmon
kishining roʻzadan zerikmaganiga, balki unga ragʻbati kuchliligidan dalolat qiladi.
Zero, bu oydagi roʻzaning hikmati haqida Ibn Rajab rahmatullohi alayh bunday
degan: “Ramazon oyidan keyin roʻza tutib yurishga odatlanish – Ramazon oyi
roʻzasining qabul boʻlgani belgisidir. Chunki Alloh taolo bandasining biror
amalini qabul qilsa, undan keyin uni (boshqa) solih, xayrli ishlarga boshlaydi,
davomli qiladi”.
V. Tarixiy voqealar. Islom tarixida bu muborak oyda
juda koʻp hodisalar yuz bergan. Jumladan, manbalarda shu oyda boʻlib oʻtgan
voqealarning eng mashhuri oʻlaroq Rasululloh sollallohu alayhi va sallam
paygʻambarlikning oʻninchi yili toifliklarni Islomga chorlash uchun, Toif tomonga yoʻl
olib, safar davomida juda ogʻir mashaqqat va qiyinchiliklarga duch kelganlari tilga
olinadi. Maqola juda choʻzilib ketmasligi eʻʻtiboridan mazkur voqea tafsiloti va
boshqa boʻlib oʻtgan hodisalar haqida toʻxtalmadik. Ular haqida toʻliq maʻʻlumot
olmoqchi kishilar Islom tarixi oid manbalarga murojaat qilishlari tavsiya etiladi.
Alloh taolo barchamizni Ramazon oyi va shavvol oyining
fazilatlaridan bahramand qilsin. Omin!
Tolibjon QODIROV tayyorladi.