Falastin inson huquqlari tashkiloti yirik onlayn platformalar va texnologiya gigantlarining falastinliklarga nisbatan genotsidda faol ishtirok etayotganini fosh qildi. Dunyo Gʻazodagi dahshatlarni jimgina kuzatayotgan bir paytda, bu raqamli hamkorlar musulmonlarning huquqlari toptalishini bajonidil qoʻllamoqda. Hisobotda taʻʻkidlanishicha, Meta, X, YouTube va texnologiya gigantlari Google hamda Amazon kabi platformalar ushbu qirgʻindan foyda olish barobarida amalda raqamli bulut pardasi ostida urush jinoyatlarini xaspoʻshlamoqda.

Topilmalar neytrallik niqobi ostida yirik texnologiya kompaniyalari tsenzura, dezinformatsiya va zoʻravonlikka undashning faol ishtirokchisiga aylanganining dahshatli dalili hisoblanadi. Ular Isroilning harbiy harakatlarini qoʻllab-quvvatlovchi muhim infratuzilmani taqdim etib, oʻz platformalarini qurolga aylantirishga imkon berdilar. Shuningdek, falastinliklarning ovozini oʻchirib, xalqaro hamjamiyatda sionistlarga nisbatan xayrixohlikni vujudga keltirish ustida ishlayapti. Bu platformalarning hamkorligi shunchaki eʻʻtiborsizlik emas, balki foydani inson huquqlaridan ustun qoʻyadigan ongli qaror qabul qilish, desak toʻgʻri boʻladi.

Falastinliklarning ovozini oʻchirish tizimi

2023 yil oktyabrdan 2024 yil iyulgacha Meta, Instagram, X va TikTok kabi yirik platformalarda 1350 dan ortiq tsenzura holatlari qayd etildi. Bu platformalar nomutanosib ravishda falastinlik jurnalistlar, faollar va inson huquqlari himoyachilarini nishonga oldi – ayniqsa ushbu jarayonda Meta kompaniyasi etakchi qoidabuzar boʻldi. Tsenzura turli shakllarda amalga oshirildi: hisoblar toʻxtatildi, kontentni oʻchirib tashlash odatiy holga aylandi va Falastinni yoqlovchi fikrlarni tarqatish jiddiy cheklandi.

Ushbu tsenzurada Meta manipulyativ algoritmining oʻzgarishi birlamchi rolʻ oʻynadi. Hisobotda aytilishicha, Isroilning Gʻazodagi agressiyasi chogʻida Meta Falastin kontentini taqiqlash chegarasini pasaytirish, filʻtrlarining aniqligini kamaytirish va keraksiz olib tashlashlarni boshlash uchun kontentni moderatsiya qilish siyosatini oʻzgartirdi. Falastin kontenti uchun qoidabuzarliklarga qarshi Meta filʻtrlari bor-yoʻgʻi 25 foiz aniqlikda ishladi. “Vaqtinchalik xavflarga javob choralari” deb ataladigan bu choralar hech qachon bekor qilinmadi, bu esa falastinlik kontent yaratuvchilarni haddan tashqari tekshirishga olib keldi. Bu alohida hodisa emas – bu marginal ovozlarni pasaytiradigan va eng zarur boʻlgan paytda axborotning erkin oqimiga toʻsqinlik qiladigan hisob-kitobli, kamsituvchi siyosatdir.

7amleh – Ijtimoiy tarmoqlarni rivojlantirish boʻyicha arab markazining hisobotida keltirilishicha, Meta’ning soʻz erkinligini himoya qilish boʻyicha bajarilmagan vaʻʻdalari, shuningdek, noxolis kontent moderatsiyasi falastinliklar uchun vaziyatni yanada ogʻirlashtiryapti. Human Rights Watch allaqachon Meta kompaniyasining urush paytida sionistlar foydasiga ishlagani, Facebook va Instagram’dagi 1050 dan ortiq kontent olib tashlangani uchun qoralagan edi. Deyarli barcha holatlarda ushbu tsenzura mazlumlar yoki Falastin tarafdori boʻlgan kontentlarga qarshi qoʻllanilib, zoʻravon, musulmonlarga nisbatan dushmanchilik kayfiyatidagi kontentlarga cheklovsiz rivojlanish imkonini berdi. “Falastinni ozod qiling”, “Genotsidni toʻxtating” va “Oʻt ochishni toʻxtating” kabi fikrlar Meta’ning “spam” qoidalariga muvofiq olib tashlandi. Bunday adolatsizlik juda xavfli, qonuniy siyosiy nutqni boʻgʻuvchi ikki tomonlama standartni aks ettiradi.

Platformalar genotsid vositasi sifatida

Hisobotda onlayn platformalar shunchaki betaraf forumlar emas, balki genotsidga undash vositasiga aylangani aniq koʻrsatilgan. 2023 yil oktyabrdan 2024 yil iyulgacha zararli kontent, jumladan, qirgʻinga undash kabi 3300 dan ortiq holat hujjatlashtirilgan, ularning aksariyati X va Facebook'da mavjud edi.

Bu platformalar yuqori darajadagi isroillik amaldorlar va boshqa foydalanuvchilarga falastinliklarni yoʻq qilishga ochiqdan-ochiq daʻʻvat qilish, ularni "chala-odamlar", "hayvonlar" va undan ham yomoni gʻayriinsoniylashtirish imkonini berdi. Bu genotsid ritorikasi internetning noaniq burchaklari bilan cheklanib qolmadi. U jamiyat standartlari va inson huquqlariga sodiqligini daʻʻvo qilayotgan platformalar tomonidan targʻib qilindi, kuchaytirildi va eʻʻtirozsiz qoldirildi.

Misol uchun, 2023 yil dekabrʻ oyida Quddus meri oʻrinbosari X’da ommalashgan postida koʻzi bogʻlangan falastinlik mahbuslarni “chumolilar” deb taʻʻriflagan va ularni tiriklayin koʻmishga chaqirgan. Bu post oxir-oqibat olib tashlangan boʻlsa-da, unga oʻxshash son-sanoqsiz boshqa postlar saqlanib qolmoqda.

Bu platformalar nafaqat soʻz erkinligini himoya qilish vazifasini bajarmayapti, balki genotsid targʻibotining tarqalishiga faol koʻmaklashmoqda.

2023 yilning oktyabridan noyabrigacha Isroil hukumati Meta’dan 9500 dan ortiq kontentni olib tashlash boʻyicha soʻrov joʻnatgan va bularning 94 foizi bajarilgani hayratlanarli. Urush jinoyatlarini faol sodir etayotgan davlat bilan osh-qatiqlik ushbu kompaniyalarning axloqiy chegaralari xususida jiddiy tashvish uygʻotadi. Meta’ning bunday talablarni shaffoflik va javobgarliksiz bajarishga qaror qilishi yanada chuqurroq muammoni ochib beradi: demak, puli toʻlab qoʻyilsa, bu platformalar zulm qurollariga aylanishga tayyor ekan.

“Nimbus” loyihasi va qotillikning avtomatlashtirilishi

Google va Amazon kompaniyalarining Isroil armiyasi bilan “Nimbus” loyihasi doirasidagi hamkorligi ushbu urushda texnologiya sanoati begunoh goʻdaklar va ayollarning qonini toʻkishga xizmat qilganini anglatadi. Hisobotda taʻʻkidlanishicha, 1,2 milliard dollarlik bulutli hisoblash shartnomasi Isroilning sunʻʻiy intellektga asoslangan “Lavender” va “Gospel” nishonga olish tizimlarini quvvatlantirish uchun muhim infratuzilmani taʻʻminlaydi – bu tizimlar esa tinch aholining ommaviy qatlida ishtirok etadi.

Ayniqsa, “Lavender” tizimi avtomatlashtirilgan qotil sifatida ishlaydi: katta hajmdagi maʻʻlumotlar asosida nishonlarni aniqlab, ularni Isroil armiyasining bombardimon kampaniyalariga yuboradi. Jumladan, birgina “Lavender” tizimining oʻzi 37 mingdan ortiq potentsial nishonlarni aniqlagan va minglab tinch aholi – ayollar va bolalarning oʻlimiga sabab boʻlgan. Ushbu ommaviy nishonga olishni osonlashtirish uchun bulut xizmatlarini taqdim etish orqali Google va Amazon musulmonlarning qatliomida bevosita ishtirok etyapti. Gʻazoda tinch aholi qurbonlari soni oshib borayotgan bir paytda, ikkala kompaniya ham Isroilning “Nimbus” loyihasi doirasidagi harbiy operatsiyalarda qatnashyapti.

Nafrat tili va dezinformatsiya

Hisobotda koʻpincha Isroil rasmiy shaxslari boshchiligida va onlayn platformalar tomonidan kuchaytiriladigan nafratli nutq va dezinformatsiyalar toʻfoni hujjatlashtirilgan. Telegram, X va YouTube’da gʻayriinsoniy kontentni tizimli ravishda tarqatishni oʻz ichiga olgan kampaniyalar Gʻazo hududida ham, butun dunyo boʻylab tarqalgan falastinliklarga ham qaratilgan. Hisobotda faqatgina X platformasining oʻzida falastinliklarga qarshi ibroniy tilida uch millionta zoʻravonlik mazmunidagi post qayd etilgan boʻlib, ularning aksariyati Isroil hukumati tomonidan muvofiqlashtirilib tarqatilgan.

Ehtimol, eng tashvishli holat Isroil hukumatining STOIC nomli taʻʻsir operatsiyasidir. Bu operatsiya AQSh va Kanada qonun chiqaruvchilarini nishonga olib, Yaqin Sharqdagi Falastin qochqinlariga yordam koʻrsatuvchi BMT agentligi (UNRWA) faoliyatini obroʻsizlantirish uchun sunʻʻiy intellekt yordamida yolgʻon xabarlar tarqatadi. Ushbu kampaniya soxta maʻʻlumotlar orqali UNRWA’ning moliyalashtirilishini toʻxtatishga va falastinliklarga koʻrsatilayotgan muhim insonparvarlik yordamini uzib qoʻyishga olib keldi. Bu shunchaki moderatsiya muammosi emas, balki ushbu platformalar bosqinchilarning musulmonlarga qarshi quroliga aylantirilishi misolidir.

Genotsiddan foyda olish: urush jinoyatlari fonidagi reklama

Tekshiruv natijalariga koʻra, Facebook falastinparvar faollarni oʻldirishga va falastinliklarni Gʻarbiy Sohildan majburiy koʻchirishga chaqiruvchi reklamalarni joylashtirgan. Meta bu kampaniyalardan foyda olgan va shu tariqa Gʻazoda sodir etilayotgan inson huquqlari buzilishlarida sheriklik qilgan.

Shu bilan birga, YouTube Isroil hukumatining Gʻazodagi harbiy harakatlarini qoʻllab-quvvatlash uchun jamoatchilik fikrini oʻzgartirishga qaratilgan grafik tasvirli reklamalarni namoyish etdi. YouTube'ning zoʻravonlik mazmuniga qarshi siyosatiga qaramasdan, bu reklamalar ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa, Evropa va AQShda keng tarqalib, terrorizm bilan kurashish niqobi ostida urush jinoyatlarini odatiy holatga aylantirishga xizmat qildi.

Jinoyatlarga javob berish vaqti kelmadimi?

Ushbu hisobot natijalari xalqaro hamjamiyatni haqiqat va adolat tomonida turishga undashi lozim. Endilikda yirik texnologik kompaniyalarning tinch aholi qirgʻiniga koʻmak berishi, noaniq siyosati va soʻz erkinligini boʻgʻishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Meta, X, YouTube, Google va Amazon kabi kompaniyalarning bu vahshiyliklarga sherikligi eʻʻtiborga olinishi va ular javobgarlikka tortilishi shart. Bu platformalar haqiqatning xolis hakamlari emas, balki foyda koʻzlovchi korporatsiyalardir. Ular genotsid rejimlariga moslashishga tayyor va agar bu ularga foyda keltirsa, millionlab odamlarning azob-uqubatlariga koʻz yumadi. Hisobotda taʻʻkidlanganidek, butun dunyo bu kompaniyalardan falastinliklar oʻlimidan foyda olishni toʻxtatishni talab qilishi vaqti keldi.

Ziyod Motala, Govard universiteti huquq maktabi professori



Mavzuga aloqador