Gʻazo boʻyicha aloqa guruhi yoxud musulmonlarning kuni ikkiyuzlamachi rahbarlarga qoldimi?
Isroilning Gʻazoga qarshi genotsid urushi boshlanganidan bir oy oʻtgach, Saudiya Arabistoni Qirolligi Arab Davlatlari Ligasi (ADL) va Islom Hamkorlik Tashkiloti (IHT)ning favqulodda qoʻshma sammitini chaqirdi. Yigʻilishdan koʻzlangan maqsad Isroil bosqinini toʻxtatish va falastinliklarni qoʻllab-quvvatlashdan iborat edi.
Ar-Riyodda toʻplangan jami 57 ta davlat etakchilari bir kunlik muzokaralardan soʻng, amalga oshirish mexanizmiga ega boʻlmagan, ancha uzun, anʻʻanaviy uslubda yozilgan qarorni qabul qildi.
Qarorga koʻra, Saudiya, Iordaniya, Misr, Qatar, Turkiya, Indoneziya, Nigeriya va Falastin tashqi ishlar vazirlari ADL va IHT bosh kotiblari bilan birgalikda urushni toʻxtatish uchun xalqaro harakatlar tashabbusini ishlab chiqadigan boʻldi. Bu guruh – Gʻazo boʻyicha aloqa guruhi deb nom oldi. Deyarli bir yil oʻtdi – Isroil 42 mingga yaqin falastinlikni oʻldirdi, 95 mingdan ortiq kishini yaraladi. Gʻazo sektorining butun aholisi, yaʻʻni 2,3 million kishi ochlik, sargardonlik va oʻlim xavfi qarshisida qoldi. Hududning muttasil bombardimon qilinishi oqibatida sektordagi binolarning 80 foizidan ortigʻi vayron boʻldi. Urush hamon davom etyapti va oʻldirilgan falastinliklar soni ham koʻpayib bormoqda. Ustiga ustak, AQSh homiyligidagi Isroilning buzgʻunchilik harakatlari butun mintaqaga, jumladan Livanga ham yoyildi. 23 sentyabrʻ kuni Isroil qiruvchi samolyotlarining shiddatli bombardimoni oqibatida qariyb 500 nafar livanlik hayotdan koʻz yumdi.
Afsuski shu davr mobaynida Aloqa guruhi oʻz hukumatlarining urushni toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarorini amalga oshirish boʻyicha biron-bir jiddiy chora koʻrmadi. Isroil Gʻazodagi bolalar, ayollar va keksalarni qirgʻin qilishda davom etar ekan, davlat rahbarlari rasmiy suratga tushish, qizgʻin uchrashuvlar va quruq gapdan nariga oʻtishmadi.
13 sentyabrʻ kuni Ispaniya hukumati tomonidan tashkil etilgan Madrid konferentsiyasida ishtirok etgan etakchilar, aytilaverib siyqasi chiqqan, biroq sionistlar tomonidan butunlay rad etilgan “mojaroni toʻxtatishning yagona yoʻli – ikki davlat echimi” ekanligini aytish uchungina yigʻilishdi. Ushbu uchrashuv ham 2023 yil may oyida Ispaniya Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olish boʻyicha dadil qadam tashlashi va vayronkor urushga barham berish maqsadida tashkil qilingandi.
Biroq IHT va ADLga aʻʻzo davlatlarning Falastin masalasida jamoaviy va individual pozitsiyalarini chuqurroq oʻrganish haqidagi qarorlari tashkilotlarning alohida taʻʻsis hujjatlarida belgilangan tamoyillarga nisbatan sharmandali va uyatli qarama-qarshiligini butun dunyoga namoyish etdi. Ularning individual va guruhli pozitsiyalari targʻibot maqsadlarida ogʻzaki xizmatdan boshqa hech narsa emasligini koʻrsatdi. Falastindagi urush fonida aksariyat musulmon davlatlari hukumatlarining munofiqona xatti-harakatlari fosh boʻlib qolmoqda. Aslida aparteid davlati – Isroil tashkil etilganidan beri ushbu davlatlar rahbarlari oddiy musulmonlarga nisbatan ikkiyuzlamachilik va hurmatsizlikka asoslangan anʻʻanani davom ettirib kelishmoqda. IHT va ADLga aʻʻzo davlatlar rahbarlari doimo Falastinni ham diniy, ham tarixiy jihatdan qadrlashlarini taʻʻkidlab, amalda buning aksini qilishyapti.
Masalan, Gʻazo boʻyicha aloqa guruhi orasida faqat Indoneziya, Saudiya Arabistoni va Qatar Isroil bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatmagan. Qolganlari allaqachon aparteid davlati bilan yaqin aloqada. Misr esa 1979 yildayoq Isroil bilan tinchlik shartnomasini imzolagan edi.
Agar musulmonlarni boshqarayotgan rahbarlar Falastin va Gʻazodagi genotsidni toʻxtatishga jiddiy kirishganlarida edi, ular jimjimador bayonotlardan chekinib, yanada aniqroq pozitsiyani egallashardi. Ikkala tashkilot ham BMT aʻʻzolarining uchdan bir qismini va 1,8 milliarddan ortiq musulmonlarni oʻzida jamlaydi. Endi bu kuchdan samarali foydalanilsa, qanday natijalarga erishish mumkinligini tasavvur qilavering. Afsuski tashkilotlar va aʻʻzo davlatlar rasmiylari buning oʻrniga Gʻarbdan Isroilni toʻxtatishni soʻramoqda.
Misol uchun, ikki tashkilot soʻnggi 12 oy davomida butun dunyo boʻylab Isroilning vahshiyliklaridan gʻazablangan musulmonlar bilan birga aparteid davlatini boykot qilish boʻyicha global kampaniyani boshlashi mumkin edi. Diplomatik jihatdan, IHT-ADL davlatlari oʻz poytaxtlaridan Isroil diplomatlarini chiqarib yuborishi, ushbu mamlakatlardagi Isroil elchixonalarini yopishi va Isroil hech boʻlmaganda Gʻazodagi genotsidni toʻxtatmagunicha, ular himoya qilayotgan ikki davlat echimini qabul qilmagunicha sionistlar bilan har qanday aloqani taqiqlashi kerak edi.
Iqtisodiy jihatdan ikkala guruh birgalikda ulkan kuchga ega. Bu tashkilotlarga dunyodagi eng yirik neftʻ ishlab chiqaruvchi davlatlar ham aʻʻzoligini inobatga olsak, aslida ular oʻlim mashinasini harakatga keltirishi uchun Isroilga yoqilgʻi bermasligi shart edi.
Afsuski, IHTga kiruvchi davlatlar va ADL aʻʻzolarining uchdan bir qismi hanuz Telʻ-Aviv bilan iqtisodiy aloqalarini saqlab qolmoqda. Bu esa Gʻazodagi genotsidni va Livandagi urushni bilvosita moliyalashtirishga tengdir. Agar Isroilning gʻarbiy ittifoqchilarini qurol-yarogʻ etkazib bergani uchun ayblash mumkin boʻlsa, IHT-ADL guruhlari ham ularga teng sherikdir.
Ikki tashkilot aʻʻzolari va Isroil oʻrtasidagi yillik umumiy savdo aylanmasi milliardlab dollarni tashkil etadi. Misr va Isroil oʻrtasidagi savdo hajmi 2 milliard dollardan oshishi taxmin qilinmoqda. Birlashgan Arab Amirliklarining yahudiy davlati bilan savdosi hajmi esa 2022 yildan beri 16 foizga oʻsgan. Vaholanki, Isroilning qolgan dunyo bilan iqtisodiy almashinuvi oʻtgan yili Gʻazoga qarshi urush boshlanganidan beri jami 18 foizga kamaygan edi.
Bundan tashqari, hukumatlar Falastinlik qochqinlarga gʻamxoʻrlik qiluvchi BMT agentligi UNRWA’ni Vashingtonning qovogʻiga qaramay, toʻliq moliyalashtirishlari mumkin edi. UNRWA’ning umumiy byudjeti 1,6 milliard dollarni tashkil etadi, bu IHTni tashkil etuvchi 57 mamlakat oʻrtasida taqsimlansa, unchalik ham katta mablagʻ emas.
Ming afsuski bunday boʻlmadi. Kelgusida ham Gʻazo boʻyicha aloqa guruhi koʻplab uchrashuvlar oʻtkazsa ajab emas. Isroil esa muslimalardan tortib, begunoh goʻdaklargacha qiraveradi.