Toshkentda boʻlib oʻtgan biznes-forumda Quvayt kompaniyalariga Oʻzbekistondagi mingdan ortiq davlat korxonalarini xususiylashtirish dasturida ishtirok etish, shuningdek, Oʻzbekiston logistika infratuzilmasini rivojlantirishda qatnashish imkoniyatlarini koʻrib chiqish taklif qilindi. Konchilik, energetika, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va sogʻliqni saqlash kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

Toshkentda Oʻzbekiston va Quvayt oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan biznes-forum boʻlib oʻtdi, deya xabar bermoqda uzdaily.uz.

Forumda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Akram Aliev Quvayt kompaniyalari bilan sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, turizm kabi yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalar amalga oshirilayotganini taʻʻkidladi. Aliev Oʻzbekiston va Quvayt oʻrtasidagi hamkorlik yangi tarmoqlarni qamrab olgan holda yanada kengayishi, sarmoya va qoʻshma tashabbuslar uchun yanada keng imkoniyatlar ochishiga ishonch bildirdi.

Forum davomida konchilik, energetika, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, logistika va sogʻliqni saqlash kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Oʻzbekistonda Quvayt tadbirkorlari uchun ochilayotgan sarmoyaviy imkoniyatlar, jumladan, mingdan ortiq davlat kompaniyalarining xususiylashtirish dasturida ishtirok etishiga alohida eʻʻtibor qaratildi. Ushbu dastur mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlash va xorijiy sarmoyalarni jalb qilish yoʻlidagi strategik qadam sifatida koʻrilmoqda.

Quvaytlik hamkorlarga Oʻzbekiston logistika infratuzilmasini rivojlantirishda ishtirok etish imkoniyatlarini koʻrib chiqish taklif etildi. Taqdimotlar davomida transport-logistika imkoniyatlari Markaziy Osiyoni Evropa va Osiyo mintaqalarini bogʻlovchi muhim global savdo markaziga aylantirish salohiyatiga ega ekanligi taʻʻkidlandi. Bu, oʻz navbatida, xalqaro savdoning yangi yoʻnalishlarini yaratishi va mintaqada iqtisodiy oʻsish uchun qoʻshimcha istiqbollarni ochishi aytildi.

Forum ishtirokchilari ikki tomonlama savdo aloqalarini mustahkamlash muhimligini qayd etib, faol tajriba va texnologiyalar almashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yangi qoʻshma korxonalar tashkil etish boʻyicha takliflar bildirildi.

Shu tariqa, Toshkentdagi biznes-forum Oʻzbekiston va Quvayt oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish borasidagi istiqboldagi qadamlarni muhokama qilish va belgilash uchun muhim maydonga aylandi. Tomonlar iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridagi hamkorlik bundan buyon ham kengayib borishiga, har ikki davlatning barqaror rivojlanishiga va xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi, deyiladi xabarda.

Mavzuga aloqador