Qurilish maydonlariga ishchi yollash uchun Oʻzbekistonga kelgan Isroil delegatsiyasi quruq qaytdi
Isroilning The Marker nashri Isroildagi qurilish ishlariga ishchilar yollash uchun Oʻzbekistonga uchib kelgan Isroil rasmiy delegatsiyasi “hech kimsiz uyiga qaytganini” yozmoqda.
“Isroil Uy-joy qurilishi vazirligi ikki tomonlama kelishuvlardan tashqari xorijiy ishchilar olib kirish kvotasini 20 ming kishigacha oshirishni soʻramoqda. Qoʻshimcha ishchilar sonini xususiy kompaniyalar orqali Uy-joy qurilishi vazirligi va Pudratchilar uyushmasi koʻmagida olib kirish rejalashtirilmoqda. Isroilning ishchi kuchini Hindiston, Oʻzbekiston va Shri-Lanka kabi davlatlardan ishchi yollash toʻgʻrisidagi kelishuvlar asosida toʻgʻridan-toʻgʻri urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi”, - deb yozadi nashr.
The Marker nashri Isroil delegatsiyasi aʻʻzolariga tayanib, mahalliy hokimiyat idoralari turli byurokratik bahonalar bilan isroilliklarning ishini falaj qilib qoʻygani, ishchilarni yollashga imkon bermaganini taʻʻkidlaydi.
Xabar qilinishicha, Isroil rasmiy delegatsiyasi ham Hindistondan ishchilarsiz qaytgan, hindistonlik nomzodlar Isroil pudratchilar uyushmasi imtihonidan oʻta olmagan. Xususiy pudratchilar Hindistonda 5400 ishchi yollashga muvaffaq boʻlishgan, biroq ular qogʻozbozlik tufayli kelasi oygacha etib borishi kutilmayapti.
2023 yil 7 oktyabrdan keyin Isroil turli sohalarda, jumladan, qurilish sohasida ishchilarning keskin tanqisligiga duch keldi. Avvalroq, turli manbalarga koʻra, Isroilda 76 mingga yaqin falastinlik qurilish ishlariga jalb qilingan. Shuningdek, urushdan oldin mamlakat fermer xoʻjaliklarining qariyb 20 foizini tashkil etgan falastinlik ishchilarning kirishini taqiqladi. Bundan tashqari, 10 mingga yaqin xorijlik qishloq xoʻjaligi ishchilari, asosan, Tailand fuqarolari Isroilni tark etgan. Isroilning Hindiston, Oʻzbekiston va Shri-Lanka bilan ikki tomonlama mehnat shartnomalari boʻyicha muzokaralar olib borishga urinishlari turli sabablarga koʻra muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
2022 yil iyulʻ oyi oxirida Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ikki davlat hukumatlari oʻrtasida Oʻzbekiston fuqarolarini mehnat bozorining ayrim tarmoqlarida vaqtinchalik ishga joylashtirish toʻgʻrisidagi bitim imzolangani haqida xabar bergan edi.