Bombalanayotgan Gʻazo: 379-kunning asosiy voqealari
Isroil Gʻazo sektorida bosqinchilik va qirgʻinbarot urushini boshlaganiga 379 kun boʻldi. 24 soat davomida Gʻazo sektori, Iordan daryosining Gʻarbiy sohili hamda butun Yaqin Sharq hududida sodir boʻlgan asosiy voqealar.
▪️Bosqinchilar Jabaliya, Burayj, Magazi va Rafah lagerlariga hujum qildi. Urush boshlanganidan buyon 42,5 ming kishi shahid boʻldi.
▪️Falastin, Iordaniya, Ummon, Misr va boshqa musulmon mamlakatlardagi masjidlarda HAMASning shahid etakchisi Yahyo Sinvar uchun gʻoyib namoz oʻqildi.
▪️Jabaliya lageri qamalining 15-kunida bosqinchilar qirgʻin uyushtirdi. 33 kishi halok boʻldi. Lagerda elektr va aloqa uzilgan. Ikki haftalik qamal davomida 450 kishi halok boʻldi.
▪️Gʻazo Sogʻliqni saqlash vazirligi: Toʻxtovsiz otishmalar tufayli oʻnlab shahidlarning jasadlari Jabaliya koʻchalarida yotibdi. Qamal tufayli bir necha tinch aholi uylarida ochlik va tashnalikdan halok boʻldi.
▪️Indoneziya kasalxonasi direktori: Isroil tanklari kasalxonani toʻliq oʻrab oldi. Kasalxonaning ikkinchi va uchinchi qavatlari oʻqqa tutilgan.
▪️Hizbulloh 21 ta harbiy amaliyot oʻtkazdi. Xayfa, Safad, Kiryat Shmona shaharlariga zarbalar berildi, Aita ash-Shab hududidagi bir guruh askarlar yoʻq qilindi. Tel-Avivda ertalab sirenalar yangradi.
▪️Husiylar Fors koʻrfazida Megapolis yuk kemasiga hujum qildi.
▪️BMT maxsus maʻʻruzachisi Francheska Albanese: Tinch aholini qatl etish Gʻazodagi tizimli ishgʻol amaliyotining bir qismidir.
▪️Iordaniya armiyasi kiyimidagi ikki kishi Isroil chegarasiga kirishga urindi: 2 ishgʻol askari yaralandi, hujumni amalga oshirgan odamlar shahid boʻldi