08.02.2024 11:20

Amerikalik shaxs bir guruh musulmonlarga pichoq bilan hujum qildi

AQShda Bert Jeyms Beyker ismli shaxs Falastinni qoʻllab‑quvvatlab oʻtkazilgan namoyishdan qaytayotgan amerikalik musulmonlarga pichoq bilan hujum qilib, ulardan birini jarohatladi. Amerika-Islom munosabatlari kengashi unga nisbatan nafrat bilan bogʻliq jinoyatda ayblov qoʻyishga chaqirdi.

Amerika-Islom munosabatlari kengashi (CAIR) AQSh huquq-tartibot idoralarini Texasning Ostin shahrida Falastinni qoʻllab‑quvvatlab oʻtkazilgan namoyishdan qaytayotgan yosh amerikalik musulmonlarga hujum qilgan Bert Jeyms Beykerga nisbatan nafrat bilan bogʻliq jinoyatlarda ayblov qoʻyishga chaqirdi.

IslamNews nashrining Middle East Monitor saytiga tayanib xabar berishicha, 4 fevralʻ kuni toʻrt nafar amerikalik musulmon Falastinni qoʻllab-quvvatlovchi mitingdan uyga qaytayotganda, Beyker ulardan falastinliklarning kufiya bosh kiyimi va “Falastinga ozodlik” yozuvi tushirilgan bayroqni tortib olmoqchi boʻlgan.

Jabrlanganlarning soʻzlariga koʻra, Beyker odobsiz haqoratlar bilan baqirgan, soʻng mashina yoʻlovchilariga jismoniy hujum qilgan. Hujum chogʻida u pichoqni chiqarib, yigitlardan birining koʻkragiga sanchgan va qovurgʻasini sindirgan. Pichoq jarohati bilan kasalxonaga yotqizilgan musulmon yigitning hayotiga hozirda hech qanday xavf yoʻq.

“Biz ushbu ochiq nafrat harakatini keskin qoralaymiz. Hech kim mashinasida Falastin ramzi tushirilgan buyumlar boʻlgani uchun nishonga olinmasligi kerak. Falastinga qarshi irqchilik va islomofobiyaga Texasda ham, mamlakatning hech bir joyida oʻrin yoʻq”, dedi Dallasdagi CAIR direktori Mustafa Kerroll.

Mavzuga aloqador