Anqaradagi Prezident saroyida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Muzokaralar davomida hukumatlar oldiga tovar ayirboshlashni 5 milliard dollarga etkazish, jumladan, Imtiyozli savdo bitimi doirasida mahsulot turlarini kengaytirish vazifasi qoʻyildi. Istanbul shahrida Oʻzbekistonning savdo vakolatxonasini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Muzokaralar davomida Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish, koʻp qirrali hamkorlikni, avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda chuqurlashtirish masalalariga alohida eʻʻtibor qaratildi.

Hozirgi ikki tomonlama hamkorlik yuksak surʻʻatda davom etayotgani, barcha darajalardagi aloqalar va almashinuvlar shiddati mamnuniyat bilan qayd etildi.

Qayd etilishicha, tashrif arafasida biznes forumi muvaffaqiyatli oʻtkazilib, uning natijasida sanoat, "yashil" energetika, elektrotexnika, toʻqimachilik, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi va boshqa yoʻnalishlarda, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik dasturi doirasida yangi loyihalarning katta portfeli shakllantirildi.

Hukumatlar oldiga tovar ayirboshlashni 5 milliard dollarga etkazish, jumladan, Imtiyozli savdo bitimi doirasida mahsulot turlarini kengaytirish vazifasi qoʻyildi. Istanbul shahrida Oʻzbekistonning savdo vakolatxonasini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Davlat rahbarlari raisligidagi Oʻzbekiston-Turkiya Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingani mamnuniyat bilan taʻʻkidlandi. Uning birinchi yigʻilishi bugun boʻlib oʻtadi.

Qishloq xoʻjaligi, suv resurslarini boshqarish va raqamlashtirish sohalarida oʻzaro manfaatli sheriklikni kengaytirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Xavfsizlik va mudofaa, terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash va muvofiqlashtirish zarurligi taʻʻkidlandi.

Tomonlar faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga kelishib oldilar. Taʻʻlim, sogʻliqni saqlash, turizm va sport sohalarida hamkorlik masalalariga alohida eʻʻtibor qaratildi. Ikki davlat fuqarolarining bordi-keldisi uchun eng qulay sharoitlarni yaratish zarurligiga alohida eʻʻtibor qaratildi.

Oʻzbekiston va Turkiya rahbarlari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalarini, jumladan, Afgʻonistondagi vaziyatning rivojlanishini ham koʻrib chiqdilar.

Mavzuga aloqador