Deistlar oxiratni inkor etishi mumkinmi?
Toʻqqizinchi dars va yana bir deistga murojaat qilamiz:
– Sen imon keltirgan Alloh odilmi yoʻqsa (zinhor-bazinhor!) zolimmi?
Menimcha, zolim boʻlgan ilohga imon keltirmaysan va yaratguvchining odil ekanini qabul qilasan.
Albatta, yaratguvchimiz nihoyatda odil. Biroq, koʻrib turibmizki, inson foniy dunyoda bu adolatning haqiqatiga etisha olmaydi. Bu dunyoda zolim izzatda, mazlum zillatda yashaydi. Holbuki, haqiqiy adolat mazlumning haqi olinishini va zolim jazolanishini istaydi. Buning amalga oshishi uchun esa oxirat kelishi kerak. Agar oxirat boʻlmasa, adolat ham boʻlmaydi. Odil Zot Rabbimiz esa bunday adolatsizlikka aslo yoʻl qoʻymaydi.
Demak, Allohning adolatiga imon oxiratning borligiga imon keltirishni talab etadi. Agar oxirat mavjud boʻlsa, paygʻambarlar kelishi va samoviy kitoblar tushirilishi kerak. Zero, nima savob, nima gunoh ekanini faqat paygʻambarlar bildiradi. Ular boʻlmagan vaqtda samoviy kitoblar oʻrgatadi. Zotan, deistlar oxiratni tan olishsa, paygʻambarlarni va samoviy kitoblarni ham qabul qilishga majbur boʻlishlari sababli oxiratni inkor etishadi.
Xulosa shuki: Alloh odildir, adolati oxiratning mavjudligini talab qiladi. Oxiratning mavjudligi esa bizga narigi dunyoni anglatadigan va abadiy dunyodagi saodatga sabab boʻladigan amallarni oʻrgatadigan paygʻambarlar hamda kitoblarni talab etadi. Shunday ekan, ayta olamizki:
* Allohni inkor etolmagan kishi Uning adolatini ham inkor etolmaydi. Chunki Alloh Allohdir va albatta odildir, U Zotga zulm yarashmaydi.
* Allohning adolatini inkor etolmagan kishi esa oxiratni inkor etolmaydi. Zero, Alloh modom odilmi, mazlumning haqini zolimdan oladi. Agar bu dunyoda tom maʻʻnoda olmayotgan boʻlsa, boshqa bir olamda albatta olajak. U olamning nomi esa oxirat diyoridir.
* Oxiratni inkor qilolmagan kishi paygʻambarlarni va samoviy kitoblarni inkor qilolmaydi. Zero, modom oxirat olami bor ekan, unda paygʻambarlar va kitoblar boʻlishi kerak. Toki u olamni bizga tanitsin, bizni ogohlantirsin va nima mumkinu nima mumkin emasligini bildirsin. Demak, paygʻambarlarning mavjudligi Allohning va adolatining mavjudligi kabi aniqdir.