09.10.2024 09:44

Qozogʻiston AES qurilishini beshtagacha davlat ishtirokida tuziladigan xalqaro konsortsiumga topshirmoqchi

Qozogʻiston hukumati AES qurilishida beshtagacha davlat kompaniyalarini oʻz ichiga olgan konsortsium tuzilishini maʻʻlum qildi. AES loyihasini ishlab chiqish jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan siyosiy xavflar ham koʻrib chiqiladi.

Qozogʻistonda AES qurilishi beshtagacha davlatni oʻz ichiga olgan konsortsium tomonidan amalga oshiriladi. Bu haqda Zakon.kz mamlakat bosh vaziri oʻrinbosari Roman Sklyarga tayanib xabar bermoqda.

«AES shunchaki bitta obʻʻektdan tashkil topmaydi, u turli mamlakatlar etakchilik qiladigan bir butun boshli inshootlardan iborat boʻladi. Shu sababli loyihalash jarayonida turli mamlakatlardan eng yaxshi texnologiyalarni olish vazifasi turibdi. Shunga koʻra, ushbu stantsiya qurilishi boʻyicha turli kompaniyalar — subpudratchilar ishtirok etadi. Bunday jahon tajribasi allaqachon mavjud, chunki yadroviy orolni bir davlat, turbinani boshqa davlat, himoyalangan yoki yopiq tarqatish inshootlarini esa uchinchi davlat va hokazo quradi», — dedi Sklyar.

«Ammo bularning barchasi birgalikda yaxshi samara beradi. Biz qaysidir bitta etkazib beruvchiga, bitta pudratchiga yopishib olmasligimiz, amaliyot koʻrsatganidek, ancha samarali ishlaydigan konsortsium yaratishimiz kerak», — deya taʻʻkidladi Sklyar.

U loyihani ishlab chiqish jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan siyosiy xavflar hukumat tomonidan koʻrib chiqilishini maʻʻlum qildi.

«Agar shunday holatlar yuzaga kelsa, unda turli kompaniyalar, turli mamlakatlar bilan tuzilgan shartnomalarda sanktsiyalar bandi deb ataladigan narsa nazarda tutiladi», — deya taʻʻkidladi Sklyar.

Konsortsiumga kim aʻʻzo boʻlishi kelasi yil aniq boʻladi, deya qoʻshimcha qildi bosh vazir oʻrinbosari. Unga koʻra, texnik-iqtisodiy asosni tayyorlash uchun bir yil, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash uchun esa 1,5 yil vaqt ketadi.

«Bu eng qisqa muddat. Keyin qurilish boshlanadi. Masʻʻuliyat juda katta, chunki AES xavfsizligi birinchi oʻrinda turadi. Albatta, mamlakatimizda ishlayotgan IES va har qanday obʻʻekt ham xavfsiz boʻlishi kerak. Ammo AESda xavfsizlik alohida ustuvor ahamiyatga ega. Qaysi kompaniyalar qaysi davlatlardan boʻladi, biz hali bu savolga javobni bilmaymiz», — dedi Sklyar.

Eslatib oʻtamiz, 6 oktyabrʻ kuni Qozogʻistonda AES masalasi boʻyicha referendum boʻlib oʻtdi. Ovoz berish natijalariga koʻra, atom stantsiyasi qurilishini saylovchilarning 70 foizdan ortigʻi (5,6 million kishi) qoʻllab-quvvatlagan.

Mavzuga aloqador