16.04.2024 16:30

Dadamni yaxshi koʻr! Xuddi men seni yaxshi koʻrgandek...

Kunboʻyi ishxonada yugur-yugurlar koʻpaydi. Kamiga ancha vaqt sarflab qilgan ishim boshligʻimizga yoqmadi... Bir uyum kamsitishlar ila noʻnoqlikda aybladi.

Uyga qaytyapman. Qattiq asabiylik oqibatimi yoki xayolim qochdimi yoʻldagi "tanish chuqurchani" koʻrmay qolib mashinaning gʻildiragini rasvo qildim.

Uyga kelsam ovqat qilinmagan ustiga ustak ayolim ham betob. Unga ovozim boricha baqirdim va jahl bilan yotoqqa kirib yotib oldim. Xayolimda faqat rahbarning asabiy koʻrinishi va aytgan gaplari...

Shu payt, uch yoshli oʻgʻlim kelib "dadajon mashinangizni mingim kelyapti", degancha, ustimga oʻzini otdi (odatda shunday qilishi menga juda ham yoqardi). Uni ustimdan uloqtirib "yoʻqol koʻzimdan" deb oʻshqirgancha xonadan chiqarib yubordim. U yigʻlab-yigʻlab onasini yoniga ketdi.

Oradan qancha vaqt oʻtdi bilmayman, koʻzim ilingan ekan. Soat tungi 01:00. Oʻgʻlim jajji qoʻllari bilan yuzimdan silab, biroz qoʻrquv bilan uygʻotdi: "Dadajon xuftonni oʻqimay uxlab qolibsiz". Qarasam qoʻlida joynamoz. Biroz bir-birimizga tikildik. Oʻgʻlimning koʻzida maʻʻyuslik va mehr qalqib turibdi. Borib tahorat oldim, oʻgʻlim esa joynamoz koʻtargancha ortimdan ergashib yurdi. Uning qoʻlidagi joynamozni olib, namoz oʻqishni boshladim.

Bir mahal oʻgʻlim oyoqlarim orasiga kirib: "Allohim dadamni xafa qilganlarni yaxshi odamga aylantir, dadamni yaxshi koʻr, xuddi men seni yaxshi koʻrgandek", deya, ovoz chiqarib duo qildi...

Men esa yigʻidan oʻzimni toʻxta olmadim, hatto, soqolim va koʻylagim hoʻl boʻlib ketdi…

Saidabror Umarov

Mavzuga aloqador