09.04.2024 09:20

Hayitlik (hikoya)


Junayd SUAVI

Keksa odam bolalar kiyim-kechak doʻkoni vitrinasiga uzoq tikilib turdi-da, sal nariroqda oʻynayotgan bolalar orasidan ozgʻinrogʻiga qarab:

‐ Kichkintoy! - deya ovoz berdi.   Menga yordam berasanmi?

Bola oʻrtoqlaridan ayrilib, amaki tomonga keldi. Bolakay 7-8 yoshlar chamasida, ustidagi kiyimlari qoʻl tegsa, uvalanib ketadigan darajada uniqqan edi. Keksa amaki bolaning sochlarini silab:

‐ Vitrinadagi kiyimni kiysang, degandim, dedi. Koʻraylik-chi, senga loyiq kelarmikan? Bola bu taklifni avvaliga hazil xayol qildi. Ammo qarshisidagi insonni nihoyatda jiddiy qiyofada koʻrib, soʻzsiz unga itoat etdi. Bolakay notanish amaki bilan doʻkonga kirar ekan, avval bu voqealar tushida roʻy bermayotganini, soʻng bugunga qadar hech yangi kiyim kiymaganini oʻyladi. Doim katta akasining kiyimlari yoki qoʻshnilar bolalariga sigʻmay qolgan kiyimlarni kichik akasi kiyar, unga etib kelgunicha shalvarlarning tizzalari yirtilib, koʻylaklar rangi uniqib ketardi. Ammo bemor boʻlsa-da, oilasini taʻʻminlash uchun mashaqqat bilan pul topayotgan dadasini yaxshi koʻrardi. Shuning uchun ham ota-onasiga yangi kiyim deb xarxasha qilmasdi. Bugun birinchi marta yangi kiyim kiyadi. Boz uch kundan soʻng hayit bayrami. Bolakay keksa amaki olib bergan kiyimni kiyib koʻrganida, katta boʻlib qolganini payqadi. Chiziqli matodan tikilgan shalvar oyoqlarining uzunligini, bejirim pijdak esa elkalarining kengligini namoyon qilgandi. Ularning ustidan kiygan chiroyli palto ham bolakayni koʻrkam yigitchaga aylantirdi. Endi sovqotmayotgandi. Boyagina oʻrtoqlari bilan oʻynaganida yutib olgani oshiqlarni paltosining choʻntagiga qoʻyib, zavqlandi.

Qariya bolani oʻngu soʻlga aylantirib, koʻrdi-da, kiyimlarni oʻrab berishlarini soʻrab, doʻkondorga:

—           Bu kiyimlarni nevaramga oldim, — dedi. Nevaramga kutilmagan sovgʻa qilmoqchi boʻldim. Shuning uchun kiyimlarni bu bolaga kiydirib koʻrdim. Nevaramning boʻy-basti shu bolaga oʻxshaydi, - degan edi, bola bir zumda boshidan tosh bilan urilgandek zarbani his qildi. Nima deyishni bilmay qoldi bir muddat. Ammo biroz oʻyladi va endi katta boʻlganini, oʻksingani bildirish yaxshi emasligini mulohaza qildi. Koʻzguga oxirgi marta bir qur koʻz tashlab, ustidagilarni echib bir burchakka irgʻitib, oʻzining eski kiyimlarini kiydi. Erkak kiyimlar nevarasiga loyiq kelishiga ishonib, mamnun jilmayib qoʻydi. Xizmati uchun bolaga shokolad puli bermoqchi boʻlib qaragandi, bolakay koʻrinmasdi.

Bolakay oʻrtoqlarining yoniga qaytdiyu, bir burchakka oʻtib ularning oʻyinini tomosha qilib oʻtirdi. Har qancha chaqirishmasin, oʻrtoqlarining oʻyiniga qoʻshilmadi.

— Nega oʻyinga qoʻshilmayapsan? soʻradi oʻrtoqlari.- Axir, eng chiroyli oshiqlarni yutib olganding-ku?

Bolakay inju kabi yosh sizilayotgan koʻzlarini oʻrtoqlaridan yashirishga urinib:

—           Oshiqlarim egnimdagi eski kiyimlarga yarashmaydigan darajada chiroyli edilar. Shuning uchun ularni hayitlik paltoimning choʻntagiga yashirib qoʻydim, deya javob berdi...

Turk tilidan Umida ADIZOVA tarjimasi

Mavzuga aloqador