Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Afgʻonistonning Oʻzbekistondagi diplomatik missiyasi yangi rahbari Abdul Gʻaffor Teraviyni qabul qildi. Uchrashuvda, jumladan, ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirish, foydalanilmayotgan salohiyatni roʻyobga chiqarish, yangi loyihalarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

9 oktyabrʻ kuni tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Afgʻonistonning Toshkentdagi diplomatik missiyasi yangi rahbari Abdul Gʻaffor Teraviyni qabul qildi, deya xabar qildi Oʻzbekiston TIV matbuot xizmati.

«Tomonlar Oʻzbekiston va Afgʻoniston aloqalarini har tomonlama rivojlantirish, ishlatilmagan salohiyatni roʻyobga chiqarish, ikki mamlakat xalqlari manfaatlariga xizmat qiladigan yangi loyihalar ishlab chiqish zarurligini taʻʻkidladi», — deyiladi xabarda.

Abdul Gʻaffor Teraviy Oʻzbekiston tomonidan koʻrsatilayotgan doimiy yordam uchun Afgʻoniston nomidan minnatdorlik bildirdi.

«Mamlakatlarimiz oʻrtasadagi mushtarak tarix va farovonlik manfaatlari barcha sohalardagi hamkorlik aloqalarimizni rivojlantirishga turtki boʻlib xizmat qilmoqda. Bugungi uchrashuvimiz davomida ikki tomonlama, mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qildik», — dedi Baxtiyor Saidov Telegram-kanalida.

Tolibon Abdul Gʻaffor Teraviy Afgʻonistonning Oʻzbekistondagi elchi etib tayinlanganini avgust oyi oxirida maʻʻlum qilgandi.

Mavzuga aloqador