29.05.2024 10:06
Qozogʻiston Xitoydan Evropaga yuk tashishni 2 baravarga qisqartiradigan kelishuvni ratifikatsiya qildi
Qozogʻiston parlamenti Xitoy bilan Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishini rivojlantirish toʻgʻrisidagi bitimni ratifikatsiya qildi. Kelishuv tufayli Xitoydan Evropaga yuk tashishning umumiy tezligi hozirgi 19-23 kundan 12-13 kungacha qisqaradi.
Qozogʻiston parlamenti yalpi majlisida Qozogʻiston va Xitoy hukumatlari oʻrtasida Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishini rivojlantirish toʻgʻrisidagi bitimni ratifikatsiya qildi, deb xabar berdi Kazpravda.kz.
Hujjatda taʻʻkidlanganidek, qonun Qozogʻiston va Xitoy Xalq Respublikasi hukumati oʻrtasida Pekin shahrida tuzilgan Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishini rivojlantirish toʻgʻrisidagi Bitimni ratifikatsiya qilishga qaratilgan. Undan koʻzlangan maqsad Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishi boʻylab mulʻtimodal transportni rivojlantirishdir.
Unda asosan, Qozogʻiston va Xitoy hududlari boʻylab yuklarni tashish uchun qulay shart-sharoit yaratadigan avtomobilʻ, dengiz va temir yoʻl transportining afzalliklaridan foydalanish taklif etilmoqda.
“Ushbu kelishuv Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishi boʻylab yuk tashish hajmini oshirishga va Qozogʻiston va Xitoy oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirishga yordam beradi”, deyiladi xulosada.
Kelishuv tufayli Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishi boʻylab yuklarning tranzit vaqti ikki barobarga qisqaradi. Xitoydan Evropaga yuk tashishning umumiy tezligi 12-13 kungacha qisqaradi.
Hozirda Xitoydan Evropaga tovarlar tranziti 19 kundan 23 kungacha davom etadi, shundan Qozogʻiston hududi orqali 6 kun.