Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi Buyuk Britaniyada boʻlib oʻtgan «Kembriya patruli» xalqaro musobaqasida oʻz guruhida birinchi, umumiy hisobda ikkinchi oʻrinni egalladi. Oʻzbek harbiylari 70 kilometrdan ortiq masofani tabiiy va taktik toʻsiqlarni engib, kimyoviy va biologik tahdid sharoitida muvaffaqiyatli bosib oʻtishdi.

4−7 oktyabrʻ kunlari Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi Uelʻsda (Buyuk Britaniya) oʻtkazilgan «Kembriya patruli» xalqaro harbiy musobaqasida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» axborot agentligi.

Qayd etilishicha, musobaqada 30 dan ortiq mamlakatlardan, jumladan, Buyuk Britaniya, AQSh, Frantsiya, Hindiston, Germaniya, Latviya, Qozogʻiston, Turkmaniston, Italiya va boshqa davlatlardan 100 dan ortiq jamoa ishtirok etgan.

Har bir jamoa 70 kilometrdan ortiq masofani bosib oʻtib, eng murakkab tabiiy va taktik toʻsiqlarni enggan. Har 8−10 kilometrda marshrutning turli joylarida ishtirokchilar kimyoviy va biologik tahdid sharoitida harakat qilish, hujum operatsiyalari va murakkab joylarda yoʻnalishni topish kabi jangovar vazifalarni bajargan.

Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi oʻz guruhida 13 ta jamoa orasida birinchi oʻrinni egalladi. Ular barcha bosqichlarda muvaffaqiyatli tarzda zararlangan hududlardan oʻtib, taktik operatsiyalardagi mahoratini koʻrsatib, marshrutni birinchilar safida yakunlagan.

Umumiy natijalarga koʻra, Oʻzbekiston jamoasi kumush medalga sazovor boʻldi.

«Britaniyalik harbiy mutaxassislar Oʻzbekiston harbiy xizmatchilarining tayyorgarlik darajasini yuksak baholab, ularning professionalizmi va jangovar vazifalarni bajarishdagi mukammal koʻnikmalarini eʻʻtirof etdilar», — deyiladi xabarda.

Maʻʻlumot uchun, «Kembriya patruli» 60 yildan buyon muntazam oʻtkazib kelinadi, musobaqa dunyo boʻylab harbiy boʻlinmalarni haqiqiy jangovar sharoitlarda ularning jangovar koʻnikmalari va chidamliligini sinovdan oʻtkazadi. Unda ishtirokchi boʻlinmalar 48 soatdan kamroq vaqt ichida 70 km masofani bosib oʻtib, koʻplab harbiy manyovrlar va patrullik vazifalarini bajaradilar. Mashgʻulotlar Uelʻsning markaziy qismidagi togʻlar va botqoqliklar kabi oʻtish qiyin boʻlgan hududlarda oʻtkaziladi.

Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi oʻtgan yillarda ham «Kembriya patruli»da muvaffaqiyatli ishtirok etgan. 2019 yilda jamoa ushbu musobaqada gʻolib boʻlgan boʻlsa, 2020, 2021 va 2022 yillarda ikkinchi oʻrinni egallagan.

Mavzuga aloqador