25.09.2024 20:30

Tramp va Xarris: ular bir tanganing ikki tomoni xolos


“Oq va qora it”: Tramp va Xarrisning qanday farqi bor?

Oʻtgan hafta boʻlib oʻtgan AQSh prezidentlik saylovoldi munozaralari musulmonlarga yaxshigina saboq berdi. Bu bizga Vashingtonning Falastin masalasida har qanday insoniy qadriyatlarga toʻgʻri keluvchi, adolatli tanlov qilish imkoni yoʻqigini fosh etdi. 2020 yilning yanvarʻ oyida Jo Bayden AQSh prezidentligini qoʻlga kiritgach, Donalʻd Trampning sionistlar bilan osh-qatiqligi barham topayotgandek tuyulgandi. Oʻshanda kelgusida Telʻ-Aviv demokratlar rahnamoligida falastinliklarni qirgʻin qilishiga hech kim ishonmasdi. Bu esa har qanday shior ostidagi bosqinchilar qudratga kelmasin musulmonlar oʻzining asl tarixini unutmasligi kerakligiga yana bir ishoradir.

Yaqinda Respublikachilar nomzodi va sobiq prezident Donalʻd Trampga qarshi bahsda vitse-prezident va Demokratlar nomzodi Kamala Xarris Baydenni Trampdan yaxshiroq koʻrsatgan oʻsha ritorikani takrorladi.

“Isroil oʻzini oʻzi himoya qilish huquqiga ega, ammo bu erda eng muhimi – u oʻzini qanday himoya qilishidadir,” dedi u. Xarris 7 oktyabrni sionistlar hujumining boshlangʻich nuqtasi sifatida tilga olib, hammani chalgʻitishga urindi. U koʻplab begunoh falastinliklar halok boʻlganidan “qaygʻurdi”, biroq oʻt ochishni toʻxtatish masalasida barcha AQSh rasmiylaridek talmovsiradi. Ushbu jarayonni isroillik garovga olinganlarning ozod qilinishi bilan bogʻladi. Prezidentlikka nomzod Isroil falastinliklarni oʻldirishga nuqta qoʻyishi, aks holda inson huquqlari haqida ogʻiz koʻpirtiradigan Vashington Telʻ-Avivning “qulogʻidan choʻzib qoʻyishi” haqida lom-mim deya olmadi. 

Aslida, har qanday genotsidni oqlab boʻlmaydi. Shunga qaramay, sionistlarning musulmonlarni qirigʻin qilishi 7 oktyabrʻ voqealari sabab emas, balki Isroil Gʻazoni etnik jihatdan tozalamoqchi boʻlayotgani uchun sodir etilmoqda. Bu oʻnlab yillardan buyon davom etayotgan mustamlakachilik zulmlariga qaramay, falastinliklarning oʻz erki uchun kurashi va matonati ortidan yuz bermoqda. Gʻazo – musulmonlarning bosqinchilarga qarshi kurashi timsoliga aylandi. Falastinliklar oʻlimga tik boqib,  Isroil va uning kuchli hamkorlari qoʻli bilan qanchalik ezgʻilanmasin sinmagan, soʻnggi tomchi qoni toʻkilgunicha qarshilik koʻrsatayotgan haqiqiy musulmonlardir. Xarrisning begunoh ayollar va bolalarning shafqatsizlarcha oʻldirilishiga munosabati ham Isroilga homiylik qilish boʻlib, amerikaliklarning haqiqatni anglashiga toʻsqinlik qiladi. 

Shunday ekan qaysi jihatlarda Xarris prezident sifatida Trampdan yaxshiroq variant boʻlishi mumkin? Agar ikkalasi ham Isroilning Gʻazodagi genotsidiga chek qoʻyishni istamasa, ikkalasi ham Isroilning "oʻzini oʻzi himoya qilishi kerakligi" haqidagi choʻpchaklarini takrorlayversa, ularning bir-biridan qanday farqi boʻlishi mumkin?
Kelgusida Oq uy siyosatida har qanday oʻzgarish yuz berganda ham endi Isroil tomonidan AQShning teng sherikligi bilan oʻldirilgan falastinliklarni hayotga qaytarib boʻlmaydi. 

Tarixga nazar solsak, nafaqat 7 oktyabrdan keyin tinch aholining bombardimon qilinishi, balki Isroil tashkil etilganidan keyingi butun davr ishgʻolchilarning kechirib boʻlmas qonli jinoyatlariga toʻlib-toshib yotibdi. Jumladan, bu jinoyatlarda AQShning ham salmoqli hissasi bor. Jumladan, AQSh prezidentlari 1948 yil may oyida – ishgʻol davlati ilk bor tan olinganidan buyon Isroilga bemisl imtiyozlar berib kelmoqda.

Bayden maʻʻmuriyati shu vaqtgacha Trampning Isroilga bir tomonlama imtiyozlaridan foydalanib, mustamlakachilik zoʻravonligi va AQSh hamkorligining oʻsib borayotganini isbotladi. Xoʻsh, ushbu vaziyatda Xarris faqatgina uning asosiy raqibi Tramp boʻlgani uchun yaxshiroq variant sifatida koʻriladimi? Agar Xarris noyabrʻ oyidagi saylovlarda gʻalaba qozonsa, Trampdan yuz oʻgirib, Baydenni qoʻllab-quvvatlashga shoshilgan musulmonlar bunga qanday munosabat bildiradi? Shunda ular genotsidni qoʻllab-quvvatlovchi kuchni maʻʻqullagan boʻlib qolmaydimi? Xarris ham xuddi Tramp kabi yoʻl tutishi koʻpchilikka maʻʻlum-ku.

Xarris tarixning kaltabin va noaniq talqinini targʻib qilmoqda. Tarixiy aloqalarni rad etish va 7 oktyabrga bogʻlanib qolish har qanday prezidentlikka nomzodning Isroil manfaatlariga xizmat qilishini bildiradi. Bu Gʻazodagi genotsidga birdek xizmat qilishdir. Xarris yaxshiroq muqobil emas, u shunchaki Bayden maʻʻmuriyatining davomchisi desak toʻgʻriroq boʻladi. Xuddi Tramp kabi... Ular imperialistik kayfiyatdagi davlat maqsadlarini amalga oshiruvchi siyosiy aktyorlar xolos.