07.10.2024 18:30

Deizmga koʻra yaratuvchi oʻzini tanitishni istamaydi


Ettinchi darsimizda, eski uslubimizga tayanib, yana bir deistga yuzlanamiz:

– Bu olamdagi har borliq bir ilohiy kitobdir va sahifalarida muallifining qator ism, sifatlarini aks ettiradi. Xohlasang, bir gulni shu tarzda oʻqib koʻraylik. Bu mutolaadan anglaginki, yaratguvchimiz mavjudotlarni kitob kabi yaratgan va aksar ismlarini bu asarlarda bildirgan.

Gul, yoʻqdan bor qilingani jihatidan, Allohning Xoliq, Mubdiʻʻ va Mujiyd; goʻzalligi bilan Mujammil; ziynati bilan Muzayyin; toʻliq rizqlanishi, qanday ehtiyoji boʻlsa, qondirilishi bilan Razzoq, Muqiyt va Vahhob; rangi bilan Mulavvin; surati bilan Musavvir; oʻziga bogʻlangan hikmatlar bilan Hakim; butun dasturi urugʻiga yozilgani bilan Hofiz; hayoti bilan Muhyi; oʻlimi bilan Mumiyt; sanʻʻati bilan Soniʻʻ; asta-sekin kamol topishi bilan Mukammil;  gul boʻlib ochilishi bilan Fattoh; bir shakldan ikkinchisiga oʻtishi bilan Muhavvil ismini aks ettiradi. Gulni yaratgan, albatta bilguvchi, bu bilan Alim ismini; hamma narsaga kuchi etguvchi, bu bilan Qodir ismini koʻrsatadi.

Goʻyo bu gul Asmoul Husnoning kitobi, rastasi va oynasidir. Suhbatimiz choʻzilib ketmasligi uchun mazkur kitob ustida uzoq toʻxtalmaymiz. Aks holda, haqqiga rioya qilib oʻqiydigan boʻlsak, mutolaadan soatlab bosh koʻtarolmaymiz.

Maʻʻlumki, bir kitobni tushunish qiyin boʻlsa, uni anglaydigan va izohlab beradigan kishiga ehtiyoj tugʻiladi. Agar kitob ham tushunarsiz, ham izohlovchisiz boʻlsa, behuda yozilgan demakdir.

Biroz oldingi mulohazalarimizdan ham har borliq oʻziga xos kitob ekanligini tushunib olding. Ammo biz bu kitobning yozuvlarini oʻqiyolmaymiz. Ehtimol hozirgiga oʻxshash gaplarni birinchi marta eshitayotgandirsan. Endi sendan bir narsani soʻramoqchimiz:

– Borliq kitoblarida nimalar yozilganini bizga kim oʻqib beradi, kim tushuntiradi?

Ularni aqlning oʻzi bilangina ilgʻab boʻlmaydi. Modom shunday, unda bizga mazkur yozuvlarni oʻqib beradigan va oʻrgatadigan paygʻambarlar zarur.

Ikkita yoʻl bor: Yo paygʻambarlar yuborilib, bizlarga borliq kitoblaridagi ilohiy ism va sifatlarni hamda boshqa yozuvlarni oʻqib berishadi. Yoki bu kitoblar shundoqligicha ochilmasdan qolib ketadi.

– Seningcha Alloh qay birini tanlaydi?

Yozgan kitoblarining oʻqilmasdan qolishiga rozi boʻladimi, hikmati bunga izn beradimi?

– Agar oʻqitmaydigan boʻlsa, borliqlarni kitobga oʻxshatib yaratarmidi?

– Ham Alloh taologa bir paygʻambar yuborish va kitob tushirish qiyin boʻlmagani holda nega bu kitoblarni muallimsiz qoldirsin? Nima uchun maʻʻnosizlikka mahkum etsin?

Biroz oldin bir guldan parcha oʻqidik. Ammo sen bunday oʻqishga urinib koʻrmagan boʻlsang kerak. Sababi sening biror paygʻambar darsini eshitmaganing; bizning esa nabaviy oʻgitlarga quloq solganimiz hamda paygʻambarga ergashganimizdir. Bizga bunday oʻqishni hazrat Muhammad alayhissalom va u zotga tushirilgan Qurʻʻon oʻrgatdi. Agar u zotning dasrlariga quloq osmasak, biz ham senga oʻxshab gulni shunchaki yaratiq deb oʻylardik. Chiroyini birpas tomosha qilgan, biroz hidlagan boʻlardik-da, ketardik. Biroq, oʻzing ham guvoh boʻldingki, gul shunchaki yaratiq emas, aksincha, ilohiy kitob va sheʻʻr singaridir.

Modom har bir gul, har bir yaratiq shunday asar ekan, ustida ilohiy ism va sifatlar yozilgan ekan, bizga ularni oʻqishni oʻrgatadigan muallimlar kerak boʻladi. Bu muallimlar esa paygʻambarlardir. Paygʻambarlarning yuborilishi borliq kitoblarining mavjudligi kabi aniqdir.