22.02.2025 18:37
Advokatlar vatandoshlarni "texnik xato" borasida hissiyotga berilmaslikka chaqirdi
Oldinroq IIV matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosov texnik xato sababli Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov)ning ogʻir jinoyatlarda ayblanayotgani haqida notoʻgʻri axborotlar tarqatilganini tan olgan edi.
Bugun, 22 fevral kuni huquqshunoslar IIV tomonidan xatolikni oʻz vaqtida tan olinishi va tezkorlik bilan toʻgʻri munosabat bildirilishi ijobiy hodisaligini aytib, vatandoshlarni ushbu masala yuzasidan fikr bildirishda hissiyotlarga berilmaslikka chaqirishdi.
Advokatlarning bildirishicha, Mubashshir Ahmadga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishiga oid bayonotidan soʻng IIV matbuot kotibining bayonoti jamoatchilikning diqqatini oʻziga tortdi va bu haqdagi axborotlar hamda rasmiy munosabatlar ijtimoiy platformada faol muhokama qilindi. Bu holat jamoatchilikning mamlakatimizda yuz berayotgan huquqiy jarayonlarga befarq emasligini koʻrsatadi.
IIV matbuot kotibining bayonotida aytilishicha, Alisher Tursunov bilan bogʻliq maъlumotlarni rasmiylashtirishda "texnik xato" sodir boʻlgan. Uning soʻzlariga koʻra, qidiruv eъlon qilingan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi toʻgʻri yoritilmagan. Bu esa oʻz navbatida, jamoatchilikda turli shubha va gumonlarning ilgari surilishiga sabab boʻlmoqda.
Advokatlik firmasi ixtiyorida mavjud boʻlgan rasmiy hujjatlar tahlili shuni koʻrsatadiki, fuqaro Alisher Tursunovga nisbatan qidiruv hujjatlari markazlashgan hisobga qoʻyish jarayonida bu masalaga masъul boʻlgan xodimlar tomonidan xatolikka yoʻl qoʻyilib, JKning moddasi notoʻgʻri aks ettirilgan va natijada IIV matbuot kotibi tomonidan shu maъlumotlarga muvofiq bayonot bildirilishiga olib kelgan. Bu esa dastlab axborot kanallarida notoʻgʻri maъlumot joylashtirilishiga haqiqatdan ham “texnik xatolik” sabab boʻlgan boʻlishi mumkinligidan dalolat beradi. Aynan shu xatolikni toʻgʻrilash maqsadida ham advokatlik firmasi tomonidan oʻz vaqtida tegishli bayonot bildirildi.
IIV tomonidan xatolikni oʻz vaqtida tan olinishi va tezkorlik bilan toʻgʻri munosabat bildirilishi esa ijobiy hodisa boʻlib, inson huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilish uchun muhim ahamiyatga ega.
Shundan kelib chiqqan holda, fuqarolarimizdan ushbu masala boʻyicha fikr-mulohaza bildirishda hissiyotlarga berilmay va barvaqt xulosa chiqarmay, rasmiy manba va maъlumotlarga hamda huquqiy asosga tayanishlarini tavsiya etamiz, deyiladi ushbu chaqiriqda.