30.10.2024 17:31

Turkiyada oila inqirozi kuchayib bormoqda, bunga sabab nima?

Turkiyada ayollar huquqi va gender tengligi uchun kurash bahonasida oilada erkaklar mavqeiga zarba berilishi yangi muammolar va nizolarni keltirib chiqarmoqda. Ayniqsa 2011 yil may oyida imzolangan "Istanbul konventsiyasi" oila tanazzulini eng yuqori choʻqqilarga olib chiqdi. Uzoq yillik puxta ishlab chiqilgan reja asosidagi saʻʻy-harakatlar oʻz “mevasi”ni bermay qolmadi – bugun turk jamiyatida turmush qurish va farzand koʻrish yoshlari oshgan, nikohlar soni kamayib, ajralishlar koʻpaygan. Xoʻsh, bunga echim bormi?

Turkiyada oila inqirozi tarixi bevosita Mustafo Kamol Otaturk boshqaruvi davri bilan bogʻliq boʻlib, davlatni sekulyarlashtirish jarayoni Islomning jamiyat hayotidagi rolini zaiflashtirdi. Bu esa mavjud oilaviy qadriyatlarning ham asta-sekin darz ketishiga sabab boʻldi.

Ayniqsa, turklar orasida ayollar huquqi va gender tengligi uchun kurash bahonasida oilada erkaklar mavqeiga zarba berilishi yangi muammolar va nizolarni yuzaga keltirdi.

Musulmonlar davlatida gʻarbona hayot joriy etilishidan manfaatdor kuchlar turk xalqining urf-odatlari, tarixi va dinidan kelib chiqqan oilaviy qadriyatlarni gender tengligi uchun asosiy tahdid deb baholadi. Ular "ayollar faqat "ona" va "uy bekasi" sifatida koʻriladigan diniy urf-odatlarni yoʻqotmasdan, xotin-qizlarning kamsitilishiga chek qoʻyib boʻlmasligini" taʻʻkidlay boshladi.

Ushbu siyosatni amalga oshirishda taʻʻlim va iqtisodiyot hal qiluvchi rolʻ oʻynadi. Taʻʻlim tizimi kelajak avlodning tafakkurini oʻzgartirishga qaratildi. Bundan tashqari, mulʻtfilmlarda erkaklar taglik almashtirishi, deraza tozalashi va ovqat pishirishi kabi ishlar bilan shugʻullanayotgani, qizlar esa qurilish ishchilari yoki yuk mashinasi haydovchisi sifatida tasvirlanishi ham ushbu targʻibotning bir qismidir. Oʻz oʻrnida savol tugʻiladi: yosh qizlar erkaklar sartaroshi yoki qurilish ishchisi boʻlsa, yigitlar taglik almashtirsa yoki boshqa ayollarga xos ishlar bilan shugʻullansa tenglikka erishiladimi?..

Evropa Ittifoqining asosiy siyosati boʻlmish "tenglik" targʻibotining Turkiyadagi muvaffaqiyatlari orasida CEDAW (Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi konventsiya) va Istanbul konventsiyasi (Ayollarga nisbatan zoʻravonlik va uydagi zoʻravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha Evropa Kengashi konventsiyasi)ni kiritish mumkin. Ikkala kelishuv ham LGBT guruhlari va feministik harakatlar taʻʻsirida ishlab chiqilgan edi.

Achinarlisi "tenglik" tarafdorlari oilani xavfli institut sifatida talqin qilishadi: hisobotlarda erkaklar ustunlik qiladigan oila goʻyoki, "zoʻravonlik joyi" sifatida talqin etiladi.  Bunday paytda manipulyatsiya va buzilishlarni oʻz ichiga olgan tadqiqotlar feministlarning daʻʻvolarini tasdiqlash uchun ishlab chiqilgani koʻpchilikning xayoliga kelmaydi. Oila dushmanlari sharaf tushunchasini patriarxallik sifatida tanqid qilib, uni kamsitish va zoʻravonlikni davom ettiruvchi nazorat vositasi sifatida koʻradilar. Oqibatda, ayollar harakatining talablari tufayli hayo, or-nomus, fazilat kabi atamalar Turkiya Jinoyat kodeksidan olib tashlandi.

Bundan tashqari, 2011 yil may oyida "Istanbul konventsiyasi" imzolandi. Oila va ijtimoiy siyosat vazirligi besh yillik (2008-2013) Gender tengligi Milliy harakat rejasini ishlab chiqdi va amalga oshirdi. Ushbu reja asosida xalqaro sharnomalarga muvofiq qator qonunlar qabul qilindi. Jumladan, 2012 yilda ayolning soʻzini qoʻshimcha hujjatlarsiz birlamchi dalil sifatida qabul qilishga imkon beruvchi “Oilani himoya qilish va ayollarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinishi jamoatchilikning keskin eʻʻtirozlariga sabab boʻldi.

Chuqur oʻrganilmasdan musulmonlar hayotiga tatbiq etilgan siyosat mavjud muammolarni hal etmadi, aksincha, oilaviy inqirozni chuqurlashtirdi. Holbuki, avvalroq gender tengligi faol targʻib qilingan Evropaning boshqa davlatlari –Islandiya, Finlyandiya, Shvetsiya, Norvegiyada ayollarga nisbatan zoʻravonlik, ajralish, oʻz joniga qasd qilish va giyohvandlik darajasi ortib ketgan edi.

Ushbu mamlakatlarda 1960 yildan boshlab nikohlar soni kamaydi va ajralishlar koʻpaydi. Oʻtgan 50 yil ichida oʻz joniga qasd qilish, giyohvand moddalarni isteʻʻmol qilish va nikohdan tashqari tugʻilish koʻpaydi. Aslida, bu mamlakatlarda har ikki farzanddan biri nikohdan tashqari munosabatlar mevasidir. Bundan tashqari, ayollarga nisbatan zoʻravonlik yuqoriligicha qolmoqda. Koʻrinib turibdiki, gender tengligi siyosati 50 yil davomida amalga oshirilgan mamlakatlarda ushbu muammolarni hal qila olmadi.

Shuningdek, bunday amaliyotlarda onaga nisbatan bolaning huquqlari eʻʻtiborga olinmasligini ham bilishimiz kerak. Ayolning mehnat qilish huquqi foydasiga bolaning huquqlari buzilishi feministlarni qiziqtirmaydi.

Gender siyosati ayollarning huquqlarini ayollar tabiati yoki sharoitlaridan kelib chiqib emas, balki "erkaklik" obʻʻektivi orqali muhokama qiladi. Erkaklarga yoʻnaltirilgan bu yondashuv paradoksaldir va ayollarning tabiatiga mos keladigan huquqlarga ega boʻlishiga toʻsqinlik qiladi. Ushbu nuqtai nazarga asoslangan argumentlar ayollar va erkaklar oʻrtasidagi ziddiyatni paydo qilib, oilaviy xavfsizlikka putur etkazadi. Ushbu kontekstdan kelib chiqadigan qonunlar hatto ayollarni erlari haqida xabar berishga va ularni uydan chiqarib yuborishga undaydi.

Bunday harakatlar nuqtai-nazariga koʻra, onalar jannat kaliti ekani haqidagi azaliy tushunchalar rad etilib, onalikni targʻib qilish ayollarga bosim oʻtkazish hisoblanadi. Ayollarning ona, farzandlarning tarbiyachisi va umr yoʻldosh boʻlishidan koʻra koʻproq "ishchi" boʻlishi "adolatli" ekani uqtiriladi.

"Huquq himoyachilari" ayollarni avvalo ona deb taʻʻriflashni kamsitish sanaydi, ammo ularning qora ishchilarga aylantirilishiga qarshi emas. Ular ayollarning mehnatdagi ishtirokini tenglikning asosiy koʻrsatkichi deb biladilar. Bu esa ushbu siyosat va global kapitalistik tizim oʻrtasidagi munosabatlarni ochib beradi. Ularning advokatlari oiladagi zoʻravonlik va xotinlarning zulmini muhokama qilar ekan, koʻpincha ayollarning ish joyida duch keladigan ekspluatatsiyasiga eʻʻtibor berishmaydi.

Xoʻsh, natija nima boʻldi? Oxiri oʻylanmasdan qabul qilingan qarorlar, saʻʻy-harakatlar tufayli Turkiyada nikohlanganlar soni keskin tushib ketmoqda, ajrimlar soni esa ortib boryapti. 

Ayniqsa, 2008 yildan keyin Turkiyada yigit va qizlarning nikohdan oʻtish koʻrsatkichi aql bovar qilmaydigan darajada pasaygan. Oʻzaro taqqoslanganda – 2004 yildan bugungi kungacha, ayniqsa, 2016 yildan keyin ajralishlar soni sezilarli yuqorilagan. Bu esa turmush qurganlar ham tezda ajralish yoʻllarini qidirayotganini anglatadi.

Bu – oila instituti barbod boʻldi, degani. Ayollar huquqi nomi bilan amalga oshirilgan tashviqotlar ortidan adolatsizlikning ochiq koʻrinishi boʻlsa-da, ayol erining ustidan tegishli joylarga shikoyat qilsa, hech bir mulohazasiz ish ayol foydasiga hal qilinadi. Eridan ajrashgan ayol agar boshqa rasmiy oila qurmasa, sobiq turmush oʻrtogʻi unga umrining oxirigacha aliment toʻlaydi. Hatto ayol bu vaqtda boshqa erga rasmiy qaydsiz tegib, yashab yuraverishi ham mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda turkiyalik ayol erini koʻpchilikning oldida kaltaklayotgani, erkak esa undan qochishga urinib, boshqalarning orqasiga yashirinayotgani aks etgan video ham keng muhokamalarga sabab boʻlgani bejiz emas. Bir tomondan ushbu video turk jamiyatidagi hozirgi vaziyatni oʻzida aks ettirgani bilan ahamiyatli. Jabrdiyda erkak IHA telekanali jurnalistiga intervʻyu berib, mazkur holatni quyidagicha izohlagan:

"Men xotinimning xiyonatidan soʻng u bilan ajrashdim. Ajralish jarayonida xotinimning zoʻravonlik haqidagi daʻʻvosi sabab, qamoqqa tushdim. Olti oy qamoqda yotib chiqdim. Biroq shundan keyin ham u menga tahdid qilishdan toʻxtamayapti: “Men bilan birga yashaysan yoki seni yana qamoqqa tiqaman”, deya poʻpisa qilmoqda. Xotinim va uning oilasi hatto ish joyimda, mijozlarim oldida ham meni kamsitishyapti. Ular menga deyarli har kuni turli xabarlar yuborishadi va qoʻngʻiroq qilishadi. Aslida bunday holatlarda zoʻravonlik boʻyicha qonunlar qarshi tomonga ham qoʻllanilishi kerak", degan u.

Bugungi kunda bunday holatlarga guvoh boʻlgan yosh yigitlarning oila qurishga shoshilmasligi tabiiy holat. Mavjud vaziyat esa jamiyatda turli buzuqchiliklarning urchishiga olib kelishi esa yana bir jiddiy muammo.

2023 yilgi statistik maʻʻlumotlariga koʻra, Turkiyada tugʻilishning umumiy darajasi rekord darajadagi eng past nuqtasiga etgan: 2001 yilda 2,38 boʻlgan tugʻilish koeffitsienti (ayolning umri davomida tugʻuruq koʻrsatkichi) 2023 yilda 1,51 ga tushgan. Bu koʻrsatkich immigratsiyasiz barqaror aholini saqlash uchun zarur boʻlgan 2,1 dan ancha past.

2023 yilgi maʻʻlumotlar 2022 yil bilan solishtirilganda tugʻilishning umumiy soni qariyb 8 foizga kamaygan. OAVda bundan tashvishlanayotgan Turkiya hukumati yangi demografik siyosat rejasini tayyorlayotgani haqida xabarlar paydo boʻldi.

Jumladan, vitse-prezident Jevdet Yilmaz tugʻilish darajasining pasayishi sabablarini va uni oshirish choralarini har tomonlama oʻrganish uchun "Yuqori demografik kengash" tashkil etilishini maʻʻlum qilgan. Yilmaz oʻzi boshqaradigan kengash prezident farmoni bilan yaqin kunlarda ish boshlashini aytgan.

Shu bilan birga, Turkiya parlamenti tomonidan ajrashish jarayonidagi kutish muddatiga oid oʻzgarishlar qabul qilindi. 

Yangi qonunga koʻra, ajrashish rad etilganidan keyin er-xotinlar birgalikda hayotlarini tiklay olmasalar, oldingi 3 yil oʻrniga 1 yildan keyin yangi daʻʻvo arizasi berishlari mumkin boʻladi.

Shunday qilib, ajrashish rad etilgan boʻlsa va undan keyin 1 yil ichida turmush oʻrtoqlar birgalikda hayotlarini davom ettira olmasalar, ularning nikohi buzilgan deb hisoblanadi va er-xotinlardan birining iltimosiga binoan sud ajrashish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Turkiyadagi oila inqiroziga nazar solar ekanmiz jamiyatning islomiy qadriyatlaridan uzoqlashtirilishi koʻplab fojialarga sabab boʻlishini tushunib etamiz. Ilohiy kalomda  erkaklar va ayollarning oiladagi oʻzgarmas vazifalari belgilab berilgan. Ushbu vazifalar bir-biridan farq qilishi mumkin, lekin bir-birini toʻldirishini ham unutmaslik zarur.

Xoʻsh, Islomda bu muammoning echimi qanday?

Asosiy mezonimiz boʻlmish Islom masalaning kelib chiqish oʻrnini, muammoning ildizini muolaja qilishni ilgari suradi.

Bilamizki, oila jamiyatning kichik bir boʻlagidir. Shu bois ham jamiyatning salohiyati uni oyoqda tutib turgan oila muassasasining sogʻlom va salohiyatli boʻlishiga bogʻliq. Uning mustahkamligi oila aʻʻzolarining hamjihatligi va axloq borasida tutgan tutumlariga borib taqaladi.

Islom masalaga aynan mana shu rakursdan qaraydi. Unga koʻra, jamiyat nafarlarining eʻʻtiqodi va ijtimoiy munosabatlar borasidagi tushunchalari muolaja qilinishi kerak. Bu orqali oila va jamiyat muassasalarining muammolari bartaraf etiladi. Yaʻʻni, haqiqatdan inqirozga barham berishni istayotgan boʻlsak, qonunchiligimizni jazo takliflari bilan toʻldirishdan avval muammoning ijtimoiy zaminini isloh qilishimiz kerak boʻladi.

Muolaja ham uch tomonli boʻlib, birinchisi – ezgu mafkura sifatida keng miqyosda islomiy taʻʻlimga yoʻl ochish; ikkinchi tomoni – ogohlik; uchinchi, eng muhim jihati esa – oila nafarlarining, ayniqsa bolalarning sogʻlom oila haqidagi tushunchalariga putur etkazuvchi botil gʻoya va tashviqotlarning yoʻliga toʻgʻanoq boʻlishdir. Mana shu uch narsa – taʻʻlim, ogohlik va ongli ravishda, oʻzimiz yoqlagan qadritiyamizga suyangan holda yot gʻoyalardan ehtiyot boʻlish ahamiyatlidir.

Bir hadisda keltirilishicha, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam sahobalaridan biriga shunday deydilar: “Ayol kishiga uch narsa sababli uylaniladi: boyligi uchun, nasabi uchun, chiroyi uchun va dini uchun. Shunday ekan, dindorini tanlagin, qoʻling tuproqqa qorilgur”.

Yana bir holat: bir kishi Umar roziyallohu anhuning oldilarida xotini bilan ajrashmoqchi ekanini aytadi. Hazrati Umar undan sababini soʻraganlarida, u kishi “xotinini sevmasligi”ni aytadi. Shunda Umarul Foruq u odamga qarata “har bir oila sevgi ustiga bino qilinadimi? Unda oliyhimmatlik va masʻʻuliyat qaerda qoladi?”, deb, xotinidan koʻnglining qolishi ajrashishga asos boʻla olmasligini bildiradilar. Yana bir shunga oʻxshash holatda Hazrati Umarning oʻzlari bir ayolga “oilalarning hammasi ham sevgi ustiga qurilavermaydi. Binobarin, insonlar Islom bilan, yaxshilik bilan umrguzaronlik qiladilar”, deb aytganlar.

Tariximizga nazar soladigan boʻlsak, Islom dinimizning taʻʻlimotlari bizga ichida vijdon deb atalgan mahkamaga boʻysungan, diyonatli jamiyatni taqdim qilish kafolatini bermoqda. Shubhasiz, Islom ayolni suyanchiqsiz qoldirmaydigan, erkakning zulmini yoqlamaydigan taʻʻlimot!

Mavzuga aloqador