05.10.2024 09:48

Turkiy davlatlarda oila, nikoh va ajrim masalalarida jamoaviy fatvo ishlab chiqishga kelishildi

Qozogʻiston poytaxti Ostona shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashi huzuridagi Fatvo hayʻʻati yigʻilishida turkiy davlatlarda oila, nikoh va ajrim borasidagi muammoli masalalarni oʻrganib, jamoaviy fatvo ishlab chiqishga kelishib olindi. Ushbu taklif Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan ilgari surildi.

Qozogʻiston poytaxti Ostona shahrida boʻlib oʻtayotgan Turkiy davlatlar muftiylari kengashining V yigʻilishi doirasida mazkur tuzilma huzuridagi Fatvo hayʻʻatining “Turkiy dunyo: fatvo berishning metodologiyasi va oʻziga xos xususiyatlari” mavzusida I-xalqaro davra suhbati oʻtkazildi. Bu haqda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar qildi.

“Muloqot yakunida Oʻzbekiston tomonining taklifiga binoan ushbu hayʻʻat turkiy davlatlarda oila, nikoh va ajrim borasidagi muammoli masalalarni oʻrganib, jamoaviy fatvo ishlab chiqishga kelishib olindi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, davra suhbati davomida Turkiy davlatlar tashkiloti muftiylar kengashi huzuridagi Fatvo hayʻʻati yoʻriqnomasi va Islom dini sharʻʻiy dalillarga zid boʻlmagan urf-odatlarni eʻʻtiborga olishi toʻgʻrisidagi hujjatlar koʻrib chiqildi.

Yigʻilish ishtirokchilariga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi faoliyati haqida maʻʻlumot berilib, markaz tomonidan nashr etilgan “Fatvolar toʻplami” kitobi taqdimot qilindi.

Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston va Qirgʻiziston vakillari tomonidan “Fatvolar toʻplami” kitobini turkiy tillarga tarjima qilish taklifi bildirilgani maʻʻlum qilindi.

Mazkur Fatvo hayʻʻati 2023 yil 25 noyabrʻ kuni Toshkentda oʻtkazilgan Turkiy davlatlar muftiylari kengashining IV yigʻilishida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar taklifiga binoan tuzilgan.

Mavzuga aloqador