12.03.2024 12:10

Oilaning asosi – biologiya

Oilaning asosi – biologiya

Oilaning asosi – biologiya! Aniq fan! Oila tuzilishidan maqsad nasl sofligi va insonning biologik tur sifatida barqarorligi. Oddiy soʻz bilan aytilsa, odam va uning avlodlari sogʻlom boʻlsin, irsiy nuqsonlar bilan tugʻilmasin, har hil kasalliklar bilan kasallanmasin... Bir soʻz bilan aytilsa, baxtli va barakali umr kechirsin, degan maqsad bor.

Insoniyatning asrlar davomida naslining saqlanishi aynan ana shu oila tuzilmasining mavjud boʻlgani bilan asoslanadi. Keyingi davrlarda esa ana shu halqani uzish uchun oilaga nisbatan kurashlar avj olib ketdi. Bu harakatlarning zamirida xuddi ana shu silsilani – inson naslining buzilishi maqsad qilingani yaqqol koʻrinadi. Bu masalaning ilmiy tomoni.

Oila tuzish – kelin va kuyovni tanlash klassik genetikaning oltin va oʻzgarmas qonuniyatiga asoslanadi. Klassik genetikada zot va navlarni tanlash (selektsiyasi) asosi shunday.

Oila tuzishdan maqsad – oila qurguvchi erkak va ayolning jamiyatga eʻʻlon qilinishi. Masalan, turmushga chiqqan ayol eri turib boshqasi bilan yashamaydi. Nasllarning aralashuviga, otasi nomaʻʻlum insonlarning dunyoga kelishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Nima uchun oila masalasiga oʻta jiddiy qaraladi? Sababi, otasi bir yoki onasi bir avlodlarning oʻzaro nikohlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Xoh diniy, xoh dunyoviy (ilmiy) jihatdan olib qaralganda ham bunga qarshi turiladi. Normal jamiyatlar, sogʻlom insonlar buning rioyasini qiladi. Shuning uchun insonning biologik tur sifatida yashab kelayotgani oila tuzilmasining mavjudiligi bilan izohlanadi. Yanada xususiylashtirilsa, inson oʻzining ideal DNKsini shu yoʻl bilan saqlaydi. Buning boshqa ilmiy asosi yoʻq.

Oilani muqaddas bilish esa insoniyatning eng katta va oʻzgarmas qadriyatlaridandir. Tarixan, insonlar anʻʻanalar, qadriyatlar, din-diyonatni mahkam ushlagan. Endi ayrim toifalar chiqqan va chiqmoqdaki, insonning biologik tur sifatidagi oʻziga xos silsilasini buzishga zoʻr bermoqda. Ularning qadriyatlari, tafakkuri va zehniyatini sogʻlom aql qabul qila olmaydi. Bu qarashlari gʻayri ilmiydir.

Bu toifalarning taklif etayotgan yoʻli (buni balki bilar, balki bilmas), insonning naslini buzishdir. Insonning qaysi yoʻlni tanlashi kelajak – nasl masalasidir.

Men faqat nasl masalasiga tegib oʻtdim. Oilaning yana boshqa ijtimoiy va tibbiy ahamiyati borki, bu jihatlarni hammamiz bilamiz. Endi anavi “tarixchi”ning iddaolariga keladigan boʻlsam, uning fikrlari shunchalar gʻayriilmiyki, u, taxminimcha, uning tasavvurlari shu buzuq qarashlardan iborat.

Biologiyada populyatsiyalar (bir turga mansub individlar jamoasi) orasida irsiy nuqsonlar yoki tasodiy mutatsiyalar kuzatiladigan individlar boʻladi. Ularning irsiyati oʻzi mansub populyatsiyaning biologiyasiga zid keladigan irsiy belgi(lar) mavjud boʻladi.

Jamiyatda ham shunday. Ijtimoiy fikrda ham.

Baxtiyor Abdugʻofur, biolog olim, yozuvchi

Mavzuga aloqador