29.04.2024 07:55

Suv toshqinlari: odatiy tabiiy ofatlarmi yoki...

Har yili dunyoning turli qismlarida suv toshqinlari roʻy berib turadi. Bu mavzudagi xabarlarni oddiy qabul qilib oʻrganib qolganmiz, hatto eʻʻtibor ham bermaymiz. Aksariyat toshqinlar dunyoning olis qismlarida roʻy bergani uchun bizga mutlaqo aloqasi yoʻq, deb hisoblaymiz ham. Ammo doʻppini erga qoʻyib, bu haqda jiddiy oʻylash, bizni kutayotgan ehtimoliy ofatlarga tayyorgarlik koʻrish vaqti keldi. Chunki barchamiz bitta kemadamiz – BAA, Ummon, Tanzaniya yoki Xitoyda roʻy bergan suv toshqinlari bizning ham eshigimizni qoqib turibdi. Yaqinda Rossiya va Qozogʻistonda kuzatilgan toshqinlarning epkinini esa tanamiz bilan his qildik ham.

Har yili dunyoning turli qismlarida suv toshqinlari roʻy berib turadi. Biroq bu yilgi toshqinlarning avvalgilardan katta farqi bor: aksariyat hududlardagi tabiiy ofatlar ob-havo kuzatuvlari tarixida misli koʻrilmagan darajada boʻldi. Xususan, Qozogʻistondagi suv toshqinlari oxirgi 80 yil, BAAda 75 yil, Xitoyning Guandun provintsiyasida 50 yil ichidagi eng talofatlilari boʻldi.  

Birgina Dubay shahrida oʻrtacha yillik yogʻincharchilik meʻʻyori 97 mm, aprelʻ oyida esa bor-yoʻgʻi 8 mm ni tashkil etadi. Biroq 16 aprelʻ kuni hududda 24 soat ichida yillik meʻʻyordan 2 barobar koʻp – 250 mm ga yaqin yomgʻir yogʻdi. Natijada shaharda hayot butunlay falaj holatga kelib qoldi. Ofat natijasida BAA va Ummonda 20 kishi halok boʻldi.

Texnologik taraqqiyotda ancha ilgarilab ketgan Xitoy ham kutilmagan ofatdan esankirab qolgani aniq. Rekord darajadagi yogʻingarchiliklar tufayli 127 million aholi istiqomat qiluvchi provintsiyada 82 ming kishi vaqtincha koʻchirildi, 1,16 million kishi elektr taʻʻminotisiz qoldi. Eng kamida 4 kishi halok boʻlib, 11 kishi bedarak yoʻqolgan deb eʻʻlon qilindi.

Yiliga 50 milliard dollarlik zarar

BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha Hukumatlararo mutaxassislar guruhi maʻʻlumotlariga koʻra, iqlim isishi natijasida suv toshqinlarining jadalligi va takrorlanishlar soni ortmoqda.

Britaniyaning Nature ilmiy jurnalining qayd etishicha, suv toshqinlari dunyo iqtisodiyotiga yiliga 50 milliard dollar zarar keltirmoqda. Qariyb 1,5 milliard kishi yoki dunyo aholisining 20 foizi suv toshqinlari xavfi ostida yashamoqda. Ularning aksariyati oʻrta yoki past daromadli mamlakatlar aholisi hisoblanadi.

Suv toshqini xavfi yuqori boʻlgan hududlar xarita boʻylab notekis taqsimlangan. Bu borada eng muammoli mamlakatlar Janubiy va Sharqiy Osiyoda joylashgan boʻlib, Xitoy, Bangladesh, Myanʻma, Tailand va Indoneziya aholisi ayniqsa eng koʻp taʻʻsirlanadi.

Evropa atrof-muhit agentligi mutaxassislari esa haroratning ortishi yogʻingarchiliklar miqdorining oshishiga sabab boʻlayotganini keltirib oʻtadi. Ularning fikricha, asrimizda suv toshqinlarining chastotasi 10 barobarga ortadi. Moslashish va issiqxona gazlarini kamaytirish choralari koʻrilmasa, Evropa Ittifoqidagi qirgʻoq boʻyida joylashgan 17 ta yirik shaharlarda suv toshqinlaridan koʻriladigan yillik oʻrtacha zarar miqdorlari keskin oʻsishi mumkin. Bugun bu shaharlarda 102 ming kishi suv toshqinlaridan zarar koʻrayotgan boʻlsa, zarur choralarsiz bu koʻrsatkich 2050 yilda 740 ming kishiga ortadi.  

Suv toshqinlari nafaqat moddiy, balki psixologik zarar ham keltiradi

Suv toshqinlari koʻchirilgan, uy-joyi, yaqinlaridan mahrum boʻlgan, jarohatlangan insonlar ruhiyatidagi jarohatlar, qayta tiklash jarayonida ishchi va mutaxassislar etishmasligi kabi uzoq yillik oqibatlarni keltirib chiqarishi bilan ham zararlidir. Yaʻʻni aholi va hukumat avvaliga birgalikda tabiiy ofatga qarshi kurashadi, soʻngra oylar, yillar davomida ularning moddiy, psixologik va yuridik oqibatini bartaraf etish bilan mashgʻul boʻladi.

2021 yil iyulʻ oyi oʻrtalarida uzoq davom etgan kuchli yomgʻirdan soʻng Germaniyaning Reynland- Pfalʻts va Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal shtatlarining bir qator hududlari suv ostida qoldi. Ofat Reynga quyiluvchi kichik Ar daryosining tor vodiysida taxminan 40 ming kishi yashaydigan bir necha oʻn kilometrlik hududda ayniqsa koʻplab vayronagarchiliklarga va 180 dan ortiq qurbonlarga olib keldi.

Federal Bundesgesundheitsblatt ilmiy jurnalida eʻʻlon qilingan maqolada keltirilishicha, mazkur suv toshqini Ar vodiysining oʻn minglab aholisi uchun jiddiy ruhiy jarohatlarga sabab boʻldi. Jumladan, suv toshqini mintaqada ruhiy kasalliklar, xatti-harakatlarning buzilishi, bolalarda hissiy buzilishlar, depressiya va opioidlarni suiisteʻʻmol qilishning sezilarli darajada oshishiga olib keldi. Mualliflar, xususan, suv toshqinidan olti oy oʻtgach, jarohatdan keyingi kasalliklar, uyqu buzilishi, depressiya va hatto oʻz joniga qasd qilish tendentsiyalari sonining koʻpayishi qayd etilgan.

Reynland-Pfalʻts Psixoterapevtlar palatasi rahbari Sabine Maurning dpa agentligiga maʻʻlum qilishicha, suv toshqinlarining aholi ruhiy salomatligiga taʻʻsiri “ommaviy va uzoq muddatli”. Uning soʻzlariga koʻra, Ar vodiysining koʻplab aholisi "uzoq tiklanish davrlari, cheksiz qurilish loyihalari, hokimiyat va sugʻurta bilan uzoq davom etadigan sud ishlari, cheksiz moliyaviy va oilaviy muammolar bilan yanada ogʻirlashadi".

Umidlar yoʻq emas

Olimlar sunʻʻiy intellekt yordamida suv toshqinlarini bashorat qilish mumkinligini aniqlashdi. Unga koʻra, suv toshqinlaridan 7 kun oldin tabiif ofat haqida aniq maʻʻlumot olish mumkin. Google Research jamoasi eʻʻlon qilgan maqolada aytilishicha, dunyoning 80 dan ortiq mamlakatida istiqomat qilayotgan 460 milliondan ziyod kishi suv toshqinlari bashorati haqida ogohlantilishi mumkin.

Rotterdam hukumati esa 2030 yilgacha mahalliy infratuzilmani iqlim oʻzgarishi oqibatlariga moslashtirishni maqsad qilgan. Shahar maʻʻmuriyati qirgʻoqboʻyi qoʻshimcha inshootlarini qurish va daryo qirgʻoqlari boʻylab koʻkalamzorlashtirishni maʻʻlum qildi. Ayni paytda, er osti suvlarini saqlash inshootlarini loyihalash ishlari olib borilmoqda. Evropada, shuningdek, “Kopernik” Favqulodda xizmatlari tomonidan boshqariladigan suv toshqini haqida ogohlantirish tizimi mavjud. Bu butun mintaqadagi daryo toshqinlarini kuzatuvchi Evropa Ittifoqidagi asosiy tizimlardan biridir. Dastur keyingi 3-10 kunlik bashoratlarini tuzadi.

Shuningdek, bugun dunyoning koʻpgina mamlakatlari, jumladan, Oʻzbekistonda ham ESG (ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) standartlari joriy etilmoqda. Unga koʻra, har qanday tashkilot atrof-muhit, ijtimoiy masʻʻuliyat (sodda qilib aytganda – yaxshilik qilish) tamoyillarini joriy etish majburiyatini zimmasiga olishi shart boʻlmoqda.

Har birimizning oʻrnimiz bor

Iqlim oʻzgarishlari, suv toshqinlari... bu mavzular odatda xalqaro tashkilotlar, hukumatlar, masʻʻul mutaxassis va olimlar bosh qotiradigan mavzu sifatida qabul qilinadi. Biroq hayotda har kimning oʻz oʻrni, oʻz vazifasi bor.

Birinchidan, ob-havoning tobora isib borishiga xizmat qiluvchi “issiqxona gazlari”, zavodlar, isitish qozonlari, issiqxonalardan chiqayotgan tututlar, qurilish maydonchalaridan koʻtarilayotgan changlarga qarshi oddiy insonlik, oddiy fuqarolik pozitsiyamizni namoyish etish, hukumatdan, tegishli tashkilotlarga bu borada zarur choralarni koʻrish boʻyicha bosim oʻtkazishimiz (ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar, oʻzimiz saylagan deputatlarga murojaat qilish va boshqalar orqali) mumkin-ku!

Bu yil qishda Toshkent dunyoning havosi eng iflos shaharlari oʻnligidan tushmadi hisob, ammo kunlar isishi bilan nisbatan barqarorlashdi. Bu ham poytaxtimiz havosini aynan isitish markazlari va shahar atrofini qurshab olgan issiqxonalarda koʻmir va mazut yoqilayotganidan darak beradi. Har birimiz fuqaro sifatida, ota-ona, shu shaharning havosidan nafas olayotgan va zarar koʻrayotgan jabrlanuvchi sifatida hukumatdan tegishli choralar koʻrish, issiqlik markazlariga zamonaviy filʻtlar oʻrnatishni talab qilishimiz, issiqxonalarga esa yo havoni ifloslantirmaslikni soʻrash yoki ularning mahsulotlariga boykot eʻʻlon qilishimiz mumkin.

Ha, darvoqe, issiqlik markazlari va issiqxonalarning global iqlim oʻzgarishiga ham salbiy taʻʻsiri borligini aytib oʻtish joiz. Bugungi kunda dunyoning barcha qismlaridagi muzliklarda, hatto antarktidada qora yoqilgʻi qurumlari aniqlanmoqda. Bilasiz, oq rang quyosh nurlarini toʻliq qaytargani uchun qor va muzliklar havo issiq boʻlgan davrlarda ham unchalik tez erimagan. Qurumlar esa nur bilan birgalikda quyoshning issiqligini ham oʻziga yutib, abadiy muzlikliklarning erishini jadallashtirmoqda.

Yana bir gap! Tabiatdagi barcha hodisalar insoniyatning qilmishlari, gunoh-maʻʻsiyatlari bilan ham bogʻliq. Buni nafaqat diniy, balki ilf-fan yoʻli bilan ham isbotlash mumkin. Qaerda salbiy aura vujudga kelsa, oʻsha erda tabiiy ofatlar jadalligi ham ortadi. Shunday ekan, xalqimiz doim panoh soʻraydigan suv balosidan himoyalanish uchun avvalogunohlardan tiyilib, Allohga qaytishimiz, soʻngra tinimsiz istigʻfor aytib yurishimiz lozim... Bu borada Alloh taolo shunday degan:

"Sizlargʻa azob kelib, soʻngra yordam berilmay qolishidan ilgari (yaʻʻni Allohninn biror balo-qazosiga duchor boʻlmay turib) Parvardigorlaringizga qaytinglar va Unga boʻysuninglar!" (Zumar, 54-oyat).

Sanjar Said

Mavzuga aloqador