17.04.2024 08:21

Afgʻoniston, Pokiston va BAA kuchli suv toshqinlaridan jabr koʻrdi

Afgʻoniston, Pokiston va BAAda kuchli yogʻingarchiliklar kuzatilmoqda. Pokistonda chaqmoq va jala tufayli 36 kishi, Afgʻonistonda esa 50 dan ortiq kishi halok boʻldi. Dubayda esa 1,5 kun ichida qariyb yillik yogʻingarchilik meʻʻyoridan 2 baravar koʻp yomgʻir yogʻdi. Oʻnlab parvozlar bekor qilindi, yuzlab reyslar kechiktirildi.

Afgʻoniston, Pokiston va BAAda kuchli yogʻingarchiliklar kuzatilmoqda. Tabiiy ofat natijasida halok boʻlganlar va jarohatlanganlar bor.

Pokiston

Pokistonda kuchli chaqmoq va jala oqibatida kamida 36 kishi halok boʻldi.

Qurbonlarning baʻʻzilari bugʻdoy oʻrayotgan dehqonlar boʻlib, ularni chaqmoq urgan. Boshqalar esa kuchli yomgʻir tufayli qulab tushgan uylari vayronalari ostida halok boʻldi. Rasmiylar yogʻingarchilik davom etishini bashorat qilib, mamlakat janubi-gʻarbida favqulodda holat eʻʻlon qildi.

Ekolog Rafay Alam Pokistondagi noodatiy kuchli aprelʻ yomgʻirining asosiy sababi sifatida iqlim oʻzgarishini koʻrsatmoqda. Shuningdek, u bu hodisani 2022 yilning yozida sodir boʻlgan halokatli suv toshqinlari bilan bogʻlaydi, oʻshanda tabiiy ofat 1700 dan ortiq odamning hayotiga zomin boʻlgan va mamlakatning uchdan bir qismini suv bosgan edi.

Afgʻoniston

Afgʻonistonda ham mavsumiy yomgʻirlar sabab kuchli suv toshqinlari yuz berdi. Voqea sodir boʻlgan tabiiy ofatlar qishloq xoʻjaligi hayvonlarining nobud boʻlishiga olib keldi, katta hajmdagi ekin maydonlari va yoʻl infratuzilmasi vayron boʻldi.

“Yaqinda yogʻgan yomgʻir va suv toshqinlari natijasida 50 nafar vatandoshimizni yoʻqotdik, yana 36 nafari jarohat oldi. Umuman olganda, ushbu suv toshqinlari natijasida 400 boshga yaqin chorva mollari nobud boʻlgan, 706 ta uy quladi, yana 1606 ta uy zarar koʻrgan”, — dedi vazirlik matbuot kotibi Janan Saek.

Mahalliy hokimiyat maʻʻlumotlariga koʻra, mamlakatning 34 ta viloyatidan 20 tasida suv toshqini kuzatilgan.

Afgʻoniston meteorologiya departamenti maʻʻlumotlariga koʻra, yaqin kunlarda Afgʻonistonning 34 viloyatining aksariyatida kuchli yomgʻir yogʻishi kutilmoqda. Eng koʻp yogʻingarchilik Gʻazna, Kobul, Qandahor va Nangarhor viloyatlariga toʻgʻri keladi.

BAA

Dubayda bir yarim kun ichida yillik yogʻingarchilik meʻʻyoridan ikki baravar koʻp yomgʻir yogʻdi.

Bir kundan ortiq vaqtdan beri shaharda tinimsiz yogʻayotgan kuchli yomgʻir tufayli Dubay qariyb suv ostida qoldi. Dubayda joylashgan dunyodagi eng yirik aeroportlardan biri parvozlarni qabul qilishni toʻxtatdi.

Rasmiylar aholini uylarini tark etmaslikka chaqirdi.