20.06.2024 16:10
Shimoliy Koreyada Putinning vazirlari muzokaralar zalidan "haydaldi"
Shimoliy Koreyada Putinning vazirlari muzokaralar zalidan "haydaldi"
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Pxenʻyanga tashrifi chogʻida hamrohlik qilgan delegatsiya aʻʻzolari muzokaralar xonasidan chiqarib yuborildi. Putinning mulozimlari zalga Shimoliy Koreya etakchisi Kim Chen Indan oldin kirib, muzokaralar stoli atrofini egallab olgani KXDR protokol xizmatini gʻazablantirgan. Kutilmagan holat Shimoliy Koreya davlat matbuoti va Rossiya kanallari orqali jonli efirda namoyish etilgan.
Videotasvirlarda birinchi boʻlib Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov muzokaralar stoliga oʻtirgani hamda nimaningdir ifloslanganidan shikoyat qilgani aks etgan. Keyin uning yoniga bosh vazir oʻrinbosarlari – Denis Manturov va Vitaliy Savelʻev kelib oʻtirgan.
Shundan soʻng xonaga Bosh vazir oʻrinbosari Aleksandr Novak, Mudofaa vaziri Andrey Belousov, Sogʻliqni saqlash vaziri Mixail Murashko va Roskosmos rahbari Yuriy Borisov qadam ranjida qilgan.
Shu lahzada Shimoliy Koreya rasmiysining "Toʻxtang", degan ovozi yangragan va u vazirlardan darrov yigʻilish xonasini tark etishni talab qilgan. "Bu erga bizning rahbarimiz Kim janoblari birinchi boʻlib tashrif buyurishi kerak", – degan u.
Putinning vazirlari esa jonli efirda sodir boʻlgan voqeadan asabiylashgan. Ular "bu haqda ertaroq ogohlantirilmaganidan" norozi boʻlgan.
"Avval bizga shoshilishimizni aytasiz, keyin esa...", – deya vazirlar oʻz eʻʻtirozlarini bildirgan.
Translyatsiya toʻsatdan boʻshab qolgan konferentsiya zalining tasvirlari bilan davom etgan. Eʻʻtiborlisi, oʻzaro tushunmovchilikdan soʻng boshlangan Kim va Putinning muzokaralari natijasida ikki davlatning oʻzaro mudofaa bandini oʻz ichiga olgan strategik shartnoma imzolangan va Putin buni "katta yutuq" deb atagan.