03.12.2024 12:21
Gruziyada Evropadan uzoqlashishga qarshi namoyishlar beshinchi kundirki tinmayapti
Noyabrʻ oyi oxirida Gruziyaning rossiyaparast bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Evropa Ittifoqi bilan mamlakatning Evropa integratsiyasi boʻyicha muzokaralar 2028 yilgacha qoldirilganini eʻʻlon qilganidan keyin norozilik namoyishlar kuchaydi.
Tbilisida politsiya Gruziyaning Evropa integratsiyasi toʻxtatilishiga qarshi norozilik bildirgan fuqarolarga qarshi suv purkagich va koʻzdan yosh oqizuvchi gaz ishlatmoqda. Xavfsizlik kuchlari parlament binosi yaqinidagi Rustaveli prospektida namoyishchilarni hibsga olishni boshladi.
Paper Kartuli xabariga koʻra, maxsus kuchlar 2 dekabrʻ kuni kechqurun mitingni tarqatishga kirishgan; xavfsizlik kuchlari odamlarni olomondan tortib olmoqda. Namoyishchilarning asosiy qismi Respublika maydoniga yaqinlashgan. Politsiya va maxsus kuchlarning harakatlariga javoban namoyishchilar xavfsizlik kuchlari tomon pirotexnika vositalarini otishgan.
Newsgeorgia xabariga koʻra, maxsus kuchlar bilan toʻqnashuv chogʻida bir necha kishi yaralangan. Xavfsizlik kuchlari parlamentga olib boruvchi parallelʻ koʻchalarni ham toʻsib qoʻygan.
Gruziya Ichki ishlar vazirligi norozilik namoyishlarining dastlabki uch kunida politsiya jami 224 kishini hibsga olganini maʻʻlum qildi. Ularni mayda bezorilikda va politsiyaga qarshilik koʻrsatishda ayblashmoqda.
Shuningdek, harakatlar davomida IIVning 113 nafar xodimi jarohatlangan, ulardan 4 nafari tibbiyot muassasalarida davolanmoqda.
“Ichki ishlar vazirligining chaqirigʻiga qaramay, Rustaveli prospektida davom etayotgan aktsiya tinch yigʻilish doirasidan chiqib ketdi, shuning uchun IIV parlament atrofini boʻshatish uchun guruhdagi zoʻravonlik harakati ishtirokchilariga nisbatan qonunda nazarda tutilgan maxsus choralarni qoʻllamoqda”, — deyiladi departament matbuot xizmati xabarida.
Avvalroq Gruziya parlamentini noqonuniy deb eʻʻlon qilgan va prezidentlik mandatini isteʻʻfoga chiqarishdan bosh tortgan Salome Zurabishvili maktablarni hukumatga qarshi namoyishlarga qoʻshilishga chaqirdi. "Universitetlardan soʻng Gruziya boʻylab norozilik namoyishlari bilan birdamlik bildirish navbati maktablarga keldi", deb yozdi u X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida.
Gruziyada ommaviy norozilik namoyishlari aslida oktyabrʻ oyi oxirida hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi parlament saylovlarida gʻalaba qozonganidan keyin boshlangan. Ovozlarni sanashda firibgarlikka yoʻl qoʻyilgani haqidagi gumonlar aholining bir qismida norozilikarga sabab boʻldi. Noyabrʻ oxirida bosh vazir Irakliy Kobaxidze Evropa Ittifoqi bilan mamlakatning Evropa integratsiyasi boʻyicha muzokaralar 2028 yilgacha qoldirilganini eʻʻlon qilganidan keyin esa norozilik kuchaydi. Mitinglar toʻlqini Tbilisi, Batumi, Kutaisi va boshqa shaharlarni qamrab oldi. Namoyishlar chogʻida qattiq choralar qoʻllagan politsiya bilan toʻqnashuvlar yuz berdi.
Namoyishlar ortidan Gruziyaning xorijdagi besh elchisi isteʻʻfoga chiqdi. 135 dan ortiq diplomat rasmiylarning Evropa integratsiyasi boʻyicha muzokaralarni kechiktirish qarorini qoralagan bayonotni imzoladi. Tanqidlar Milliy bank, Taʻʻlim vazirligi, Tbilisi meriyasi va Konstitutsiyaviy sud xodimlaridan ham keldi. Mamlakatdagi baʻʻzi universitetlar Evropa integratsiyasini rad etishdan norozilik sifatida ish tashlash eʻʻlon qildi va darslarni toʻxtatdi.
Litva, Latviya va Estoniya Gruziya rasmiylariga, jumladan, milliarder va sobiq bosh vazir Bidzina Ivanishviliga qarshi sanktsiyalar joriy etilganini eʻʻlon qildi. Estoniya Tashqi ishlar vazirligi cheklovlar “oʻzini oʻzi eʻʻlon qilgan Gruziya hukumati rahbariyatiga” qaratilganini hamda Evropa Ittifoqi va AQSh uchun namuna boʻlishi kerakligini aytdi.
Gruziya 2023 yil dekabrida Evropa Ittifoqiga nomzod maqomini olgandi. Gruziyaning Evropa Ittifoqiga toʻliq integratsiyalashuvi zarurligi mamlakat konstitutsiyasida ham qayd etilgan.