Spirtli ichimliklar taqiqlangan Eronning Mozandaron viloyatida 284 kishi metil spirtidan zaharlandi, ularning 21 nafari, jumladan, 3 nafar ayol hayotdan koʻz yumdi. Ayrimlarda koʻrlik, buyrak etishmovchiligi kabi salbiy oqibatlar qayd etildi.

Eron talabalar yangiliklar tarmogʻi (SNN) xabariga koʻra, Mozandaron sud tibbiyoti xizmati bosh direktori Ali Abbosiy viloyatda metil spirtidan kelib chiqqan kuchli zaharlanish tufayli 21 kishi halok boʻlganini maʻʻlum qildi.

Halok boʻlganlardan 18 nafarining erkak, 3 nafarining ayol kishi ekanligini taʻʻkidlagan Abbosiy metil spirtni isteʻʻmol qilishning koʻrlikka, buyrak etishmovchiligiga va oʻlimga sabab boʻlganini bildirdi.

Mozandaron Sogʻliqni saqlash fanlari universiteti davolash boʻlimi rahbari Rasul Zafermendning taʻʻkidlashicha, 284 kishi metil spirtini isteʻʻmol qilgani sababli zaharlanish belgilari bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Eronlik shifokorning aytishicha, halok boʻlganlardan tashqari 4 nafari koʻrish qobiliyatini yoʻqotgan, 81 nafari esa buyrak etishmovchiligi tufayli dializ moslamasiga ulangan.

Spirtli ichimliklar taqiqlangan Eronda arzonroq boʻlgani uchun baʻʻzan etil spirti oʻrniga kontrabanda ichimliklarda metil spirtidan foydalanish holatlari uchrab turadi.

Mavzuga aloqador