26.03.2024 08:40

BMT XK Ramazonda Gʻazoda zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi

BMT Xavfsizlik Kengashi 7 oktyabrdan buyon ilk bor Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatishni talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Ushbu qaror faqat Ramazon oyida Gʻazoda zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatishga chaqirishiga qaramasdan, doimiy va barqaror sulhga olib kelishi mumkin.

BMT Xavfsizlik Kengashining 15 aʻʻzosi doimiy boʻlmagan aʻʻzolar - Jazoir, Ekvador, Gayana, Yaponiya, Malʻta, Mozambik, Janubiy Koreya, Sʻerra-Leone, Sloveniya va Shveytsariya tomonidan ishlab chiqilgan rezolyutsiya loyihasiga ovoz berdi.

Qaror loyihasi 14 ta “ha”, 1 ta “betaraf” ovoz bilan qabul qilindi. AQSh ovoz berishda betaraf qoldi.

Uzoq davom etgan muzokaralardan soʻng rezolyutsiya loyihasida “doimiy oʻt ochishni toʻxtatish” iborasi boʻyicha kelishib olindi. Oxirgi daqiqada AQSh delegatsiyasi rezolyutsiya loyihasi matniga «doimiy» soʻzini «noaniq» soʻzi bilan almashtirib, oʻzgartirish kiritishni soʻradi. Taxminlarga koʻra, AQSh shu yoʻl bilan oʻt ochishni toʻxtatish jarayoniga moslashuvchanlikni qoʻshgan.

Rossiya tomonidan taklif qilingan, ovoz berishdan oldin matnni asl shakliga oʻzgartirgan tuzatishga Qoʻshma Shtatlar veto qoʻydi.

7 oktyabrdan keyin BMT Xavfsizlik Kengashi ilk bor Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatishni talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qildi.

Ramazondagi sulh doimiy sulhga aylanishi kerak

Rezolyutsiyada BMT Xavfsizlik Kengashining Falastin masalasida shu paytgacha qabul qilingan rezolyutsiyalari eslatilib, barcha tomonlar xalqaro huquq, xalqaro gumanitar huquq va xalqaro inson huquqlari qonunlariga rioya qilishga majbur ekani taʻʻkidlanadi.

Rezolyutsiyada tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga qilingan hujumlar hamda barcha terrorchilik harakatlari qoralangan va asirlarni olish xalqaro huquq normalarining buzilishi ekanligi qayd etilgan.

Hujjatda Gʻazo sektoridagi ogʻir gumanitar vaziyatdan chuqur xavotir bildirilgan hamda Misr, Qatar va Qoʻshma Shtatlar tomonidan olib borilayotgan diplomatik saʻʻy-harakatlar yuqori baholangan.

Rezolyutsiyada “Ramazon oyida zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatish, bu barcha tomonlar tomonidan hurmat qilinadigan hamda doimiy va barqaror oʻt ochishni toʻxtatishga, shuningdek, barcha garovga olinganlarni zudlik bilan va soʻzsiz ozod qilishga” chaqirilib, ular uchun insonparvarlik va tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatini yaratishni talab qilgan.

Qaror tomonlarni asirga olinganlarga nisbatan xalqaro huquq doirasidagi majburiyatlarini bajarishga chaqiradi.

Rezolyutsiyada Gʻazo sektoriga insonparvarlik yordami etkazib berish hajmini zudlik bilan oshirish muhimligi taʻʻkidlanadi hamda tinch aholi himoyasi yoʻlidagi barcha toʻsiqlarni olib tashlash va zarur insonparvarlik yordamini koʻrsatish talab etiladi.

Qarorda vaziyat yaqindan kuzatilishi taʻʻkidlangan.

AQSh rezolyutsiyasi loyihasi

22 mart kuni ovozga kiritilgan hamda Xitoy va Rossiya tomonidan veto qoʻyilgan AQSh rezolyutsiya loyihasi 20 fevralʻ kuni muzokaralar uchun ochilgan edi. Rezolyutsiya loyihasida Gʻazodagi oʻt ochishni toʻxtatish garovga olinganlarni ozod qilish bilan bogʻlangan va diplomatiyani qoʻllab-quvvatlashga chaqirilgan.

AQSh oʻz loyihasida Falastinning qarshilik kuchlari hisoblangan “HAMAS va boshqa guruhlarni  “terroristik va ekstremistik” deb taʻʻriflagan va ular “Falastin xalqini ifodalamasligi”ni taʻʻkidlagan. 

Mavzuga aloqador