16.03.2024 09:12

BMT: Suriyada 16,7 mln kishi gumanitar yordamga muhtoj

Suriyada fuqarolik urushi boshlanganiga 13 yil toʻldi. Bu muddat davomida 306 mingdan ziyod suriyalik halok boʻldi, 5 mln dan ortiq kishi qoʻshni davlatlardan boshpana topdi, 7 mln kishi esa ichki qochqinga aylandi. Ayni paytda 16,7 mln kishi gumanitar yordamga muhtoj.

Hozirda Suriyada 16,7 mln kishi gumanitar yordamga muhtoj. Bu haqda BMT bosh kotibining Suriya boʻyicha maxsus vakili Geyr Pedersenning Suriyada qurolli mojaro boshlanganining 13 yilligi munosabati bilan bergan bayonotida aytiladi, deya xabar qildi Anadolu.

Pedersenning taʻʻkidlashicha, inqirozga siyosiy echimga haligacha erishilmagan, mintaqadagi keskinlik esa vaziyatni yanada fojiali qilmoqda.

“Suriya xalqi uzoq vaqt davomida jamiyatning barcha sohalariga taʻʻsir koʻrsatuvchi soʻzsiz zoʻravonlik va vayronagarchiliklardan aziyat chekdi. Suriyadagi gumanitar inqiroz chuqurlashishda davom etmoqda, 16,7 mln kishi gumanitar yordamga muhtoj. Bu mojaro boshlanganidan beri eng yuqori koʻrsatkich”, — dedi u.

Maxsus vakilning qoʻshimcha qilishicha, 5 mln dan ortiq suriyalik qochqin qoʻshni davlatlarda boshpana topgan, 7 mln dan ziyod kishi esa mamlakat ichida oʻz uyini tashlab ketgan.

Pedersen mojaroning barcha tomonlarini zoʻravonlikni zudlik bilan toʻxtatishga, tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasini himoya qilish boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga, oʻzboshimchalik bilan hibsga olinganlarni zudlik bilan va soʻzsiz ozod qilishga chaqirdi.

Shuningdek, u xalqaro hamjamiyatni ishonchni mustahkamlash choralarini koʻrish, Suriya Konstitutsiyaviy qoʻmitasi faoliyatini qayta boshlash va BMT Xavfsizlik kengashining 2254-sonli rezolyutsiyasiga muvofiq barcha mavjud masalalarni har tomonlama muhokama qilish uchun kuchlarni birlashtirishga va siyosiy bosim oʻtkazishga chaqirdi.

BMT Inson huquqlari boʻyicha boshqarmasining 2022 yilgi maʻʻlumotlariga koʻra, Suriyada 2011 yilning 1 martidan 2021 yilning 31 martigacha boʻlgan davrda 306 887 nafar tinch aholi halok boʻlgan.

Mavzuga aloqador