13.03.2024 09:45

Belʻgiyada kontslagerlardagi yahudiylar ustidan kulgan sobiq deputat qamaldi

Belʻgiya parlamentining sobiq deputati, oʻta oʻngchi Dris Van Langenxove yahudiylarga qarshi “nafrat va irqchilikni qoʻzgʻatish” aybi bilan bir yil muddatga qamaldi. U oʻzi tashkil etgan yoshlar harakati xabarlashuv guruhiga fashistlar ramzi (svastika) boʻlgan va kontslagerlardagi yahudiylar ustidan kulingan video va fotosuratlar joylashtirilgani uchun aybdor deb topildi.

Belʻgiya parlamentining sobiq oʻta oʻngchi aʻʻzosi Dris Van Langenxove Holokostni inkor etganlik uchun sud jarayoni doirasida "nafrat va irqchilikni qoʻzgʻatish" aybi bilan 1 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi, deya xabar bermoqda Anadolu.

Belʻgiya ommaviy axborot vositalari xabarlariga koʻra, Van Langenxov 2018 yilda asos solgan Schild & Vrienden (“Qalqon va doʻstlar”) oʻta oʻngchi yoshlar harakatining xabarlashuv guruhiga irqchilik va antisemitistik izohlar bergani uchun sud qilingan.

Sud Van Langenxoveni Schild & Vrienden harakati asoschisi sifatida “nafrat va irqchilikni qoʻzgʻatgan” deb topdi va sobiq deputatni 1 yil muddatga ozodlikdan mahrum etib, 16 ming evro jarima va 10 yilga saylovlarda ishtirok etishdan mahrum qildi.

Van Langenxovega qalampirli gaz ballonchalari sotgani uchun 10 oylik shartli qamoq jazosi ham tayinlandi.

Sudda himoyachi yoshlar harakatining xabarlar guruhidagi soʻzlarini “zararsiz hazillar” deb taʻʻrifladi, biroq sudʻya gap “Xolokostni inkor etish va qoralash” haqida ketayotganini aytdi.

Sobiq deputat yoshlar harakati asoschisi ekaniga urgʻu qaratgan sudʻya u “oʻzini jinoyatchilardek tutib, nafrat va zoʻravonlikni qoʻzgʻatishga hissa qoʻshganini” taʻʻkidladi. Shuningdek, uni uni “natsizm gʻoyalariga oshiq boʻlish”da aybladi.

Siyosatchining advokati hukm ustidan shikoyat qilishlarini maʻʻlum qildi: “Biz darhol apellyatsiya beramiz. Bu ishning yagona yaxshi tomoni shundaki, sudʻya tez orada nafaqaga chiqadi”.

Nima boʻlgan edi?

2023 yil fevralida Gent prokuraturasi ilgari Vlaams Belang oʻta oʻng partiyasi roʻyxati boʻyicha saylangan federal parlamentning mustaqil aʻʻzosi boʻlgan Van Langenxove sudga tortilishini eʻʻlon qildi.

Van Langenxove 2018 yilda oʻzi asos solgan Schild & Vrienden yoshlar harakati uchun guruh xabarida irqchilik va antisemitistik fikrlar bildirganlikda ayblangan.

2018 yilda Belʻgiyaning VRT jamoat teleradiokompaniyasi guruh aʻʻzolari kontslagerlarda svastikalar va yahudiylarni masxara qiluvchi video va fotosuratlarni joylashtirgani haqida xabar bergan edi.

Prokurorlar sobiq deputat guruh rahbari ekani, guruh aʻʻzolariga shunday mazmundagi xabarlarini tarqatishlari mumkin boʻlgan muhitni yaratgani va buni amalga oshirishga toʻsqinlik qilmaganini qayd etdi.

Sobiq deputat 2018 yilda antisemitizm xabarlari paydo boʻlganidan bir yil oʻtib «gumonlanuvchi» sifatida hibsga olingan va Ikkinchi Jahon urushi mobaynida kontslager sifatida foydalanilgan Belʻgiyadagi Kazerne-Dossen Xolokost yodgorlik markaziga tashrif buyurish sharti bilan ozod qilingan.

U 2023 yil 4 fevralda parlamentdan isteʻʻfoga chiqdi.

Mavzuga aloqador