16.03.2024 12:19

AQShdagi musulmon va arab jamoalari Bayden vakillari bilan uchrashishdan bosh tortdi

AQShning Gʻazoga nisbatan siyosatidan gʻazablangan musulmon etakchilar va siyosatchilar Chikagoda prezident Jo Bayden taklif qilgan yigʻilishda qatnashishdan bosh tortdi. Mamlakatdagi kamida 29 ta arab va musulmon tashkiloti hamda bir qancha jamoat faollari uchrashuvda qatnashishdan bosh tortgani aytilgan jamoaviy maktubni imzoladi.

Kamida 29 ta arab va musulmon tashkiloti etakchilari, shuningdek, bir qancha jamoat faollari Baydenning yordamchilari bilan uchrashishdan bosh tortgan xatni imzoladilar, deya xabar qildi ArabNews.

Qayd etilishicha, Bayden Isroilning 31 mingdan ortiq falastinlikni oʻldirgan Gʻazoga bostirib kirishini qoʻllab-quvvatlagani uchun qattiq tanqidga uchramoqda. Koʻp sonli arab va musulmon saylovchilarga ega boʻlgan bir qancha shtatlarda oʻtgan soʻnggi saylovlar Bayden nomzodiga jiddiy qarshilik koʻrsatdi.

Jumladan, seshanba kuni Illinoys aholisi praymerizda ishtirok etadilar va oʻtgan payshanbaga rejalashtirilgan yigʻilish shu kunga toʻgʻri keldi.

“Bizning pozitsiyamiz aniq: prezident Bayden va uning jamoasi zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatish hamda Gʻazoga cheklovlarsiz yordam oqimi tarafdori boʻlmaguncha, har qanday uchrashuv faqat suratga tushish vazifasini bajaradi”, - dedi fuqarolik jamiyati tashkilotlaridan birining vakili Yusif Zegar.

 

Mavzuga aloqador