Biz “millat”, “milliylik”, “milliy qadriyatlar”, “milliy urf odatlar” haqida koʻp gapiramiz, biroq ushbu tushunchalarni oʻz oʻrnida ishlatamizmi? “Milliylik” deganda aslida nimani tushunishimiz kerak?Millatimizga xos boʻlgan xususiyatlar nimalardan iborat? Bugun ana shu savollarga javob qidiramiz. 


“Millat”, “oʻzlik”, “qadriyat” va “madaniyat” kabi tushunchalar turli soha vakillari yoki shaxslarning dunyoqarashiga qarab turlicha talqin qilinishi mumkin. Masalan, “millat” tushunchasini bir olim “etnik guruh“ yoki “etnosiyosiy birlik“ sifatida talqin qilsa, boshqa bir olim uni “madaniy birlik“ sifatida talqin qilishi mumkin.


Keling, avval “millat” soʻzining kelib chiqishiga nazar tashlaylik. Ushbu soʻz qadimgi ibroniy va oromiy tillaridagi “milal” soʻzidan olingan boʻlib, “gapirmoq, aytmoq”, degan maʻʻnoni, “milla” soʻzi esa “soʻz, gap”, degan maʻʻnoni anglatadi.


Huddi shunday, arab tilidagi “yozdirish” maʻʻnosini beruvchi “imlo” soʻzidan olingan “millat” soʻzi ham “eshitilgan, yozib olingan, oʻqib olingan narsalarga asoslanish yoki unga ergashish”, degan maʻʻnoda ishlatiladi. Yurtimizdan etishib chiqqan, arab tilshunosligi va lugʻatshunosligi boʻyicha etuk olim Mahmud Zamaxshariy ham bu soʻzni “yurilayotgan, ergashilayotgan yoʻl” mazmunida qoʻllaganlar.


Demak, “millat“ soʻzi qadimdan “koʻrsatilgan yoʻl, chizib berilgan chiziq, ergashilayotgan hayot tarzi“ni ifodalagan. Aynan shu nuqtai nazardan oʻz davrida sharq mutafakkirlari “islom millati”, “nasroniy millati”, “yahudiy millati”, “majusiylar millati” kabi birikmalar orqali jamiyat va shaxsning qaysi tartib-qoida, ijtimoiy normalar, eʻʻtiqod va taʻʻlimotlarga, aniqrogʻi dinga ergashayotganini nazarda tutishgan.


Muqaddas Qurʻʻoni karimda ushbu soʻz Ibrohim, Ishoq va Yaʻʻqub paygʻambarlarga nisbatan ham qoʻllanilgan. Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga nozil boʻlgan din  “Ibrohimning millati” iborasi, shuningdek, haniflik va toʻgʻri yoʻl sifatlari bilan taʻʻriflangan. Bir oyatda nasroniylik dini “oxirgi millat” sifatida tilga olingan boʻlsa, boshqa oyatlarda botil dinlarga nisbatan ham “millat” soʻzi qoʻllanilgan. 


Hadisi shariflarda “millat” soʻzi “tugʻma eʻʻtiqod“, “tabiat va fitrat“ maʻʻnosida ham kelgan. Har bir bola yagona millatda – fitratda tugʻilishi, ammo keyinroq ota-onasi uni oʻzgacha eʻʻtiqodda tarbiyalashi haqidagi hadislar bunga misol boʻla oladi. 


Islomiy adabiyotlarda “millat“ iborasi “Alloh taoloning bandalari uchun yuborgan kitoblari va paygʻambarlar orqali belgilagan asoslari” koʻrinishida taʻʻriflanib, din va shariat maʻʻnolarini bildirgan. 


Ulugʻ Islom mutafakkiri Abu Homid Muhammad Gʻazzoliy “inson zotining mavjudligi bardavom boʻlishi uchun uning muayyan, adolatli va birlashtiruvchi asosga tayangan, oʻzaro yordam, himoya, xulq-atvor va oʻzaro munosabatlar toʻgʻri boʻlgan jamiyatda yashashga muhtoj ekani“ni aytadi. Imom Gʻazzoliy ana shunday jamiyatni shakllantiruvchi, uni barpo etuvchi asoslarning “millat” deb atalishiga urgʻu bergan. 


Muhammad Shahristoniy esa odamzotning bu dunyoda yashab, oxiratga tayyorgarlik koʻrishi uchun birgalikda yashashga muhtojligi, mazkur ijtimoiy tuzilma oʻzaro yordam va himoyani taʻʻminlaydigan shaklda boʻlishi lozimligi va uning “millat” deyilishi haqida yozgan.


Xulosa oʻrnida, “millat” deb, insonlarni oʻz atrofida birlashtira oladigan va uning ijtimoiy mavjudligini taʻʻminlaydigan asosiy qoidalar, anʻʻanalar, qadriyatlar, ijtimoiy normalar va hayot tarziga aytiladi. Shunga koʻra, ushbu jamiyatda yashayotgan shaxslarni “millat” emas, balki “jamiyat”, “xalq”, “ummat” yoki “millatdosh” deb atash toʻgʻriroq boʻladi. Millat – yoʻl, millatdosh – oʻsha yoʻldagi yoʻldosh.


Shuningdek, oʻn toʻqqizinchi asrning oxiridan boshlab Gʻarbda paydo boʻlgan “nation” atamasi dastlab oʻzbek tiliga “firqa”, “toifa” sifatida tarjima qilingan, biroq keyinchalik zamonaviy oʻzbek tilida uni “millat” soʻzi bilan ifodalash urfga aylandi.


Shunday qilib, “millat” atamasi mumtoz manbalarimizdagi asl mazmunidan uzoqlashib, toʻliq ijtimoiy va siyosiy tushunchaga aylandi. 


Xoʻsh, sizningcha oʻzbek millati bugun qanday adolatli asoslar atrofida jamlanishi kerak? Biz ergashadigan eng toʻgʻri yoʻl, millat qanday boʻlishi lozim? Bizning yoʻlimiz – millatimiz nima-yu, ushbu yoʻldagi yoʻldoshlarimiz - millatdoshlarimiz kimlar? 


© Tarix va siyosat

Mavzuga aloqador