Islomofobiya – musulmonlardan qoʻrquv mahsulimi?
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Dushmanga qarshi qoʻrqinch yordamida gʻolib qilindim! Agar men bilan ularning orasi bir oylik yoʻl boʻlsa ham, bundan qalblari qoʻrqinchga toʻla boʻladi”, deganlar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam ushbu gaplarini: “Menga bundan oldingi paygʻambarlarga berilmagan beshta narsa berilgan”, degan joyda aytib oʻtganlar. Yaxshilab oʻylab koʻrilsa, ana shu beshta xislat Paygʻambarimiz alayhissalom tufayli ummatlariga ham berilgan, deyishimiz mumkin.
Afsuski,
din dushmanlari tomonidan tizimli va puxta ishlab chiqilgan reja asosida oxirgi
30-40 yilda islom dinidan qoʻrqish va qoʻrqitish holati butun dunyo boʻylab yoyilib
ulgurdi. Buning natijasida “islomofobiya” atamasi paydo boʻldi. “Fobiya” –
“qoʻrquv” maʻʻnosida boʻlib, “islomofobiya” soʻzi “islomdan qoʻrqish” maʻʻnosini
anglatadi.
Aslini olganda, bu ham musulmonlar boshiga tushgan taqdiri
ilohiy boʻlib, goʻyo undan bizni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam
ogohlantirganlar. Musulmonlar oʻz taqdirlariga, ilohiy qismatga rozi boʻlishlari,
sabr-toqatli va bardoshli boʻlishlari kerak. Imom Buxoriy bobomiz rivoyat qilgan
hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam: نُصِرْتُ بِالرُّعْبِ مَسِيرَةَ
شَهْرٍ – “Bir oylik masofadagi qoʻrqinch sababli gʻolib qilindim!” deganlar
(Buxoriy, 1/438; Muslim, 1/521).
Imom Ahmad esa ushbu rivoyatni bu tarzda naql qilganlar:
نصرت على العدو بالرعب ولو كان بيني وبينهم مسيرة شهر لملئ منه
رعبا
“Dushmanga qarshi qoʻrqinch yordamida gʻolib qilindim! Agar men
bilan ularning orasi bir oylik yoʻl boʻlsa ham, bundan qalblari qoʻrqinchga toʻla
boʻladi” (Ahmad, 2/7068).
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam ushbu gaplarini:
“Menga bundan oldingi paygʻambarlarga berilmagan beshta narsa berilgan”, degan
joyda aytib oʻtganlar. Yaxshilab oʻylab koʻrilsa, ana shu beshta xislat Paygʻambarimiz
alayhissalom tufaylidan ummatlariga ham berilgan, deyishimiz mumkin. Imom
Buxoriy bobomiz mazkur hadisni rivoyat qilar ekanlar, uni dalillash maqsadida
oyati karimadan ham iqtibos keltiradilar:
سَنُلْقِي فِي قُلُوبِ الَّذِينَ كَفَرُوا الرُّعْبَ بِمَا أَشْرَكُوا
بِاللَّهِ مَا لَمْ يُنَزِّلْ بِهِ سُلْطَانًا وَمَأْوَاهُمُ النَّارُ وَبِئْسَ مَثْوَى
الظَّالِمِينَ
“Alloh hujjat nozil qilmagan (but, sanam kabi) narsalarni
Unga sherik qilganlari uchun tezora kofirlarning dillariga vahima solurmiz.
Ularning borar joylari doʻzaxdir. Zolimlarning joyi naqadar yomon!” (Oli Imron,
151).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sharofatlari orqali
ummati Muhammadiy
maʻʻnan gʻolibdirlar. Ulardan bir oylik uzoqlikda boʻlsalar ham dushmanlar qoʻrquv
iskanjasida qolaveradilar. Shu darajada islomdan va musulmonlardan qoʻrqadilarki,
kecha-kunduz islomga va musulmonlarga nisbatan zulmu sitam qilishga chogʻlanadilar.
Islomofobiya zulm va sitamga asoslanadi. Zotan, bizga islomofobiya boʻlishi,
hayotimizda islomofobiyaga uchrashimiz haqida bashorat qilgan yuqoridagi oyati
karimada aytilganidek, “Ularning borar joylari doʻzaxdir. Zolimlarning joyi
naqadar yomon!”
Islomofobiya islom tarixiga, musulmonlar peshonasiga yozilgan
ayanchli taqdirdir. Ushbu soʻzning qachon aytilganining ahamiyati yoʻq, uning mohiyati
va harakati sevimli Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam tugʻilgan
kundan boshlangan. U bugungi kungacha yayrab-yashnab kelmoqda va u qiyomatgacha
qoladigan harakatdir. Ustozimiz Shayx Doʻstmuhammad Tursun rahimahulloh:
“Musulmonlarga hech bir zamonda yaxshi davr boʻlgan emas! Muammolar barcha
zamonlarda mavjud boʻlgan” deguvchi edilar. Zotan, muammolar musulmonlar uchun bir
sinovdir. Bu sinov musulmonlarni toblaydi, muammolar qarshisidagi
musulmonlarning savobi koʻpayadi, gunohlari esa yuviladi. Muammolar
musulmonlarning kuchlariga kuch qoʻshadi, gʻayratiga gʻayrat endiradi, gʻalaba va
nusrat bagʻishlaydi. Islomofobiya esa barcha zamonlardagidek oʻz qoʻrqinchiga
qovrilib, magʻlub boʻlib qolaveradi. Islomofobiyaning etagini tutganlar ikki
dunyoda xor, rahmatga esa zor boʻlib qolaveradi. Zotan, Soʻfi Allohyor bobomiz
aytganlari ayni haqiqatdir:
Hasad etgan kishi dun-i dagʻaldur,
Bu bir soʻz xalq aro eski masaldur:
“Chirogʻiniki, Haq yondurdi qoʻydi,
Ani kim “puf” dedi, soqoli kuydi”.
Islomofoblarga
achining, uning etagini tutganlarning qalblari qoʻrqinchdan kuyib ketayotganidan
Sizning ruhingiz koʻtarilsin. Aslo mahzun boʻlmang! Gʻayrat-shijoat, gʻalaba va
nusrat Sizga yor boʻlsin!
Hamidulloh Beruniy.