Rossiya qoʻshinlari 2,5 yillik urinishlardan soʻng Ugledarni egalladi
Rossiya qoʻshinlari Ukraina sharqidagi Ugledar shahri, Ukraina harbiylarining Donetsk viloyatidagi strategik nuqtasi ustidan toʻliq nazorat oʻrnatdi. Ugledar 2022 yilda urush boshlanganidan beri Rossiyaning shiddatli hujumlariga dosh berdi va 2,5 yil davomida egallashga boʻlgan barcha urinishlariga qarshi kurashib kelayotgandi.
1 oktyabrʻ kuni Rossiyaning Telegram-kanallarida rossiyalik
harbiy xizmatchilarning vayron boʻlgan binolar ustida rus bayrogʻini silkitayotgani aks etgan video
chop etildi. Urushdan oldin 14 mingdan
ortiq kishi yashagan
shahar butunlay vayron boʻlgan
- Ukraina barcha aholisini evakuatsiya qilgan.
"Moskovskiy komsomolets" gazetasining yozishicha, Ugledar Ukraina
qoʻshinlarining 72-mexanizatsiyalashgan brigadasi seshanba kuni kechqurun shaharni tark
etgandan soʻng egallangan.
SHOT Telegram-kanali va rossiyaparast harbiy blogerlar Rossiya Mudofaa
vazirligidan rasmiy xabar
berilmagan boʻlsa-da,
Ugledar toʻliq Rossiya nazorati ostida ekanligini tasdiqladi. 1 oktyabrʻ kuni
Ukraina hukumatining mintaqadagi vakili rus qoʻshinlari Ugledar markaziga etib
kelganini tasdiqladi.
Sharqiy va janubiy jabhalar kesishmasida joylashgan Ugledarni nazorat qilish strategik jihatdan juda
muhim boʻlib, u
Ukraina mudofaa chizigʻiga chuqurroq kirib borishga urinayotgan Rossiya yurishlarini engillashtiradi. Chunki Ugledar Qrimni Donbass bilan
bogʻlaydigan temir yoʻl liniyasi yaqinida joylashgan. Rossiya harbiylarining
navbatdagi nishoni - Ugledardan 80 km uzoqlikda joylashgan Pokrovsk.
Prezident Vladimir Putin iyulʻ oyida Rossiyaning asosiy taktik
maqsadi Ukraina janubi-sharqidagi butun Donbass mintaqasini nazorat ostiga olish
ekanligini aytgandi. Ayni paytda Moskva Ukraina
hududining beshdan bir qismidan sal kamroq qismini, jumladan Donetsk va Lugansk
viloyatlarining 80 foizini nazorat qilmoqda.