Arab mamlakatlarida demokratiya oʻzining ijobiy mevasini hanuz bermadi, aksincha bu mintaqada kelishmovchiliklar kuzatilmoqda. Bunga sabab sifatida baʻʻzi tadqiqotchilar: “Demokratiya arablarga toʻgʻri kelmaydi, chunki demokratiya oʻzi paydo boʻlgan gʻarb muhitiga xos, arablarga esa adolatli diktator kerak”, degan fikrni keltirmoqdalar. Sizningcha bu qanchalik toʻgʻri fikr? 
Bir qarashda “adolatli diktator” gʻoyasi mantiqiydek tuyuladi. Adolatli diktator deganda fikr-mulohazali, dono, kuch-qudratli, vijdonli, insoniy tuygʻularga ega shaxs nazarda tutiladi. Lekin bunday shaxsiyatning bugungi voqelikda mavjudligi haqiqatga yaqinmi yoki xayoliymi? Shu darajada komil inson bormi? Aksincha, tarixdan maʻʻlumki, diktatura adolatsizlik va korruptsiyaning poydevori, notoʻgʻri boshqaruv va tartibsizlikning asosi boʻlib kelgan.
 
Mafkuraviy elita
Haqiqiy demokratik hayotni yaratish jarayonidagi xato, kamchilik va qoqilish sabablarini oʻrganib chiqdik va quyidagi xulosalarga keldik: 
-  Demokratik jarayonlarning asosiy poydevori hisoblangan xalqning ongida demokratiya tushunchasining aniq-tiniq emasligi. Vaholanki, demokratik jarayonlarning borishida xalqning oʻrni juda katta. 
-  Hukumat uchun ham demokratiya tushunchasining aniq emasligi va hokimiyat almashinuvining tinch yoʻl bilan amalga oshmasligi. 
-  Demokratiya gʻoyasining xalqni boshqarayotgan arab elitasi ongida ochiq-ravshan emasligi. Chunki oʻzi istibdod davrida tugʻilib, ana shu davrda ulgʻaygan elitar qatlam mafkuraviy va dunyoviy liberal – ikki guruhga boʻlinib qolgan. Ikkinchi guruhning maqsadi tiyiqsiz shaxsiy erkinliklarning cheklanishiga, ayniqsa, gender tengligi niqobi ostida ayollarni zimdan ekspluatatsiya qilishni maʻʻqullash va unga qarshi turadiganlarni konservativlikda ayblab, ular bilan kurashdan iborat. Islom elitasi esa tiyiqsiz shaxsiy erkinliklardan koʻra odamlar hayoti va turmush tarziga ijtimoiy xulq-atvorning yaratilishga uygʻun namunasini kiritishga harakat qiladilar. Bu elitalar demokratiya tushunchasiga uzoq vaqt davomida qarshi kurashish kerak boʻlgan gʻarbning madaniy bosqini sifatida qarab keldilar. Shuningdek, soʻl partiya arab elitasi ham demokratiyaga nafrat bilan yondoshadi hamda kuch-bosim bilan boshqarishni tinchlik va barqarorlikka erishishning asosiy vositasi deb hisoblaydi.
-  Aksariyat arab elitasi vakillari bir-birlarini oʻzaro raqib deb bilishadi va eng birinchi imkoniyatdayoq raqiblarini magʻlub etish haqida bosh qotiradilar. 
Yuqoridagi sabablar arab mamlakatlarida zulmni orttirib yubordi va inqiloblardan keyin hukumat jilovini mustahkamlash uchun oltin imkoniyat taqdim etdi. 

Siyosiy qashshoqlik
Siyosiy elitaning qoʻllanishi: koʻpgina arab elitalari demokratiya uchun haqiqiy siyosiy kurash va u uchun nimanidir qurbon qilish holatini boshidan kechirmagan. Hukmdorning eʻʻtiborini oʻziga qaratish uchun demokratik fikrga qarshi kurashayotgan mafkuraviy oqimlarning koʻplab vakillarini uchratamiz. Mustabid ularni oʻzi bilan birga hukmronlik qilishda va mamlakat boyliklarini birgalikda baham koʻrishga ishora qilishi bilanoq, ularning koʻplari demokratiya gʻoyasiga qarshi chiqib, bu istibdod davlatini turli nomlar bilan ziynatlab, xalq orasida oqlashga harakat qiladilar.
Arab mamlakatlaridagi saylov tizimining qoloqligi: arab xalqlari inqilobni amalga oshirgandan soʻng, siyosiy va huquqiy elitada ular xohlagan narsaning tafsilotlari yoʻqligi maʻʻlum boʻldi. Ular nimani xohlamasligini biladigan, lekin nima istayotganini bilmaydigan elitalardir.
Bu mustabid tuzumlar qoldirgan va jamiyatning barcha tabaqalarini qamrab olgan katta siyosiy qashshoqlik holatining tabiiy natijasidir. Mustabid tuzumlarning bu qilmishlari har qanday ogohlik holatini, kelajakdagi demokratik hayotni, hatto ketganlaridan keyin ham barbod qilish edi va bunga ham erishdi.
Respublika tuzumlarida boshqaruvning eng muhim qoidalarini bilish va tushunishning etishmasligi mavjud edi, chunki demokratik respublika rejimlari falsafasi prezidentning oʻzi boshqaruv funktsiyalarini bajaradi degan gʻoyaga asoslanadi. Buning uchun barcha teran davlat (davlat ichra davlat – glubinnoe gosudarstvo) institutlari uning dasturi va qarashlari u bilan hamohang boʻlishi kerak.
Inqilobiy kuchlar kiritgan saylov tizimlari saylangan prezidentni hokimiyatga qanday olib kelishga qaratilgan edi, biroq ular saylangan prezidentga chinakam hukmronlik qilish imkoniyatini berish qanday muhimligini tan olishmadi. 
Modomiki teran davlat, uning rahbarlarini tayinlash va ishdan boʻshatish prezidentning vakolati va qarorlari ostida boʻlmas ekan, prezidentning mustaqil boshqaruvi haqida gap ham boʻlishi mumkin emas.
Arab parlamentar boshqaruv tizimlariga kelsak, asl parlament boshqaruvi falsafasidagi koʻpchilik hukmronlik qiladi, qonun chiqaradi, himoya qiladi va hukmdorlar farmon-qarorlarini tasdiqlaydi, ozchilik esa kuzatadi va, lozim boʻlsa, qarshi chiqadi. Bularning barchasi faqat parlamentda koʻpchilik va ozchilikni tashkil etadigan saylov tizimi orqali amalga oshishi mumkin, degan gʻoyani oʻz mohiyatidan qanday mahrum boʻlganiga guvoh boʻldik.
Demokratiyani oʻgʻirlash
Aksar hollarda hech bir partiya parlamentda koʻpchilik oʻringa ega boʻlmaydigan, siyosiy maʻʻnoda muallaq parlamentlar tashkil qilinadigan arab parlament tizimlarida bunday holat kuzatilmaydi. Bu esa siyosiy kuchlarni koalitsiya va kvotali hukumatlarga oʻtishga olib keldi, natijada amalda parlament boshqaruvining eng xunuk suratini namoyish etishdi.
Bularning barchasi qonunchilik va saylov tizimlaridagi nuqsonlar, birinchi navbatda, saylov tizimida minimal va maksimal kvorum chegarasining yoʻqligi natijasi edi. Bu esa boshqaruvga qodir boʻlmagan turli xil siyosiy ozchiliklarning parlamentlari paydo boʻlishiga olib keldi.
Demokratiya davlat aktivlari va byudjetni boshqarish va qayta taqsimlashda eng zoʻr boʻlganlar oʻrtasidagi raqobat holatiga asoslanmaguncha haqiqiy natijalarni keltira olmaydi. 
Demokratik poygadagi raqibi bilan ziddiyat va qarama-qarshiliklarni hal qilish uchun qattiq kuch ishlata oladigan har qanday odam demokratiyani buzadi. Qurol va qattiq kuch mavjud boʻlsa, dastur va taklifning kuchi yoʻqoladi va demokratiya oʻz qadriyati va falsafasidan mosuvo boʻladi.
Aniq standartlar
Arablarning saylov kurashlarida qon rishtalari va qabilachilikdan foydalanishi demokratiya gʻoyasi va falsafasiga ziddir. Saylov kurashlarida qabila hokimiyati, taʻʻsiri, kuchi va nazoratini isbotlash uchun qabiladan foydalanish va ularni ijtimoiy birliklardan mavsumiy siyosiy birliklarga aylantirish demokratik jarayonni maʻʻnosiz qiladi va uning natijalarini qoralaydi.
Shuningdek, siyosiy populizmning kuchayishi va uning arab xalqlari orasida tarqalishi – demokratiyani odamlarning muammolari, talablari va ular intilayotgan narsalarini tezda hal qilish uchun sehrli tayoqcha sifatida koʻrsatishga urinish ham butun demokratik jarayonni barbod qilishga oʻz taʻʻsirini oʻtkazdi. Biz siyosiy populizmning qanday qilib arab inqiloblari davrida baʻʻzi xalqlarni demokratiyaga qarshi hayqirishi, yakkahokimlikni qoʻllab-quvvatlashi va olqishlashiga, diktator foydasiga davlat institutlarini demontaj qilishni qoʻllab-quvvatlashga qay darajada qodirligini aniqladik.
Gʻarb demokratiyasi kuch ishlatish va ruhoniylarning demokratik jarayonni oʻgʻirlashiga yoʻl qoʻymaslik uchun aniq standartlarni belgilay oldi, Gʻarb demografik holati tufayli u qabilaviy muammoga duch kelmadi, lekin  haligacha pulni zararsizlantirib, tadbirkorlardan oʻzini toʻliq himoya qila olmadi. Vaziyatni yumshatishga qonunchilik urinishlari boʻlsa-da, ular siyosiy jarayonlarni buzishda pulning rolini bartaraf eta olmadi. Maʻʻlum bir huquqbuzarliklarni belgilovchi qonunlar ishlab chiqildi. saylov tashviqotini cheklash, moliyalashtirish manbalarini eʻʻlon qilish va saylov kampaniyalarini tashqi moliyalashtirishni taqiqlash, tuhmat va pul yuvishni jinoiy javobgarlikka tortish... va hokazo.
Gʻarbdagi populizm hamon demokratik jarayon va saylov natijalariga vaqti-vaqti bilan turli darajada taʻʻsir koʻrsatmoqda, biroq, albatta, ularning populizmi arab mamlakatlaridagi kabi dushmanlik va demokratiyaga putur etkazish darajasiga etmagan, Trampning tashkil etilgan institutlar ustidan hukmronlik oʻrnatishga va sud taʻʻqibiga qarshilik koʻrsatishga urinishi bundan mustasno. 
Haqiqiy va nufuzli arab demokratik davlatini barpo etish uchun biz uning bilim va fanlarini maktab va universitet taʻʻlimining barcha bosqichlarida tarqatish orqali demokratiyani madaniyat va hayotiy xulq-atvorga aylantirishimiz va arab siyosiy elitasini etiltirishimiz kerak, shunda demokratiya oʻz strategik yoʻliga ega boʻladi oʻz gʻoyalari va loyihalarini ifoda etadi.
Shu bilan birga, biz demokratik jarayonni uning toʻrt buzuvchisi: “qattiq kuchdan foydalanish, xato yoʻldagi ruhoniylar, qabilachilik va arzon siyosiy populizmdan” himoya qiladigan kuchli qonunchilik va siyosiy tamoyillarni oʻrnatishimiz kerak.
Muhammad al-Avdat
Iordaniyalik huquqshunos va yozuvchi

Maqolalarda bildirilgan fikrlar muallifga tegishli boʻlib, tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmasligi mumkin.

Mavzuga aloqador