Turkiya Isroil razvedkasini ogohlantirdi: Jiddiy oqibatlari boʻladi
Isroilning Falastindan tashqarida yashovchi HAMAS a’zolarini yo‘q qilish rejasi haqidagi xabar ortidan Turkiya Isroil razvedka bo‘linmalarining mamlakatdagi noqonuniy faoliyatlari jiddiy oqibatlarga olib kelishini ma’lum qildi.
Avvalroq Amerikaning Wall Street Journal gazetasi Isroil razvedka bo‘linmalari Livan, Turkiya va Qatarda yashovchi HAMAS a’zolariga qarshi suiqasd rejalarini tuzayotganini yozgan edi.
Shin-Bet (Shabak) Isroil kontrrazvedka xizmati direktori Ronen Bar KAN Isroil davlat televideniyesi efirga uzatgan lavhada butun dunyoda, jumladan, Qatar, Turkiya va Livandagi HAMAS yetakchilarini qancha yil ketsa ham o‘ldirishga qat’iy qaror qilinganini bildirgan edi.
Turk razvedka manbalari xalqaro matbuotdagi Falastindan tashqarida yashovchi HAMAS a’zolari nishonga olinishi haqidagi xabarlar hamda Isroil rasmiylarining bu boradagi bayonotlariga asoslanib, ularga zarur ogohlantirishlar berilgani, aks holda har qanday xatti-harakat jiddiy oqibatlarga olib kelishi aytilganini ma’lum qildi.
Anadolu agentligi bilan suhbatlashgan rasmiylar avvalroq turli razvedka xizmatlari Turkiya hududida noqonuniy faoliyat olib borishga uringanini eslatib, hech bir xizmatning bunday operatsiyalarni amalga oshirishiga ruxsat berilmasligini ta’kidladi.