31.08.2024 18:00

"Bugun biz ozodmiz!" — Bangladeshda inqilob. Osiyoning "temir xonim"i nega hokimiyatdan agʻdarildi?

Dunyodagi vaziyat xatarli tus olmoqda. Kechagina barqarorlik makoni boʻlgan mintaqalar mavhumlik va beqarrlik manziliga aylanyapti. Yaqin paytlargacha kuchli rivojlanayotgan Osiyoning kuchli davlatlaridan biri – Bangladeshdagi talatoʻplar bunga msisol boʻla oladi. Bangladesh Bosh vaziri, mamlakat asoschisi va “millat otasi” Mujibur Rahmonning qizi Shayx Hasina Vazed talabalar boshchiligida bir necha hafta davom etgan norozilik namoyishlari halokatli va umummilliy tartibsizliklarga aylanib ketganidan soʻng isteʻʻfoga chiqib, mamlakatni tark etdi. Xabarlarga koʻra 76 yoshli bu ayol siyosatchi vertolyotda Hindistonga qochib ketdi va Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana soʻradi. Bu Bangladeshning 2009-yildan beri hokimiyatida boʻlgan va mamlakatni 20 yildan koʻproq vaqt davomida boshqargan bosh vazir hukmronligining kutilmagan yakuni boʻldi. Shayx Hasina shu paytgacha eng mamlakatni uzoq vaqt davomida boshqargan Bosh vazir edi. Siyosatchilik 1947-yilda Sharqiy Bengaliyada musulmon oilasida dunyoga kelgan Hasina xonimning qonida bor. Uning otasi millatchi lider Shayx Mujibur Rahmon, Bangladeshning “millat otasi” boʻlib, u mamlakatning 1971-yilda Pokistondan mustaqil boʻlishiga boshchilik qilgan va mamlakatning birinchi prezidenti boʻlgan. Oʻsha paytda Hasina xonim Dakka universitetida talabalar etakchisi sifatida obroʻ qozongan. Uning otasi 1975-yildagi harbiylar tomonidan uyushtirilgan davlat toʻntarishda deyarli butun oila aʻʻzolari bilan birga oʻldirilgan. Faqat Hasina xonim va uning singlisi oʻsha paytda Germaniyada sayohatda boʻlganlari tufayli omon qolishgan. Shundan keyin Hasina Hindistonda quvgʻinda yashaydi, 1981-yilda Bangladeshga qaytib keladi va otasi aʻʻzo boʻlgan “Avami ligasi” siyosiy partiyasining rahbariga aylanadi. U general Husayn Muhammad Ershodning harbiy hukmronligi davrida demokratiya tarafdori boʻlgan boshqa partiyalar bilan kuch birlashtiradi. Qoʻzgʻolonlarda xalq tomonidan qoʻllab-quvvatlangan Hasina tez orada milliy siyosiy timsolga aylanadi. U birinchi marta 1996-yilda hokimiyatga saylangan, Hindiston bilan suv taqsimoti va mamlakat janubi-sharqidagi qabilaviy isyonchilar bilan tinchlik bitimini imzolagani uchun obroʻ qozongan.

Soʻnggi yillarda Janubiy Osiyo davlatining iqtisodiy taraqqiyotiga hissa qoʻshgan Hasina xonim oʻz siyosiy faoliyatini demokratiya tarafdori sifatida boshlagan. Biroq, soʻnggi yillarda u avtokratga aylanganligi aytilib, oʻz boshqaruviga qarshi har qanday qarshilikni bostirganlikda ayblanmoqda. Uning hukmronligi davrida siyosiy sabablarga koʻra qamoqqa olish, izsiz gʻoyib boʻlish, hukmsiz qatllar va boshqa huquqbuzarliklar koʻpaydi. Shu bilan birga uning hukumati koʻplab korruptsion biznes bitimlari tuzishda ayblanib, Hindistonga haddan tashqari boʻysunishi sabab tanqid qilindi. Ayblovlar yogʻdirilayapti. Ularda jon bor. Biroq Hasina xonim boshqargan davrdagi Bangladesh ziddiyatlar toʻla koʻrinishga ega. Birinchidan, bir paytlar dunyoning eng qashshoq davlatlaridan biri boʻlgan bu davlat 2009-yildan beri uning rahbarligida mustahkam iqtisodiy muvaffaqiyatlarga erishdi. Hozir u mintaqadagi iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biri boʻlib, hatto qoʻshnisi Hindistondek yirik davlatdan ham oshib ketadi. Ikkinchidan, soʻnggi oʻn yil ichida uning aholi jon boshiga daromadi uch baravar oshgan va Jahon banki hisob-kitoblariga koʻra, soʻnggi 20 yil ichida 25 milliondan ortiq odam qashshoqlikdan qutulgan. Ushbu oʻsishning katta qismi Bangladeshdagi jami eksportning katta qismini tashkil etuvchi toʻqimachilik sanoati sababdir. Soʻnggi oʻn yilliklarda soha tez rivojlanib, Bangladeshda ishlab chiqarilgan kiyim-kechak mahsulotlari Evropa, Shimoliy Amerika va Osiyo bozorlariga kirib bordi. Uchinchidan, Hasina xonim hukumati mamlakatning oʻz mablagʻlari, kreditlari va rivojlanish yordamidan foydalangan holda ulkan infratuzilma loyihalarini, jumladan Ganga daryosi orqali oʻtadigan 2,9 milliard dollarlik Padma koʻprigini qurdirgan. Ammo AQShning Bangladeshga qarashli orolga oʻz qoʻshinlarini joylashtirish talabiga rozi boʻlmaslik, betaraf va mustaqil tashqi siyosat yuritishlik Hasina xonim karʻerasiga chek qoʻyilishiga olib kelgan sabablardan nazarimizda. AQSh va Buyuk Britaniya bitta “tuynuk” dan unumli foydalana oldi. Ular talabalar etakchilarini davlat xizmatidagi ish joylaridagi kvotani bekor qilish talabi bilan koʻchalarga chiqish ortida turishdi. Ularni harakatga keltirishdi. Gap shundaki, 2024 yil iyun oyida quyi sud Pokistondan mustaqil boʻlish uchunr urushda qatnashgan faxriylarning qarindoshlari uchun 2018 yilda Shayx Xasina hukumati tomonidan bekor qilingan kvotalarni qaytadan kuchga kiritdi. Bu, aslida, talabalar tartibsizliklarining boshlanishiga olib keldi. Bangladesh Oliy sudi bu qarorni bekor qilib, kvotani 5 foizga qisqartirgan boʻlsada, bu yordam bermadi.

Oʻtmishda Shpyx Hasina koʻp xatolarga ham yoʻl qoʻydi. Demokrat arbobdan avtokratga aylandi. Hokimiyatning mazasini totib koʻrgandan keyin muxoliflaroiga bosim koʻrsata boshladi. Ularni qamoqqa tashladi. Oʻldirilishiga sabab boʻldi. Oʻziga muxolifatda boʻlgan kaolitsiya ichidagi “Bangladesh Islomiy Jamoasi” raisining yarim asr oldingi qilgan “jinoyati” ni eslab qoladilar. Oʻsha paytda 23 yoshda boʻlgan Mulla Abdul Qodir tabiiyki, u paytda Bangladesh Islomiy Jamoasi” raisi boʻlmagan oddiy aʻʻzo boʻlgandi. Bu partiyaning oʻsha paytdagi raislari bugun bunyoda yoʻqligiga qaramasdan, shu partiya safida oʻsha paytlarda boʻlganligi va Bangladeshni Pokistondan ajralishini istamagani uchun bu katta nufuzli siyosatchini oʻlim jazosiga hukm qiladilar. BMTning inson huquqlari boʻyicha komissari Bangladesh hukumatiga murojaat qilib, harbiy tribunal xalqaro normalarga muvofiq emasligi va uning hukmini ijro qilishdan toʻxtatib turishga chaqirigʻiga qaramasdan uni qatl qilishdi. Soni 163 mln. dan koʻproq boʻlgan bu aholisi juda ham qashshoq yashaydigan davlatda bu hukmdan norozi boʻlgan koʻplab namoyishlar boʻlib oʻtdi. Bu namoyishlarda 40 dan oshiq odam oʻldi va yuzlab odamlar jarohat olishdi. Bosh Vazir Shayx Xasina bu talablarni inobatga olmadi. Chunki, uni Hindiston va Angliya qoʻllab turgandi. “Bangladesh Islomiy Jamoasi” hali Pokiston mustaqil boʻlmasdan mavjud boʻlgan jamoat boʻlib, Pokiston davlati Hindistondan ajralib chiqqandan soʻng, mamlakatdagi ijtimoiy siyosiy faoliyatga faol aralashgan. Liga Avami partiyasidagi millatchilarga qarshi islomiy birodarlik gʻoyalarini ilgari surgan. Mustaqillik uchun boʻlgan urushda Pokiston Armiyasiga yordamlashgan. Shayx Majibur Rohmanning partiyasi iqtidorga kelgach, “Bangladesh Islomiy Jamoasi” faoliyati taʻʻqiqlanadi. Shayx Majibur Rohman oʻldirilgach, oʻrniga kelgan Ziyour Rohman “Bangladesh Islomiy Jamoasi” faoliyatiga ruxsat beradi. Tinch siyosiy faoliyat olib borayotgan jamoatning rahbari Mulla Abdul Qodir 2001 yildagi saylovlarda “Bangladesh Islomiy Jamoasi” moʻʻʻtadil liberal boʻlgan Bangladesh milliy Partiyasi bilan koalitsiya tuzadi va bu koalitsiya saylovda Liga Avami partiyasining ustidan gʻalaba qiladi. 2006 yilda ham shu koalitsiya tarkibida saylovlarda ishtirok etgan boʻlsalarda, kaolitsiya gʻalabaga erisholmaydi. Ammo oʻziga ishongan Shayx Hasina politsiyani namoyishlarni kuch bilan bostirish uchun jalb qilib, 500 dan ortiq namoyishchining oʻlimiga sabab boʻlgani va koʻpchilikni yaralagani uchun namoyishlar hukumatga qarshi katta harakatga aylandi. Hasina boshqaruvi davrida davlat mulkini oʻmarish, talon-taroj qilish, korruptsiya va fuqarolarga zoʻravonlik qilish kabi jinoyatlar soni koʻpaydi. Xatto amaldagi muvaqqat Bosh vazir Muhammad Yunus banki kamgʻal va qashshoq aholiga imtiyozli tartibda kredimt ajratgani va jamoatchilik orasida obroʻsi oshib borgani sababidan Shayx Hasina u bilan ziddiyatgacha bordi. Uni yarim yil muddatga qamoqqa tashlattirdi. Mamlakatdagi vaziyatni xolis yoritgan jurnalistlar ishdan olindi, qamoqqa tapshlandi, OAVga bosim kuchaydi. Eng soʻnggi xatti-harakatlari, buyrugʻi vaa jinoyatlari hammasidan oshib tushdi. Hasina xonimning isteʻʻfoga chiqishga undovlar kuchayib borayotgan bir paytda, u pozitsiyasida mustahkam turdi. Tashviqotchilarni terrorchilar deb qoraladi va ularni qattiqqoʻllik bilan bostirishga urindi. Yuzlab odamlarni qamatdi va yuzlab insonlarga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatdi. Kvotalarga qarshi tashviqot Bangladeshda pandemiyadan keyin kun koʻrish qiyinlashib, yashash qimmatlashgan bir paytga toʻgʻri keldi. Inflyatsiya keskin oshdi, mamlakatning valyuta zaxiralari keskin kamaydi, tashqi qarzi esa 2016-yildan buyon ikki barobar ortdi. Muxolifat bunga sabab qilib Hasina xonim hukumatining notoʻgʻri boshqaruvini koʻrsatishdi. Shuningdek, Bangladeshning oldingi iqtisodiy muvaffaqiyatidan faqat Hasina xonimning Avami ligasiga yaqin boʻlganlargina naf koʻrdi. Ular, shuningdek, mamlakatning iqtisodiy taraqqiyoti demokratiya va inson huquqlarini poymol qilish evaziga kelganini iddao qilyapti. Hasina xonimni uzoq vaqtdan beri oʻzining siyosiy raqiblari, tanqidchilari va ommaviy axborot vositalariga nisbatan repressiv avtoritar choralarni qoʻllashda ayblab kelishdi. Qachonlardir koʻp partiyaviy demokratik davlat uchun kurashgan bir lider uchun bu jiddiy ayblov. Inson huquqlari guruhlari hisob-kitoblariga koʻra, 2009-yilda Hasina xonim yana hokimiyat tepasiga kelganidan beri kamida 600 ga yaqin yoʻqolib qolish holatlari, yana yuzlab kishilar sud hukmisiz qatl etilishi holatlari kuzatilgan. Bangladesh xavfsizlik xizmatlari ham uzoq vaqtdan beri jiddiy zoʻravonlik va qiynoqlarda ayblanib keladi. 2021-yilda Qoʻshma Shtatlar tezkor harakatlar batalʻoni — politsiyaning taniqli elita boʻlinmasiga suddan tashqari shafqatsiz qotilliklarni sodir etganlikda ayblab sanktsiya joriy qilgan. Koʻplab huquq faollari va jurnalistlar hibsga olingan, kuzatuv va taʻʻqiblarga uchragan. Tanqidchilarga koʻra, jurnalistlarga nisbatan qattiq qonunlar qoʻllanilgan, bu esa matbuot erkinligini boʻgʻib qoʻygan. Hasina xonim va uning hukumati, iqtisodchi va Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori Muhammad Yunus kabi ishi sudda koʻrilayotganlarni sud yoʻli bilan taʻʻqib qilishda ayblandi. Yunus shu yil boshida qamoqqa olingan va tarafdorlarining fikricha, unga siyosiy sabablarga koʻra 100 dan ortiq ayblovlar qoʻyilgan. Sobiq bosh vazirga nisbatan qotillik ayblovi mamlakat ichida keskin tus olishi mumkin. Chunki namoyishlarda halok boʻlgan fuqarolar koʻp va aholining katta qismi bunda bevosita Shayx Hasinani ayblaydi. Chunki buyruqni u bergan.

Gʻalayonlardan keyin Parijdan mamlakatga qaytgan iqtisodchi, tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti sovrindori Muhammad Yunus Bangladeshda muvaqqat hukumat rahbari boʻldi. 8 avgust, payshanba kuni kechqurun prezident saroyida 84 yoshli Yunusning qasamyod qilish marosimi boʻlib oʻtdi. Marosimda u «mamlakat Konstitutsiyasini himoya qilishga hamda oʻzining yangi vazifalarini chin dildan bajarishga» vaʻʻda berdi hamda fuqarolarni butun mamlakat boʻylab zoʻravonlikni toʻxtatishga chaqirdi. Keyinchalik jurnalistlar bilan suhbatda Yunus mamlakat yangi gʻalaba kunini kutganini va «ikkinchi mustaqillikka erishganini» aytdi. Muhammad Yunusni tayinlash toʻgʻrisidagi qaror Bangladesh prezidenti Shahabuddin Chuppu va Yunus nomzodini ilgari surgan «Talabalar diskriminatsiyaga qarshi» norozilik harakati etakchilari oʻrtasidagi uchrashuvda qabul qilindi.

Muhammad Yunus 2006 yilda «Mikrokreditlar orqali iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning pastdan yuqoriga» tushunchasini kiritgani uchun tinchlik uchun Nobel mukofotini olgan. Yunus tomonidan asos solingan Grameen Bank kichik biznesini rivojlantirish istagida boʻlgan millionlab kambagʻallarga mikrokreditlar ajratdi va shu orqali ularning qashshoqlikdan qutulishiga yordam berdi. Amo bugun 84 yoshli keksa siyosatchi mamlakatni muammolar girdobidan olib chiqa olarmikan. Asosan yoshlardan 18 million ishsizlar armiyasini band qilish, daromadi ish bilan taʻʻminlash oson emas. Eng oddiy savol - kvotani bekor qilish, bu aslida allaqachon qilingan. Ammo ishsizlik va qashshoqlik boʻyicha nimalar qilish kerakligi toʻliq aniq emas.Bugungi global inqiroz sharoitida, sanktsiyalar oʻyini va dunyo ziddiyatlar girdobiga gʻarq boʻlayotgan sharoitda ixorijiy sarmoyalarni jalb etish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish oson emas. Ammo 150 ming kvadrat kilometrda 170 million kishi yashaydigan dunyodagi eng zich joylashgan mamlakatlardan biri Bangladesh xalqining orzu umidlari katta. Ular yangi Bosh vazirdan bir qator islohotlarni kutishyapti. Inson huquqlari va erkinliklarining hurmat qilinishi, xoʻrlik va zulm toʻxtatilishini, oodamlarga ish oʻrinlari yaratib berilishini. Oddiy xalqning orzu istʻaklarini amalga oshirsa boʻladi. Bunga birinchi xohish kerak. Ikkinchidan, yangi Bosh vazirga koʻmakdosh, elkadosh boʻla oladigan, vatanparvar kadrlar kerak. Agar Muhammad Yunus Bangladeshni chulgʻab olgan korruptsiya, poraxoʻrlimk, tanish-bilishchilik, inson huquqlarining poymol etilishiga chek qoʻya olsa, Bangladesh oyoqqa turib keta oladi.

Mavzuga aloqador