07.09.2024 18:30

Dunyoviylik siyosati yoxud frantsuzcha “qosh qoʻyaman deb, koʻz chiqarish” kimga kerak?


“Ogʻizlari bilan Allohning nurini oʻchirmoqchi boʻladilar. Holbuki, Alloh, kofirlar yoqtirmasa ham, oʻz nurini tugal etguvchidir.” 

(“Sof“ surasi, 8-oyat).


Frantsiyadagi sekulyarizm siyosatining mamlakatdagi musulmon jamiyatiga hamda uning radikallashuviga taʻʻsiri alohida tadqiq etilishi kerak boʻlgan mavzu hisoblanadi. Bu masala Frantsiya singari Oʻzbekistonda ham sodir boʻlayotgan jarayonlarning qaerga qarab ketayotganini tushunish uchun juda muhimdir.


Frantsiya va musulmonlar


Frantsiyadagi musulmonlar Evropa Itifoqidagi eng katta musulmon diasporalaridan birini tashkil etadi. Mamlakatda taxminan 5-6 million musulmon yashaydi, bu jami aholining 8-10 foizi, degani. Frantsiyaning musulmon jamiyati bilan bogʻliq munosabatlari koʻp jihatdan mamlakatning mustamlakachilik davriga borib taqaladi. Xususan, frantsuzlarning Shimoliy Afrikada joylashgan Jazoir, Marokash va Tunis kabi davlatlardagi bosqinchilik siyosati hamda ushbu davlatlardan oqib kelgan muhojirlar mamlakatdagi musulmon jamiyatining shakllanishiga sabab boʻlgan.


Frantsuzcha radikal dunyoviylashtirish


Frantsiyada sekulyarizm yoki "laitsizm" harakati davlat va din oʻrtasini ajratuvchi vosita boʻlgan. Unga koʻra, din davlat ishlariga aralashmaydi va aksincha, davlat ham dinni nazorat qilmaydi. Ammo bu siyosat oʻz mohiyatini yoʻqotib, musulmonlarga nisbatan bosim koʻrinishiga oʻtdi. Masalan, maktablarda roʻmol oʻrashning taqiqlanishi jamiyatda ayirmachilik va norozilik kayfiyatini uygʻotdi. 


2010 yilda jamoat joylarida yuzni toʻliq yopadigan milliy-madaniy liboslarni taqiqlash koʻpchilik tomonidan sharqona madaniyatga ega ayollarga qarshi qaratilgan siyosat sifatida qabul qilindi. Bu esa musulmonlarning jamiyat hayotidan chetlashtirilishiga olib keldi.


Ijtimoiy chetlashtirish


Frantsiyadagi koʻplab musulmon aholi ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan nochor ahvolda yashaydi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj tumanlarda ishsizlik, yomon turar joy sharoiti va taʻʻlim imkoniyatlarining cheklanganligi ularning yakkalanishiga sabab boʻlmoqda. Buning ustiga, ish joylarida, maktab va universitetlarda, mahalla va poliklinikalarda musulmonlarga nisbatan diskriminatsiya siyosati ularning oʻzini toʻliq Frantsiya fuqarosidek his qilishlariga yoʻl qoʻymaydi. 


Misol uchun,  “Institut Montenʻ” tadqiqot markazining 2016 yildagi hisobotida Frantsiyadagi musulmon oʻquvchilarning 50 foizi maktabda taʻʻqib va diskriminatsiyaga uchragani aytilgan. 


Politsiya va xavfsizlik choralari


Terrorizmga qarshi kurash doirasidagi xavfsizlik choralari ham koʻp hollarda musulmon jamiyatini nishonga oladi. Masalan, 2015 yildagi Parij teraktlaridan soʻng, Frantsiya hukumati tomonidan favqulodda holat joriy etilib, 20 dan ortiq masjid yopilgan va uch mingga yaqin shaxslar majburiy nazoratga qoʻyilgan. 


Frantsiya Ichki ishlar vazirligi maʻʻlumotlariga koʻra, 2017-2020 yillar oraligʻida 500 ga yaqin masjid va islomiy markazlar tekshirilib, ayrimlari butunlay yopilgan. Bunday choralar musulmon jamiyatining keskin eʻʻtirozlariga sabab boʻlib, davlatga boʻlgan ishonch inqirozini keltirib chiqargan.


Musulmonlar Frantsiya politsiyasining hech qanday sababsiz ularni toʻxtatib tekshirishini va profilaktik suhbatlar oʻtkazishini adolatsizlik hamda diniga qarab insonlarni tabaqalashtirish, deya baholashadi. Ushbu holat musulmon jamoalarining ichki ishlar organlariga nisbatan ishonchini yoʻqotib, yangi muammolarni keltirib chiqarganini ham aytish oʻrinli.


Ommaviy axborot vositalari va siyosiy nutqlarning taʻʻsiri


Frantsiya ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda musulmonlarning aksariyati terrorizm, jinoyatchilik va madaniy farqlar (arabparastlik iddaosi) bilan bogʻliq holda tasvirlanadi. Bu esa musulmonlarga nisbatan salbiy stereotiplarni kuchaytiradi. Misol uchun, 2020 yilda "Le Monde" gazetasi ommaviy axborot vositalarida musulmonlar haqidagi maʻʻlumotlarning 35 foizi terrorizm va ekstremizm bilan bogʻliq holda ommaga etkazilganini qayd etdi.


Frantsiyadagi oʻng qanot siyosiy partiyalarining oʻsishi va ularning anti-islomiy ritorikasidan foydalanishi musulmonlarga nisbatan tazyiqlarni kuchaytirib, ularga qarshi dushmanlik muhitini yaratdi.


"Human Rights Watch" tashkilotining 2020 yilgi hisobotiga koʻra, Frantsiyada 2017-2020 yillar oraligʻida qabul qilingan siyosiy qarorlarning 45 foizi  musulmonlar zarariga ishlagan va bu orqali ularning eʻʻtiqod erkinligi va madaniyati toptalgan. Oqibatda tabiiy ravishda zulmkor tizimga qarshi radikallashuv ham ortib borgan.


Radikalizmning asosiy sabablari 


Begonalashtirish va davlatning zulm siyosati oqibatida Frantsiyada ayrim shaxslar radikal gʻoyalarga moyil boʻlib qolmoqda. Ekstremistik guruhlar esa bundan foydalanib, oʻz gʻoyalarini adolatni tiklash va himoya vositasi sifatida taqdim etyapti. Bu esa yoshlarning radikalizmga moyilligini oshirmoqda. 


Oʻrganishlar natijasida radikalizmga qarshi radikal kayfiyat koʻproq nochor, oʻzlarini jamiyatdan chetlashtirilgan va adolatsizlikka uchragan deb his qilgan yoshlar orasida koʻproq uchramoqda. Ekstremistik guruhlar esa yoshlarning ehtiyojlarini qondirish va yoʻqotilgan oʻzlik hissini qaytarish orqali ularni oʻz safiga jalb qilyapti.


“Radikalizmni oldini olish markazi” maʻʻlumotlariga koʻra, 2019 yilda Frantsiyada 1,200 ga yaqin yoshlar ekstremistik guruhlarga qoʻshilgani aniqlangan. Ular orasida ijtimoiy chetlashtirilganlar, diskiriminatsiya va begonalashtirishga mubtalo boʻlganlar 70 foizni tashkil etgan.


Xulosa: “qosh qoʻyaman deb koʻz chiqarildi“mi?


Frantsiyadagi radikal dunyoviylashtirish sekulyarizm siyosati, uning salbiy taʻʻsirlari jiddiy mulohaza va echim talab qiladi. Musulmonlarga nisbatan zulm siyosati ularning yanada radikallashuvi hamda jamiyatning boʻlinishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli, xavfsizlik va ijtimoiy adolat oʻrtasidagi muvozanatni topish juda muhimdir. 


Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, har qanday mamlakatning diniy siyosatida xavfsizlik va ijtimoiy adolat oʻrtasidagi muvozanatni topa olmaslik Frantsiya misolida radikallashuvning kuchayishiga olib kelishi mumkin. Zero frantsuzcha “qosh qoʻyaman deb koʻz chiqarish“ kimga kerak?


© Tarix va siyosat