Soqolofobiya — Oʻzbekistonni sharmanda qilayotgan holat
Oxirgi vaqtlarda soqoli bor fuqarolarimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan soʻroq qilinib, soqollari oldirilayotgani haqidagi xabarlarni koʻp eshityapmiz. Buning asl sababi nima? Soqol qoʻygan erkaklarning yuqoridagilarga yoqmasligimi?! Yoki bu ham bir islomofobiyaning koʻrinishimi?!
Bunga ijtimoiy va huquqiy tomondan nazar solib koʻramiz. Demak, fuqarolarning soqollari yoki moʻylovlari va umuman tuklarga qarshi olib borilayotgan jiddiy reydlar, ayniqsa masjiddan chiqayotganlarni quyonni ovlagandek “ushlash” ishlari juda kulgili va xunuk koʻrinayotgani bor gap.
Mazkur holatga ijtimoiy tomondan uyatli va absurd holat sifatida qaralsa boʻladi. Chunki jamiyatda soqolda yurgan baykerlar, bomjlar, boshqa millat vakillari, cherkov yoki sinagogadan chiqayotgan dindorlar ham bor, lekin negadir huquqni muhofaza qiluvchi organlar aynan musulmonlarga bu borada taqiq qoʻyishi koʻplab savollar va eʻʻtirozlarga sabab boʻlmoqda. Hattoki, yaqinda musulmon qiyofasidagi soqolli asli germaniyalik boʻlgan sayyohga ham organ xodimlarimiz tomonidan hujum qilingani xalqaro ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻldi. Bunday voqealar mamlakatimizning obroʻsiga taʻʻsir etmasdan qolmaydi. Ijtimoiy jihatdan nazar solinsa, bu oddiy insonlarning xohish irodasini ifodalamasligi, aksincha jamiyatda hokimiyatga nisbatan ishonchsizlik va gʻazabning ortishiga olib kelishi ayon boʻladi.
“Mamlakatda soqolli odamlar yoki roʻmolli ayollar koʻpayib ketmoqda, yoshlar ichida avj olmoqda”, degan gaplarni esa jamiyatshunoslik va real holatga taqqoslab koʻrilsa, haqiqatdan yiroqligi kelib chiqadi. Umuman birovning yuzidagi tuki, boshidagi oddiy roʻmoliga daxl qilish huquqi hech kimga berilmagan! Jamiyatda inson oʻzining shaxsiy makoni va oʻrni boʻlishini istaydi va uning bu harakatlari boshqalarga zarar bermasa, biror taqiq haqida gap-soʻz boʻlishi mumkin emas, axir?! Mazkur vaziyatda ham ayrimlar xalq orasida sunʻʻiy qoʻrquv va absurd holatlarni keltirib chiqarishga urinmoqda. Bu bilan goʻyoki musulmonlarning soqoli yoki hayoni ifodalovchi roʻmoli jamiyat uchun “xavfli” ekanligi uqtirilmoqda. Endi mantiqan oʻylab koʻring, insonning tuki va oddiy libosi qanday qilib butun boshli jamiyat uchun xavf tugʻdirishi mumkin?!
Bu masalaning ijtimoiy jihatlari alohida katta mavzu va musulmonlarga boʻlgan diskriminatsiyaning bir koʻrinishidir.
Masalan:
- bunday taʻʻqiblar jamiyatda norozilik tuygʻusini kuchayishiga olib kelishi mumkin, bu esa oʻz navbatida ijtimoiy integratsiyani qiyinlashtiradi;
- muayyan guruhlar taʻʻqib qilinayotganini his qilishi, jamiyatni qutblanishiga olib kelishi mumkin;
- bunday taʻʻqiblar jamiyat va hukumatning uzoqlashishiga olib keladi va oradagi taranglikni kuchaytiradi;
- jamiyatda ijtimoiy adolatsizlik hissini kuchaytiradi.
Masalaning huquqiy tomoni esa ancha keng va dolzarb hisoblanadi, unda sharhlar va mavjud sud ishlaridan misollar keltiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19-moddasida: “Oʻzbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umumeʻʻtirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq eʻʻtirof etiladi va kafolatlanadi. Inson huquqlari va erkinliklari har kimga tugʻilganidan boshlab tegishli boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʻʻtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʻʻi nazar, qonun oldida tengdirlar” deya taʻʻkidlangan.
Keling mazkur moddani sharh qilsak (chunki sharh berishi lozim boʻlgan Konstitutsiyaviy sudimiz “uxlab yotibdi”).
Moddada Oʻzbekistonda yashovchi har bir inson (kim boʻlishidan qatʻʻiy nazar, xoh oʻzimizni fuqaro, xoh xorijiy, dindor yoki hech qaysi dinga eʻʻtiqod qilmaydigan shaxslar) xalqaro huquqda (yaʻʻni Inson huquqlari boʻyicha umumjahon deklaratsiyasi, inson huquqlari boʻyicha paktlar va boshqalar) eʻʻtirof etilgan huquqlarga ega va bunday huquqlar Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan kafolatlanadi, yaʻʻni taʻʻminlanadi. Shuni taʻʻkidlab oʻtish lozimki, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va xalqaro huquqning umumeʻʻtirof etilgan printsip va normalari Oʻzbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir va Oʻzbekiston hududida yuridik majburiy kuchga egadirlar.
Masalan, Inson huquqlari boʻyicha umumjahon deklaratsiyasining 3-moddasida “har bir inson yashash, erkin boʻlish va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga ega”ligi belgilangan. Shaxsiy daxlsizlik nima deyilsa, unda “insonni ogohlantirmay, hech qanday huquqiy asossiz, shaxsiy hayotiga (shu jumladan, kiyinishi, yurishi, mulki, shaxsiy vositalari) daxl qilmaslik”, nazarda tutiladi. Shuningdek, Oʻzbekistondagi barcha fuqaro jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʻʻtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʻʻiy nazar qonun oldida tengligi aytilmoqda. Deylik, masalan soqolni oldirish boʻyicha qaror chiqdi, aslida bunday qaror xalqaro huquq va konstitutsiyaga mutlaqo zid. Bu qaror barcha jamiyat qatlamiga nisbatan qoʻllanilishi kerak – faqat masjiddan chiqayotganlarga, yaʻʻni musulmonlarga nisbatan emas. Bundan soqol qoʻygan odamlarga har qanday eʻʻtiroz yoki qarshi harakat mutlaqo Xalqaro huquqqa va Konstitutsiya bilan kafolatlangan inson huquqlariga zidligi yaqqol koʻrinib turibdi.
Shuningdek Konstitutsiyasining 20 moddasida “Insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qoʻyilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qoʻyishga hech kim haqli emas” deb belgilanganligi ham yuqoridagi fikrlarimizning asosi boʻladi.
Konstitutsiyamiz eng asosiy va muhim hujjatlardan biri hisoblanadi, uni mensimaslik yoki mavjud talablarni bajarmaslikka esa hech kimning haqqi yoʻq!
Shuningdek, joriy yilning oʻzida 13 iyuldan 13 avgust sanasiga boʻlgan davrda Oʻzbekiston maʻʻmuriy sudlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Maʻʻmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 184-moddasi prim 4-moddasi “Jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan koʻrinishda boʻlish”ga asosan 15 ta maʻʻmuriy ish koʻrib chiqilgan. Jumladan, shundan 5 ta ish oʻzaro bezorilik yuzasida qoʻzgʻatilgan va MJtKning 184-moddasi prim 4 yaʻʻni, oʻsha bezorilik sodir etgan shaxslar soqolda boʻlgani uchun javobgarlikka tortish uchun asos qilib olingan. Masalan bitta maʻʻmuriy ishdan iqtibos keltiramiz:
“Ish hujjatlariga koʻra, 2024 yil 26 aprelʻ kuni Jizzax viloyatida diniy muhitni sogʻlomlashtirish boʻyicha oʻtkazilgan maxsus profilaktik tadbirlar davomida Asrorov Asror Asrorovich (shaxsning ism-sharifi oʻzgartirilgan) Jizzax shahar, Zargarlik mahallasi hududida jamoat joyida shaxsini identifikattsiya qilish imkonini bermaydigan koʻrinishda soqol oʻstirib yurganligi aniqlanib, holat yuzasidan maʻʻmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan”. Bu erdagi diniy muhitni sogʻlomlashtirish boʻyicha profilaktik tadbir deganda soqolni oldirish yoki roʻmollarni echtirishni tushunilganini koʻrgan har qanday huquqshunos yoki boshqa soha vakili ham bu shunchaki absurd holatligini tushunib etadi.
Quvonarli jihati 10 ta maʻʻmuriy ishdan 2 tasida (huquqiy bilimi kuchli sudʻyalar desak boʻladi) sud MJtKning 184 prim 4-moddasini soqolga qoʻllanilishi mumkin emas, degan qarorga kelgan.
MJtKning 184 prim 4-moddasini dekriminilazitsiya qilish yoki dispozitsiya qismini aniq va tiniq qilib sharhlab yozish maqsadga muvofiqdir. Boʻlmasa qanchadan-qancha fuqarolar soddaligi, huquqlarini bilmasligi yoki yuqoridagi ikkita ishda aytilganidek soqol yoki roʻmolda boʻlish haqida hech qaerda javobgarlik belgilanmaganligidan xabarsizligi sabab aziyat chekishadi. Adolatsizlik, absurd dalolatnoma va sud qarorlari sabab fuqarolarning davlat va sudga boʻlgan ishonchsizligi yoʻqolishi turgan gap.
Bu xatoliklarni tezlik bilan hal qilish lozim deb hisoblaymiz.
Xorijiy tajribada, masalan Germaniya qonunchiligida soqolni olib tashlash bu insonning shaxsiy daxlsizligiga ochiqdan ochiq tajovuz va tahdid deb sanaladi. Shveytsariyaning federativ sudi ham insonning soqolini olishni talab qilish shaxs daxlsizligini qoʻpol ravishda buzishga kirishini belgilagan .
Shaxsiy daxlsizlik huquqiga aralashish darajasining mutanosibligini tekshirib koʻrish lozim. Soqolni qirdirish majburiy boʻlgan vaziyatlar ham boʻlishi mumkin – masalan, josusni ushlash jarayonida uning shaxsini aniqlash va sud-tibbiyot ekspertizasi uchun. Umuman maqsad yuqori ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlsa, bunday siyosiy aralashuv oqlanishi mumkin boʻladi. Bu ham alohida normalar qabul qilingach, unda qanday vaziyatlarda olib tashlash zarurligi koʻrsatilgan boʻlishi va ular mutanosib printsiplarga mos boʻlishi zarur.
Yuqoridagilardan kelib chiqsak, insonning soqolini oldirish, qirdirish yoki shu sabab tergovga olib ketish – bularning barchasi Ommaviy huquqiy printsiplarga, Xalqaro huquqqa, Inson huquqlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ziddir.