Deizm haqidagi mazkur uchinchi darsimiz yana deist bilan suhbat shaklida boʻladi. Unga murojaat qilamiz:

Sen ishongan yaratuvchi – biz Alloh deydigan Zot – bu olamni nega yaratgan? Yaʻʻni turfa naqshlar bilan bezalgan qushlar, kapalaklar, gullar, daraxtlar va boshqa barcha borliqlar nima uchun yaratilgan?

Zinhor “Biror maqsadsiz, shunchaki”, dema. Zero, bu olamning yaratguvchisi hikmat egasidir. Yaxshilab qara, dunyodagi hamma narsaning maʻʻlum vazifasi, xususiyatlari bor. Bekorchi, behuda narsaning oʻzi yoʻq. Bu ham yaratguvchimizning hikmat sohibi ekanini isbotlaydi. Shunday ekan, qaysi jurʻʻat bilan “Bu olamning yaratilishida biror gʻoya yoʻq, shunchaki yaratilgan”, deysan?

Modom sen yaratilish gʻoyasidan bexabarsan, u holda biz oʻrgataylik. Mazkur gʻoya quyidagicha: har bir kamolot va chiroy sohibi oʻz kamoli va jamolini koʻrsatishni xohlaydi. Ayni sir sababli Alloh ham kamoli va jamolini oshkor etish uchun bu olamni yaratdi. Mavjudotlarning turfa rang, turli shakl va suratda yaratilishi, hikmat bilan oʻralishi ham ana shu sirdandir. Yaratguvchimiz Oʻzini tanitishni, bildirishni iroda etdi va paygʻambarlar, kitoblar yubordi. Aks holda biz uni tanimagan boʻlardik. Masalan, yaratguvchini “Alloh” dedik. U Zotning “Alloh” ekanini bizga paygʻambarlar oʻrgatdi. Bir oʻylab koʻr, paygʻambarlar boʻlmaganida yaratguvchimizning qanday atalishini ham bilolmasdik.

Oʻzini oshkor etish uchun bu olamni yaratgan va shu sababli har bir mavjudotni turfa naqshlar ila bezagan zotning hatto ismini ham bildirmaganini qanday qabul qilasan?

Oʻzini oshkor etish uchun shuncha mavjudotni bor qilgan zot nega tanilishning eng qisqa yoʻlini tutmasin va paygʻambarlar, kitoblar yubormasin?

Agar Alloh faqat oʻz mavjudiyatidan xabardor boʻlishimizni xohlasa edi, olamni va borliqlarni bunchalar ziynatlamasdi. Zero, bitta gulga boqib ham yaratguvchining borligini bilamiz. Ammo Alloh bitta gul bilan kifoyalanmadi, er yuzini toʻshama, bahorni esa oʻsha toʻshamaga guldasta qildi. Demak, faqat borligini oshkor qilishni emas, ism va sifatlari bilan bilinishni iroda etdi. Bu esa paygʻambarlarning yuborilishi, yaʻʻni Alloh Oʻzini xos elchilari vositasida tanitishi bilan amalga oshadi. Agar elchilari boʻlmasa, U Zotni taniyolmasdik, hatto notoʻgʻri tanirdik. Masalan, senga shunday savol bersam: “Ishongan yaratuvching uxlaydimi? Eb-ichadimi? Jufti, bolalari bormi?” Shu va shunga oʻxshash soʻrovlarga “yoʻq” deya olish uchun vahiy keltirgan paygʻambarlarga va Alloh Oʻzini tanitgan kitoblarga muhtoj emasmisan? Xira aqling bilan bu savollarga qanday javob qaytarasan?

Xulosa shuki, Alloh taolo bu olamni Oʻzini bilishimiz uchun yaratdi. Mavjudotlarni turfa-turfa ziynatlash bilan ularda tajalli etgan ism hamda sifatlari haqida fikr yuritishimizni istadi. Bularning sodir boʻlishi uchun esa albatta paygʻambarlar yuborilishi va kitoblar tushirilishi shart. Chunki inson aqli bilan bir yaratguvchini topsa ham, uning ism va sifatlarini toʻgʻri kashf etolmaydi. Hatto koʻpincha xatoga yoʻl qoʻyadi. Olovga, sigirga, yulduzlarga va boshqa turli ashyoga sigʻinadiganlar soʻzlarimizga misoldir. Bir paygʻambar kelmasa, odam shunday adashadi, sigirni maʻʻbud deb gumon qiladi. Tabiiyki, bu olamni yaratgan Zot bunday xato qilishimizga izn bermaydi va Oʻzini bizlarga munosib ravishda tanitadigan paygʻambarlarni yuboradi, yuborgan ham. Kuppa-kunduz kuni quyoshni tan olmaslik qanchalar telbalik boʻlsa, mazkur haqiqatni inkor etish undan ham ortiqroqdir.


Mavzuga aloqador