Moskvadagi qurilish maydonida qurilish materiallarining notoʻgʻri taqsimoti sababli Oʻzbekiston va Tojikiston fuqarolari ommaviy mushtlashdi. Natijada 10 nafar oʻzbekistonlik va 13 nafar tojikistonlik mehnat muhojirlari qoʻlga olindi. Hodisada hech kim jabrlanmagan.

Rossiya poytaxti Moskva shahridagi qurilish maydonchasida Oʻzbekiston va Tojikistondan kelgan mehnat muhojirlari oʻrtasida ommaviy mushtlashuv sodir boʻldi. Ijtimoiy tarmoqda hodisa aks etgan videolar tarqaldi.

Xabarlarga koʻra, Tagilsk koʻchasida joylashgan qurilish maydonida qurilish materiallari notoʻgʻri taqsimoti sababli “Everest” korxonasining ishchilari mushtlashgan. Natijada 10 nafar Oʻzbekiston, 13 nafar Tojikiston fuqarosi ichki ishlar boʻlimiga olib ketilgan.

Hodisada hech kim ogʻir jarohat olmagan va tibbiy yordamga murojaat qilmagan. Qoʻlga olinganlarga bayonnoma rasmiylashtirilib, maʻʻmuriy jarimalar tayinlangan.

Oʻzbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi maʻʻlumotni tasdiqladi.

«Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yurtdoshlarimizdan mahalliy qonun-qoidalarga rioya qilishi hamda boshqa davlat fuqarolari bilan oʻzaro hurmatda boʻlishi soʻraladi», — deb yozdi agentlik matbuot xizmati.

Mavzuga aloqador