27.03.2024 16:15

Rossiyada Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimini joriy etish taklif qilinmoqda

“Krokus Siti Xoll”da sodir boʻlgan teraktdan soʻng Rossiyada Markaziy Osiyo davlatlari bilan vizasiz rejimni bekor qilishga chaqiriqlar yangramoqda. Ushbu takliflar ijtimoiy tarmoqlardan davlat darajasiga koʻtarilgan. Ekspertlar - vizasiz rejimning bekor qilinishi ehtimollari va oqibatlari toʻgʻrisida.

“Krokus Siti Xoll”dagi teraktdan soʻng Rossiyada yana Markaziy Osiyo davlatlari bilan vizasiz rejimni bekor qilish haqida muhokamalar boshlandi. Ushbu mavzu RFda muntazam ravishda muhokama qilib kelinadi. Hatto koloniyada vafot etgan muxolifatchi Aleksey Navalniy ham uzoq vaqt Markaziy Osiyo bilan viza rejimi tarafdori boʻlgan. Tojikiston fuqarolari sodir etganlikda ayblanayotgan teraktdan keyin esa bu gʻoya deyarli davlat darajasida targʻib qilinmoqda. Xususan, buni bildirganlar orasida Davlat Dumasi deputati Sergey Mironov ham bor.

Orda.kz Qozogʻiston va Rossiya ekspertlari bilan vizasiz rejimning bekor qilinishi qanchalik haqiqatga yaqinligi hamda bu nimalarga olib kelishi mumkinligi haqida suhbatlashdi.

Ittifoq shartlarini buzish

Markaziy Osiyo boʻyicha rossiyalik ekspert Arkadiy Dubnovning fikricha, bu chaqiriqlarning amalga oshishi dargumon. Uning soʻzlariga koʻra, bunday gʻoyalar Rossiya elitasida terrorchilik tahdidiga qarshi tura olmaslik tufayli tartibsizlik hukm surayotganidan dalolat beradi.

Dubnovning fikricha, bu kabi populistik bayonotlar soʻnggi yillarda vakillari Markaziy Osiyo aholisiga nisbatan tobora shovinistik munosabatda boʻlgan Rossiyaning "chuqur odamlari" eʻʻtiborini tortishga urinish boʻlishi mumkin.

Qozogʻistonlik siyosatshunos va xalqaro munosabatlar boʻyicha ekspert Anuar Baxitxonov ham rossiyalik siyosatchilarning bayonotlarini populistik deb ataydi.

“Rossiya siyosatchilarining Moskvadagi dahshatli terakt fonida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan viza rejimi joriy etilgani haqidagi bayonotlari, menimcha, Rossiya fuqarolarining hozirgi kayfiyatiga mos keladi va xalq bilan qayta aloqa oʻrnatgandek koʻrinish uchun qilingan, - deydi u.

Arkadiy Dubnovning eslatishicha, ayrim postsovet mamlakatlari, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari SSSR parchalanganidan keyin ham Rossiya bilan yaqin aloqalarni davom ettirmoqda. Xususan, gap Qozogʻiston va Qirgʻizistonni oʻz ichiga olgan EOII haqida bormoqda.

“Agar biz ushbu ikki davlat bilan vizasiz rejimni bekor qilish haqida gapiradigan boʻlsak, unda EOII ishi uchun baʻʻzi asosiy shartlarni - odamlar, kapitalning erkin harakatlanishini va boshqalarni bekor qilish haqida savol tugʻiladi. Bu esa eni oʻta siyosiy masala... Va hatto ushbu mulohazalardan kelib chiqib, vizasiz rejimdan voz kechish menga aql bovar qilmaydigandek tuyuladi, chunki bu EOII parchalanishi xavfini tugʻdiradi”, - deb hisoblaydi Dubnov.

“Bu kabi populistik bayonotlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi hamda qadriyatlarimiz va davlatlarimizning ilgari erishilgan barcha kelishuvlariga, xususan, EOII faoliyatiga ziddir. Viza rejimi qanchalik yaxshi boʻlmasin, erkin savdoga toʻsiq qoʻyadi, turizm va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarini aytmasa ham boʻladi”, - deb hisoblaydi siyosatshunos.

Bepoyon rus kengliklari

Arkadiy Dubnov Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza joriy etilishiga qarshi boshqa dalillarni ham keltiradi. Uning fikricha, Tojikiston va Qirgʻiziston fuqarolari oʻz oilasini boqishni hohlaydi, lekin uyida buni uddalay olmagan holda, u yoki bu tarzda Rossiya Federatsiyasiga borishga intiladi:

“Agar Rossiya viza joriy qilsa, ular nima qilishlari kerak? Tojikiston va Rossiya oʻrtasidagi boshqa, taʻʻbir joiz boʻlsa, madaniyatliroq munosabatlar sharoitida Tojikiston fuqarolari mehnat vizasi uchun murojaat qilishlari kerak boʻladi. Buning uchun Rossiyadan ish beruvchining taklifnomasi va mehnat shartnomasini tuzish zarur. Ammo tajriba shuni koʻrsatadiki, bu odamlar Rossiya Federatsiyasiga kelishdan oldin taklifnoma ololmaydi, chunki bu holatda ularga eng kam ish haqi kafolatlanishi kerak. Rossiyaning hozirgi ish beruvchisi esa bunga qodir emas, chunki u malakasiz ishchi kuchiga tayanadi.

Shu bilan birga, ekspert Markaziy Osiyodan kelgan ishchilar va Rossiyadagi ish beruvchilar oʻrtasidagi munosabatlar yarim qonuniy ekanini qayd etadi. Birinchisi «konvertda» maosh oladi, ikkinchisi esa, shunga koʻra, soliq va boshqa toʻlovlarni toʻlamaydi.

“Zararni nafaqat Rossiyada ish izlayotganlar, balki ish beruvchilarning oʻzlari ham koʻradi. Bu esa eng yirik iqtisodiy tarmoqlar: uy-joy kommunal xoʻjaligi, qurilish va xizmat koʻrsatish sohasi degani. Shusiz ham Rossiyada ular uchun xodimlar etarli emas”, - deb tushuntiradi ekspert.

Agar Markaziy Osiyo bilan vizasiz rejim bekor qilinsa, Rossiyaga kirishning ikkinchi varianti - turistik vizalar boʻladi. Arkadiy Dubnovning soʻzlariga koʻra, bu radikallar uchun maqbul boʻlishi mumkin.

“Aytaylik, bir kishi Rossiyaga sayyoh sifatida keldi, ish topdi, yaʻʻni qonunni buzdi va ertoʻlaga kirib ketadi, uni topib boʻlmaydigan joylarga boradi. U Rossiyaning bepoyon kengliklariga singib ketadi va hokimiyat uchun erishib boʻlmaydigan boʻlib qoladi, deb hisoblaydi ekspert.

"Men nafaqat vizasiz rejimni bekor qilish istiqbolini koʻrayotganim yoʻq, balki Rossiyaning boshida qisman sogʻlom rahbariyat turganiga ishonadigan boʻlsak, buning imkoniyatini ham koʻrmayapman”, - deydi Anuar Baxatxanov.

Anuar Baxitxanov, shuningdek, viza rejimi joriy qilinganlarga ham, joriy qilganlarga ham tegishli ekanligini eslatdi.

"Viza rejimini joriy etayotgan tomon bu hodisaning boshqa mamlakatlarga qanday taʻʻsir qilishini ham tushunishi kerak", - deydi ekspert.

Baxitxanovning soʻzlariga koʻra, agar Rossiya vizani joriy qilsa, bu Qozogʻiston uchun noxush yangilik boʻlishi aniq. Biroq, u oʻzgarishlarga moslashish etarlicha tez boʻlishiga ishonadi.

Mavzuga aloqador