Taqiqlanishga kim loyiq?
TAQIQLANIShGA KIM LOYIQ?
Islom huquq tizimining boshqa tizimlardan farqi usulda uning Mutlaq Olim boʻlgan Zotning ilmiga asoslanganidir. Yaʻʻni, barcha ilmlarning egasi, oʻta hikmatli boʻlgan Allohning chiqargan yoʻrigʻi shubhasiz bexatodir, shubhasiz manfaatlidir.
Boshqa huquq tizimlar esa usulda turli narsalarni, masalan urf-odat, monarxning amri, deputatlarning ovozi, davlat rahbarining irodasini asos qilib olishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining muqaddimasida mamlakat qonunchiligida qanday printsiplarga asoslanishi koʻrsatilgan. Normativ huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi qonunda esa, ilmiylik asosiy tamoyillar qatorida sanab oʻtilgan.
Yaʻʻni, Oʻzbekistonda qabul qilinadigan har qanday qonun va qoidalar ilmiy asoslangan boʻlishi talab etiladi. Darhaqiqat, ilmiy izlanishlar natijasiga tayanadigan qonun-qoidalargina jamiyatga haqiqiy manfaatni keltirishi, “ura-ura”chilik, yoki qaysidir mutasaddining “bosaver, oʻzim javob beraman!” degan talabi bilan amalga oshirilgan ishlar real hayotda halokatli oqibatlarni olib kelishi mumkin.
Yaqin oʻtmishimizda ilmiy asoslanmagan holda taqdim etilgan ana shunday qonun loyihalaridan biri qanday muammolarni keltirib chiqarganining guvohi boʻlgandik. Oʻshanda Prezident Shavkat Mirziyoev Konstitutsiya loyihasidagi moddalar yuzasidan Qoraqalpogʻistonda sodir boʻlgan tartibsizliklar ortidan deputatlarga qarata: “Eʻʻtirozim, oʻzlaring bosh boʻlib, oʻzlaring tashabbus bilan chiqib, oʻzlaring qoʻl‑qoʻyib, oʻzlaring soʻzga chiqib, oʻzlaring tasdiqlagansizlar. Men har safar ochiqmanku! Nima sababdan menga telefon qilmading, odamlar norizo va hokazo", deb... Shuncha qilgan mehnatimizni sharmanda qilish kimga kerak!” deb munosabat bildirgan edi.
Darhaqiqat, qaysidir qonun tashabbuskorlarining oʻylamay, vaziyatni ilmiy oʻrganmay, oqibatlarini hisoblamay qilgan tashabbuslari yurtimizda qanday katta xavfni keltirib chiqardi.
Agar, oʻshanda deputatlar va qonun tashabbuskorlari aholining xohish irodasini haqiqiy ilmiy uslubda, jamiyatshunoslik, siyosatshunoslik, psixologiya kabi fanlarning mos ilmiy-tadqiqot usullariga tayangan holda taklif kiritganida, bunday katta muammoning oldi olingan boʻlar edi.
Bugun ham ijro organlari tomonidan deputatlar eʻʻtiboriga Konstitutsiyamiz bilan kafolatlangan milliy qadriyatlarimizning asosi boʻlmish diniy tushunchalarimizni oʻrganishni taqiqlash va jazolash boʻyicha taklif ilgari surildi.
Bu taklif normativ-huquqiy hujjatlarning asosiy printsipi boʻlgan ilmiylikka qanchalik tayangan. Bu taklif “bosvor onasini emsin” degan printsip bilan qilinmayotganiga, balkim xalqimizning xohish irodasi va manfaatlarini ne chogʻlik koʻzlaganiga, kim kafolat beradi?
Farzandlarimizdan ilmlarning asosi, insoniylikning negizi, fitratimizning asli boʻlgan diniy tushunchalarimizni bunday cheklashning oqibatlari oʻrganildimi? Ushbu taklif kelajakda jamiyatda qanday norozilik, noqulaylik, xudo koʻrsatmasin, undan katta muammolarni keltirib chiqarmasligi tahlil qilindimi?
Shundoq ham, chuqur oʻylanmagan holda qabul qilingan, diniy mazmundagi materiallarni ekspertizadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorning notoʻgʻri ijrosi tufayli qanchadan-qancha begunoh, vatanparvar va kelajakka umidli yoshlarimiz jarima toʻlab, Vatanidan koʻngli sovib ulgurdi? Qanchadan-qancha odamlar “bilamiz, sizning materiallaringizda hech qanday muammo yoʻq, lekin qonun ishlashi kerak” degan javob bilan aybsiz aybdorlarga aylandi?
Mamlakatda nafaqat bolalar, balki kattalarga ham bemalol diniy taʻʻlim olishga boʻlgan taqiqlar emasmi, aslida vatanimizning minglab bolalarini Misr va Turkiya kabi davlatlarda sarson sargardon boʻlishiga sabab boʻlgan. Oʻz yurtida bilim olgan qaysi bola chet elga ketadi?
Bizning qudratli davlatimiz nari borsa oʻn, yigirma ming fuqaroga sifatli, nazoratli va turli buzgʻunchi gʻoyalardan omonda boʻlgan diniy taʻʻlimni taʻʻminlab berolmaydimi? Yoki nazoratchi tashkilotlarning bunga salohiyati etmaydimi?
Bugungi kunimizda jamiyatimizda eng katta ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarayotgan, yuz minglab oilalarni yostigʻini quritgan, minglab yoshlarning boʻynini arqonga ostirgan, oʻzi qonunan taqiqda boʻlgan qimorbozlik sohasini tartibga solish uchun unga ruxsat berilmayaptimi? Berilyaptiku.
Nima sababdan endi betartib diniy taʻʻlimni tartibga solish uchun unga ruxsat bermaymiz?
Umuman, mendan nimani taqiqlash kerak, kimni jazolash kerak oʻzi, deyilganda ilmiy asoslanmagan holda qonunchilikka taklif kiritishni degan boʻlardim. Shunday taklif bergan mutasaddilarni va unga ovoz bergan deputatlarni deb aytgan boʻlardim. Axir, buni ularning oʻzlari bosh boʻlib, oʻzlari tashabbus bilan chiqib, oʻzlari qoʻl‑qoʻyib, oʻzlari soʻzga chiqib, oʻzlari tasdiqlayapti-ku! Ularning oʻzlari jamiyatda parokandalik, sansalorlik, tartibsizlik va norozilikka sabab boʻlyapti-ku! Masʻʻuliyat ana shular zimmasida boʻlishi kerak emasmi? Taqiqlanishga ularning bu xatti-harakatlari loyiq emasmi?
© Tarix va siyosat