Usmonlilar saltanati qulagandan keyin islom ummati oʻzining eng zaif va mashaqqatli kunlarini boshidan kechirdi. Nabiy alayhissalom bu haqda bizlarni ogohlantirgan edilar. Savbon roziyallohu anhudan etib kelgan hadisda Paygʻambarimiz: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hali ummatlar sizga qarshi xuddi ochkoʻzlar (ovqat) laganlariga tashlangandek tashlanadilar, dedilar. “Oʻsha kunda biz oz boʻlganimiz uchunmi, Ey Allohning Rasuli?” dedi birov. “Yoʻq! U kunda siz koʻp(boʻla)siz, ammo selning koʻpigi kabi boʻlib qolasiz. Albatta, Alloh dushmanlaringiz qalbidan sizning haybatingizni sugʻurib oladi va sizning qalbingizga zaiflik(vahima)ni solib qoʻyadi”, dedilar. “Ey Allohning Rasuli, zaiflik(vahima) nima?” dedi yana bir kishi. U zot alayhissalom esa: “Vahima bu – dunyoning muhabbati va oʻlimni yoqtirmaslik(oʻlimdan qoʻrqish)”, dedilar”.

Ushbu hadisi sharifning matni va sanadining sahihligidan tashqari bugungi kunimizda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalar ham, yaʻʻni ummatning parchalanib ketgani, mustamlakachilik, qaramlik, iqtisodiy va madaniy jihatdan qoloqligi ham, Nabiy alayhissalomning ushbu hadislariga ishonchimizni orttiradi. Bosniya va Gertsegoviniya, Afgʻoniston, Iroqdagi qirgʻinlar, Sudanning ikkiga boʻlinishi, arab bahori inqiloblari, Falastin muammosi va hokazolar vaziyatni yanada teranroq tushunishimizga yordamchi boʻladi.

Mana shu sodir boʻlgan va boʻlayotgan voqealar tarixiy bir savolni oʻrtaga tashlaydi: Bu hodisalar koinot va tarixdagi tabiiy qonunlar bilan belgilab qoʻyilganmi? Hadisi shariflarda xabari berilgan bu ogohlantirishlarning asta-sekin sodir boʻlishi hali sodir boʻlmagan xushxabarlarning ham muqarrar ekanidan dalolat beradimi? Tarixiy qonunlardan bexabarligimiz tarix maydonidan chetda qolib, uzoqlashib ketishimizga bevosita sabab emasmi? Nima uchun Islom ummati tarix yaratish funktsiyasini unutib qoʻydi? Islom ummati tarix yaratgan edi, musulmonlarning davri tugadimi? Tarixni oʻzgartirishimiz uchun Qurʻʻon va Sunnatga yana qaytishimiz kerakmi?

Tarix nazariyasi yohud tarix falsafasi haqida yozish eng murakkab va qiyin tadqiqotlardan hisoblanadi. Chunki bu mavzu bevosita oʻtmish, hozirgi zamon va kelajak bilan bogʻliq boʻlib, shu bilan birga quyidagi murakkab savollarga ham javob berishi kerak boʻladi:

-  Insoniyat tarixida bir vaqtning oʻzida uning yoʻli, harakati va rivojlanishini belgilab beradigan qonun yoki boshqaruv tizimi boʻlganmi?

-  Agar boʻlgan boʻlsa, uning nomi nima?

-  Insoniyat tarixining boshlanishi qanday sodir boʻlgan, u qanday rivojlangan?

-  Tarix nazariyasining asosiy omillari nimalardan iborat?

-  Tarix jarayonida insoniyatning roli qanday?

-  Tarix jarayonining borishida ilohiy omillarning taʻʻsiri bormi?

Shu va shu kabi savollarning echimini topish biz uchun ancha mushkul. Shuning uchun ham ushbu savollarga javob topishda Qurʻʻoni Karimdagi tarixiy haqiqatlarga murojaat qilamiz.

Qurʻʻoni Karim tushunchasiga koʻra tarix shaxslar tomonidan emas jamiyatlar tomonidan yaratiladi. Shu sababdan ham avvalo yakka shaxslar va jamoatlarning tarix yaratishdagi taʻʻsirini ajratib olishimiz kerak. Shuningdek, eslatib oʻtish lozimki, boshqa jamiyatlar kabi musulmon jamoyatlari ham tarix oldidagi burch va masʻʻuliyatlarini qanday bajarganliklari haqida oxiratda javob beradilar.

Qurʻʻoni Karimda yakka shaxslar va jamiyatning vazifasi orasidagi farq yaqqol ajratib berilgan. Unga koʻra yakka shaxslarning vazifasi ikki oʻlchovga ega: sabab va maqsad. Jamoaning vazifasi esa uchta oʻlchovga ega: sabab, maqsad va jamiyatning buguni yoki kelajagiga ijobiy yoxud salbiy koʻrsatadigan taʻʻsiri.

Mana, eʻʻtibor bering! Alloh taolo aytadi: “Biz har bir insonning amalini boʻyniga ilib qoʻygandirmiz (yaʻʻni, uning qilgan har bir amali ikki dunyoda unga ajralmas hamroh boʻlur). Biz Qiyomat Kuni unga ochiq holda roʻbaroʻ boʻladigan bir kitobni (yaʻʻni, nomai aʻʻmolini) chiqarib koʻrsaturmiz. (Va unga deyilur): «Kitobingni (yaʻʻni, nomai aʻʻmolingni) oʻqi! Bugun oʻz nafsing oʻzingga qarshi etarli hisob-kitob qilguvchidir» (Isro surasi, 13–14-oyatlar).

Demak, har bir insonning katta-yu, kichik, yaxshi va yomon, toʻgʻri va xato ishlarini, zarra misqolicha boʻlsa ham, bitta qoldirmay yozib boriladigan kitobi bor. Kishi qilgan ishlarini odamlardan, qoʻshnisidan, oilasidan, hatto eng yaqinidan ham yashirishi mumkin. Ammo u ishlar yuqoridagi oyatda aytilgan “kitob”dan chetda qolib ketmaydi. Bu haqiqat koʻpchilik musulmonlarga maʻʻlum. Har bir musulmon qilgan yoki qilmagan ishlari uchun Alloh oldida javob berishini biladi.

Ammo quyidagi oyatda yuqoridagi oyatdan koʻra vaziyat biroz boshqacha. Bu oʻrinda yakka shaxlarning emas, jamiyatning amallar kitobi haqida soʻz boradi.

Alloh taolo aytadi: «Har bir ummatni tiz choʻkkan holida koʻrursan. Har bir ummat oʻz nomai aʻʻmoliga chaqirilur: “Bugungi kunda qilib yurgan amallaringizning jazosi (ajri)ni olursiz. Mana bu kitobimiz sizga haqni nutq qilur. Albatta, Biz qilgan amalingizni yozib turgan edik” (deyilur)» (Josiya surasi, 28–19-oyatlar).

Ushbu oyatda yakka shaxsning emas, ummatning yaʻʻni jamiyatning kitobi haqida gap ketmoqda. Yanada aniqroq aytadigan boʻlsak, Parvardigori huzurida tiz choʻkib turgan, jamoa oʻlaroq qilgan amallari bitilgan kitobini taqdim etayotgan ummat – jamiyat haqida gap ketmoqda. Oyati Karimadagi: “Albatta, biz qilgan amallaringizni yozib turgan edik”, degan jumlaga ham eʻʻtibor bering. Bu oyatda aytilayotgan “yozib turgan edik” jumlasi, huddi tarixchilarning solnomasidek yillar va voqealardan iborat emas. Balki u kitobda jamiyatning buguni va ertasiga ijobiy yoki salbiy taʻʻsir oʻtkazadigan harakat va harakatsizliklari yozib boriladi.

Biz yuqoridagi ikki oyat orqali yakka shaxlarning va jamiyatning amallari yozib boriladigan kitobi boʻlishi haqida bilib oldik. Demak, Rabbimiz huzurida nafaqat yakka shaxs sifatida qilgan ishlarimizga javob beramiz, balki jamiyat oʻlaroq ham qilgan va qilmagan ishlarimiz haqida soʻralamiz. Har bir jamiyat oʻzining buguni va kelajagi uchun nima qildi, nima qilishi mumkin edi-yu qilmadi, jamiyat boʻlib qilgan ishlari bugun va kelajakka ijobiy taʻʻsir koʻrsatdimi, yoki salbiy – mana shularning hammasiga ummat oʻlaroq javob beradi.

Alloh taolo aytadi: “Osmonlar va Erdagi bor jonzot (Qiyomat Kunida) Rahmon (huzuriga) boʻyinsungan holda kelur.  U zot ularni sanab-aniqlab qoʻygandir” (Maryam surasi, 93–94-oyatlar). Bu oyatda ham har bir banda Allohning huzuriga yakka-yakka, alohida-alohida kelishi haqida xabar berilmoqda. Ikkinchi holatda esa yakka-yakka emas, jamoa boʻlib Alloh huzuriga keladilar. Bu paytda jamiyat oʻlaroq qilingan ishlar soʻroqqa tutiladi. Ijtimoiy munosabatlar haq ustiga qurilganmi yoki yoʻqligi uchun javob beriladi. Aslida, etakchilikka loyiq, rahbarlikka munosib boʻlgan odam gohida quyi oʻrinda boʻlishi mumkin. Yoki uning aksi. Ana shu kunda bu munosabatlar oʻz oʻrniga qaytariladi. Bu kun Qurʻʻoni Karimda “tagʻobun – almashtirib olish, bir birini aldash” deb atalgan. Tagʻobun – baʻʻzi kishilarning aldanganliklari oshkor boʻlib qoladigan kun. Yaʻʻni, u kunda zolim va mazlumning oʻrni almashadi. Zolimlarning oʻz kuchiga ishonib, aldanib yurgani oshkor boʻladi. Jamiyatdagi har bir narsa oʻz oʻrniga qoʻyiladi. “U sizlarni “Jamlash kuni”ga toʻplaydigan paytni eslang. U kun “tagʻobun” kunidir” (Tagʻobun surasi, 9-oyat).

Xulosa qiladigan boʻlsak, insoniyat oxiratda nafaqat oʻzi uchun balki jamiyat uchun ham, jamiyatdagi adolatsizliklar uchun, jamiyatning buguni yohud kelajagiga taʻʻsir oʻtkazadigan ishlari uchun, yoki jamiyat kelajagiga ijobiy taʻʻsir oʻtkazish, jamiyatni oʻzgartirish imkoni boʻla turib harakat qilmagani uchun ham ummat sifatida, jamoaviy javob beradi.

Bugun islom ummati oʻz oldiga qoʻyilgan ana shu vazifani unutib qoʻydi. Biz faqat oʻzimizni oʻylaydigan, yakka tartibda, xudbinlarcha harakat qiladigan boʻlib qoldik... Jamoa sifatidagi masʻʻuliyatimizni yoʻqotdik.

Alloh hammamizni afv etsin va toʻgʻri yoʻlga yoʻllasin!..

Fuad Harija,

marokashlik yozuvchi va tadqiqodchi.

Oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan tarjima qilindi

 

Mavzuga aloqador