Nuh toʻfoni qaerda sodir boʻlgan?
“Biz Nuhni oʻz qavmiga (paygʻambar qilib) yubordik. Bas, u ularning orasida ellik yili kam ming yil turdi. Bas, ularni zolim (kofir) boʻlgan hollarida toʻfon (balosi) tutdi. Soʻngra Biz unga (Nuhga) va kemadagi hamrohlariga (toʻfon balosidan) najot berdik va uni (barcha) olamlarga ibrat qilib qoʻydik” (Ankabut surasi, 14–15-oyatlar).
Yuqoridagi va boshqa suralarda kelgan oyati karimalar bizga er yuzida boʻlib oʻtgan katta toʻfon haqida bildirmoqda. Shu darajadaki, er yuzining juda koʻp qismini qoplagan va maʻʻlum bir tamaddunga barham bergan.
Qiziq, Qurʻʻonda kelgan bu xabar toʻgʻrisida olimlar nima deydi? Haqiqatan ham shunday toʻfon boʻlganini eʻʻtirof qiladimi? Mavzuga oid qarashlari qanday? Quyida mazkur hodisaning mutaxassislar tomonidan qay tarzda isbot qilinganiga toʻxtalamiz.
Bir hazora dafʻʻatan, yaʻʻni tabiiy ofat, tez surʻʻatdagi koʻchish yoki jang natijasida yoʻq boʻlsa, unga doir izlar ancha yaxshi saqlanadi. Chunki bunday holatlarda odamlarning yashagan joylari, kundalik hayotda foydalangan buyumlari qisqa muddatda tuproq ostida qoladi va uzoq vaqt qoʻl tegmasdan saqlanadi. Kun yuziga chiqqanidan soʻng esa oʻtmish haqida muhim maʻʻlumotlar beradi.
Nuh toʻfoni bilan bogʻliq bir qator dalillar ham shunday yuzaga chiqqan. Miloddan taxminan uch ming yil oldin roʻy bergan toʻfon butun hazorani bir lahzada mahv etib, oʻrnini tamoman boshqa tsivilizatsiya egallashiga yoʻl ochgan. Shu tarzda hodisaga tegishli dalillar ibrat olishimiz uchun ming yillar mobaynida saqlanib qolgan.
Mesopotamiya tekisligini qoplagan toʻfonni oʻrganish uchun bir qator qazilma ishlari olib borilgan. Hududdagi Mesopotamiyaning asosiy shahalaridan boʻlgan Ur, Uruk, Kish va Shuruppakda shiddatli toshqindan qolgan alomatlar topilgan. Olib borilgan arxeologik qazishmalar mazkur shaharlarning taxminan miloddan uch yuz ming avval toshqin ostida qolganini koʻrsatadi.
Ingliz arxeologi Leonard Vulli Bagʻdod va Fors koʻrfazi oʻrtasidagi choʻlda Britaniya muzeyi va Pensilʻvaniya universiteti hamkorligida olib borilgan qazishma ishlariga rahbarlik qildi. “Riderz Dayjest” jurnalida Vullining izlanishlari shunday bayon qilinadi: “Qazishma boʻlayotgan hududda chuqurlikka tushib borilgach, juda muhim topilma – Ur qirollarining qabri topildi. Arxeologlar Shumer qirollari va oliynasab kishilar dafn etilgan dahmada afsonaviy sanʻʻat asarlariga duch kelishdi. Nayzalar, qilichlar, musiqa asboblari, oltindan, qimmatbaho toshlardan qilingan osori atiqalar...
Ishchilar loy bosgan gʻishtlar oralab yana bir metrcha pastga tushishdi va topilmalarni chiqara boshlashdi. Keyin esa hammasi birdaniga toʻxtadi. Bundan bu yogʻiga hech narsa yoʻq, faqatgina suv olib kelgan toza loy bor edi, xolos...
Vulli qazishda davom etdi. Ikki yarim metrlik gil qatlamidan oʻtib, pastga tushishdi va ishchilar oʻsha davr kishilari qayroqtoshdan yasagan buyumlar, kosa va qozon parchalarini koʻrishdi. Toza loy ostida esa bir hazora qolib ketgani ayon boʻldi. Bularning hammasi mintaqada suv toshqini maydonga kelganining tasdigʻi edi. Shuningdek, mikroskopik tahlillar qalin gil qatlami qadimgi Shumer tsivilizatsiyasini yoʻq qiladigan darajadagi katta va shiddatli toshqin oqibatida toʻplanganini koʻrsatdi”.
Qazishma ishlari soʻngida ser Vulli shunday xulosa qildi: “Bir vaqtning oʻzida hosil boʻlgan bunday katta loy qatlami oʻta kuchli toshqindan darak beradi. Bu afsonaviy Nuh toʻfonining qoldiqlari boʻlishi mumkin”.
Olmon arxeologi Verner Keller ham mazkur qazishmaning natijasini bunday ifodalaydi: “Mesopotamiyada olib borilgan tadqiqotlarda loy qatlamining ostidan shahar qoldiqlari topilishi bu erda sel boʻlganini isbotladi”.
Endi esa olimlar eʻʻtirof etgan olamshumul toʻfonga oid 1400 yil oldin Qurʻʻon bildirgan xabarlarga nazar tashlaymiz:
«Nuhga vahiy qilindi: “Qavmingdan (hozirgacha) imon keltirganlaridan boshqa hech kim endi imon keltirmas. Bas, ularning qilayotgan ishlari tufayli tashvish chekma! Bizning kuzatuvimiz va vahiymiz (amrimiz) bilan kemani yasagin va zulm qilganlar haqida Menga (asrash toʻgʻrisida) xitob qilmagin! Ular, albatta, gʻarq qilinuvchilardir!”» (Hud surasi, 36–37-oyatlar);
«U (kema) ularni togʻlardek toʻlqinlar ichida olib borar ekan, Nuh chekkada turgan (Kanʻʻon ismli) oʻgʻlini chaqirib dedi: “Ey oʻgʻilcham! Biz bilan birga (kemaga) mingin! Kofirlar bilan birga boʻlmagin!” U (oʻgʻli) dedi: “Meni suvdan saqlaydigan biror toqqa (chiqib) panoh toparman”. (Nuh) dedi: “Bugun U rahm qilganlardan boshqasiga Allohning amridan saqlab qoluvchi (hech qanday kuch) yoʻqdir”. (Shu payt) ikkisining oʻrtasini bir toʻlqin toʻsdi va (oʻgʻli) gʻarq qilinganlardan boʻldi. (Soʻngra) aytildi: “Ey Er! Suvingni yutgin! Ey osmon! Oʻzingni tutgin (yogʻishni bas qil!)” Suv quridi, buyruq ado etildi va (kema) Juvdiy (togʻi) uzra qoʻndi hamda “Zolimlar qavmiga – halokat!” deyildi» (Hud surasi, 42–44-oyatlar).
Qurʻʻoniy xabar bilan olimlarning xulosalari bu qadar muvofiq kelishi nimani bildiradi? Qurʻʻon Allohning kalomi ekanligini inkor etadiganlar uning 1400 yil oldin mazkur toʻfondan xabar berganini nima bilan izohlashadi? Odam bolasining oʻzidan-oʻzi minglab asrlar oldin boʻlgan toshqin haqida xuddi koʻrib kelgandek gapirib berishi mumkinmi? Boshqa masalalarda olimlarning soʻzini dalil sifatida tan oladigan kimsalar Nuh toʻfoni borasidagi bu qadar ilmiy ochiqlama oldida koʻzlarini yumib, quloqlarini berkitishadimi?
Haqiqat shuki, ilm yana bir bor Qurʻʻonni tasdiqladi va olimlar Qurʻʻonda kelgan maʻʻlumotlarning toʻgʻriligini oʻz xulosalari bilan isbotlashdi.
Bir soʻrov bilan soʻzimizni yakunlaymiz: ummiy boʻlgan bir zot qoʻlidagi kitobga tayanib, asrlar oldin yuz bergan toshqindan koʻrib turgandek darak berdi. Soʻngra bu xabar yuz yillar oʻtib davrining butun tarixchilari, arxeologlari tomonidan tadqiq qilinib, tasdiqlandi. Shunda ham bu inson oʻtmishu kelajakdan xabardor Allohning paygʻambari va qoʻlidagi kitob esa U Zotning farmoni ekanligidan shubhalanishimiz toʻgʻrimi?