09.10.2025 15:19
766
“Odamlar oʻrtasida adolat bilan hukm qiling!”
«Assalomu alaykum, ushbu zalda hozir boʻlganlar.
Men, Mubashshir Ahmad 5 oy oldin boshlangan tergov jarayoni va sud majlislarida Jinoyat kodeksining 3 ta moddasi boʻyicha ayblanyapman.
Garcha advokatlarim diniy qoʻmita ruxsatisiz diniy material tarqatishga doir ayblovlarni bekor qilishni soʻragan boʻlsa ham, men shunday materiallar tarqatganimni tan olaman.
Chunki men bu paytda Turkiyada boʻlganman: buning uchun Oʻzbekistondagi idoradan ruxsat soʻrash kerakligini bilmaganman va bunga jismonan imkonim ham boʻlmagan.
Qolgan ikkita ayblovlar (jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallar tarqatish va milliy adovat qoʻzgʻatish) boʻyicha tergovda ham aybim yoʻqligini aytganman. Sud jarayonlarida ham bu ayblovlar oʻz isbotini topmaganini koʻrdik. Hozir ham bu ayblovlarga qoʻshilmayman.
Endi ayrim mulohazalarimni aytsam.
Dinimizda ham, hayotimizda ham biror ishni bajarganda oʻsha insonning niyati va qasdi juda muhim hisoblanadi.
Masalan, kishi oʻz oilasini boqish uchun pul topaman, deb ishga borib kelsa ham savob oladi.
Xuddi shuningdek, insonlar orasidagi munosabatlarda ham ishlar niyatlarga bogʻliqdir. Men yozgan barcha ishlarim, maqolalarimda niyatim xolis boʻlgan, odamlarga yaxshilik ulashish edi.
Xususan, ayblov qoʻyilgan materialda (Isroilning Gʻazodagi genotsidiga doir) ham odamlarning, ayniqsa yoshlarning ketib qolishi oldini olish, vaziyatni tushuntirish maqsad qilingan edi.
Milliy adovat qoʻzgʻatish haqidagi ayblovlarga ham qoʻshilmasligimning sababi bor. Chunki men doim millatlararo totuvlikka chaqirganman. Riyo uchun emas, sud buni hisobga olishi uchun bu borada qilgan 2 ta katta ishimni aytsam.
Birinchisi. Bir necha yil oldin Nukusda odamlar namoyishlarga chiqib, «Qoraqalpoq voqealari» deb nomlangan voqealar boʻlib oʻtdi. Shunda Oʻzbekiston Prezidenti administratsiyasining iltimosiga koʻra, murojaat bilan (https://kun.uz/80806384) chiqib, ikki xalqni totuvlikka va birdamlikka chaqirdim. Nizo va fitnalarni toʻxtatishni iltimos qildim.
Ikkinchi holat. 2019 yilda oʻsha davrdagi Matbuot va axborot agentligi bosh direktori oʻrinbosari lavozimida ishlagan bir ayol ijtimoiy tarmoqlarda Paygʻambarimiz alayhissalomni haqorat qilgani bilan bogʻliq voqea tarqaldi. Bu jamiyatda keskin va juda qattiq reaktsiyalarni keltirib chiqardi, ayolga tahdid qilishni boshlashdi.
Shunday vaziyatda ham Prezident administratsiyasining iltimosi bilan men oʻzimizning Azon.uz saytimizga u ayolni chaqirib, u bilan suhbatlashib, asl maqsadi va vaziyatni tushuntirib berdik. Oʻshanda juda katta yukni boʻynimizga oldik va turli fitnalarning oldi olinishiga erishdik.
Yana bir bor qaytaraman, bularni men riyo uchun emas, balki faoliyatimdagi niyatim doim yaxshilik va totuvlik boʻlganini sudga bildirish, eslatish uchun aytyapman.
Bundan tashqari sudya hukm chiqarishda salomatligimni ham inobatga olishini soʻrayman: men 21 yildan buyon qandli diabet (saxar) kasalligidan aziyat chekaman.
Buyraklarim yaxshi ishlamaydi, baъzida yaxshi koʻrinadi, lekin baъzida oyoqlarim shishib ketadi. Oilam va 7 nafar farzandim bor. Ularning taъminoti mening boʻynimda.
Shu kunga qadar xalqimiz va yoshlarning diniy-maъrifiy sohada ilm olishlari uchun harakatlarim ham davom etmoqda. 10 jilddan iborat «Sochilgan durlar» nomli Qurъoni Karimning tafsirini boshlaganman.
Buyuk ajdodimiz Imom Buxoriy qalamiga mansub «Sahihi Buxoriy» toʻplamining ham tafsir va tarjimalarini boshlab qoʻyganman. Bu ishlarni oxiriga etkazib, xalqimiz uchun yangi maъnaviy ozuqalarni berishni niyat qilganman.
Men oʻzimni qanday oqlashimdan qatъiy nazar, bu ishda hukmni sudya chiqaradi. Sizdan hukm chiqarishda yuqorida aytganlarimni inobatga olishingizni soʻrayman.
Soʻzimning oxirini Allohning kalomi bilan yakunlayman: «Odamlar oʻrtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qiling. Alloh hamma narsani koʻrib, bilib turguvchidir».
Mubashshir Ahmad,
2025 yil 8 oktyabr,
JIB Uchtepa tuman sudi
Manba: Kun.uz



