30.03.2024 15:27

Ramazon mohiyatini angladikmi?

Iftorlikka patir olib, novvoyxonadan chiqayotganimda: “Bir dona non bering”, degan mahzun sas qulogʻimga chalindi. Ovoz kelgan tomonga qaradim – ust-boshi yupun, oyogʻidagi elim shippagi edirilib ketgan ayol muztargina turardi. Yuragim qalqib ketdi. Elim xaltadagi issiq patirdan taralayotgan taft otash kabi butun vujudimni yondirardi. Na ortga qaytishni, na oldinga yurishni bilmay qoldim...

Yaqinlarimizdan biri, qoʻshnimiz, mahalladoshimiz, yurtdoshimiz va yoki bir notanish odam hozir och, chanqoq, yolgʻiz, bemor, qarovga muhtoj boʻlishi mumkin. Biz esa “Shu chogʻda ham kambagʻal, ehtiyojmand qoldimi?” deb hayratlanamiz. Dasturxon tuzaganimizda shirinu nordon, achchigʻu shoʻr, quyugʻu suyuq, foydaliyu zararli demay, isrofu uvolni oʻylamay eguliklarni toʻkib tashlaymiz. Iftorlik oʻtkazishda kimoʻzar musobaqalariga kirishganmiz. Unga qorni toʻqlarni chaqiramiz. Iftorlik, ehson kabi Alloh roziligi uchun qilinajak ishlardan qoʻlimiz qanchalik uzunligini koʻz-koʻzlash uchun foydalanamiz.

Baʻʻzan nomdor emakxonalarda iftorlik beramiz. Oʻyga tolasan kishi: emakxonada, hammaning koʻz oʻngida iftorlik berib savob olmoqchi boʻlganlar riyoga yoʻl qoʻyishayotgani haqida mulohaza qilishmaganmikan? (Bu holatlarda shom namozini erkaklar emakxona atrofidagi masjidlarda ado etishsa ham, ayollar ibodati qazo boʻlishi haqida indamadik). Ayrimlar iftorlik dasturxonlarini suratga olib, internetdagi shaxsiy sahifalariga joylashtirib, “yoqdi” yigʻib “shuhrat” qozonishmoqda...

Bolaligimda onam qoʻlimga pul tutqazar, tilanchini koʻrsatib tayinlardilar: «Oʻsha boboga berib kel. Duo qilsa, niyatlaringni aytib “Omin” degin». Men ham jon deb turardim. Goʻyo favqulodda katta ishni bajarganday, dadamga maqtanganimda, onam: “Sadaqa berganingni hammaga aytsang, niyatlaring ijobat boʻlmaydi”, degandilar. Shu-shu tilanchiga pul berganimni aytib hech kimga maqtanmay qoʻydim. Bolalikning ishonchi, ixlosi, ijrosida riyo boʻlmaydi. Biroq katta boʻlganimiz sari amallarimiz vaznini “Odamlar nima deydi?!” degan oʻy bilan oʻlchaymiz. Atrofdagilarga yoqish, kimligimizni koʻrsatish ilinji amallarimizni riyoga qorishtiraveradi.

Qaniydi istagimiz faqat Alloh roziligi boʻlsa! Koshki amallarimiz odamlar maqtoviga emas, Rabbimiz marhamatiga muvaffaq boʻlish uchun bajarilsa! Kimsaga bildirmay muhtojlarga yordam qoʻli uzatilsa!..

Shifoxonalarda bir kunlik dori-darmonni falon pulga sotib olayotgan, farzandini davolash uchun bor-bisotini sotib, kamiga qarzga botganlar koʻp. Toʻlov-shartnoma asosida oʻqiyotgan talaba jiyanimiz, necha yildan beri uyi tomini yopolmayotgan ukamiz, roʻzgʻor, bolalari tashvishidan ortib davolanishni paysalga solayotgan opa-singlimiz koʻz oldimizda yashayapti. Biz dabdaba bilan yozayotgan saharligu iftorlik dasturxoniga sarflanayotgan pullar ana oʻshalarning mushkulini oson qilishi mumkin. Biz esa savobni uzoqlardan, qorni toʻqlardan izlash bilan ovoramiz.

Aslida keksa, parvarishga muhtoj, yolgʻizlar holidan xabar olish, uy-joyini supurib-tozalab, bir qoshiq ovqat bilan koʻnglini olish; kichkina bolalari bilan taʻʻmirtalab uy-joyini epaqaga keltirolmayotgan bevalar hojatini ravo qilish; elektr energiyasi, tabiiy gaz, soliq va boshqa toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlash, qoʻni-qoʻshnichilik haqiga rioya qilish ham savob. Shunday toʻlovlarga qurbi etmay, qoʻli kaltaligidan boshi xam odamlar yoʻq emas. Masʻʻul idoralardan vakil kelib eshigini taqillatsa, “tomosha”ga oshiqamiz. Shundaylarga yordam berib, qarzini uzib qoʻyish ham savob aslida...

Tafti olovday qoʻlimni kuydirayotgan patirga qarab oʻyga toldim: hozirgina guvohi boʻlganim voqea muborak oy haqini munosib oʻtay olmayotganimni koʻrsatdi. Qoʻlimdan kelaturib ehtiyojmandlarga yordam berolmaganim, bermaganimni oʻylab oʻzimni taftish qilyapman. Siz-chi, aziz zamondosh, Ramazon oyi mohiyatini anglay oldingizmi?

Umida Adizova

Mavzuga aloqador